Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jinsi matosiga talab yuqori, ammo uning ekologiyaga zarari undan ham katta

Jinsi matosiga talab yuqori, ammo uning ekologiyaga zarari undan ham katta

foto: internet, ochiq manba

Inson tomonidan tabiatga tahdid solinayotgani sir emas. Sanoat chiqindilari, ozon qatlamini yemiruvchi aerozollar, 100 yildayam chirimaydigan yelim idishlar, zaharli baktareyalar – bularning barchasida insoniyatning yaxshigina hissasi bor. Endi biz jinsi matoni ushbu ro‘yxatga ishonch bilan qo‘shishimiz mumkin, ya’ni ma’lum bo‘lishicha, ushbu mato ekologiyaning buzilishiga katta ulush qo‘shadi.

Dunyodagi eng qimmat, eng kuchli va zaharli avtomobil – Bugatti Chiron. 1500 ot kuchiga ega ulov bosib o‘tgan har bir kilometrda 516 gramm CO2, ya’ni atrof-muhit uchun zararli bo‘lgan gaz ishlab chiqaradi. Jinsi matosini ishlab chiqarish esa xuddi shu mashinaning 26 kilometrga teng miqdordagi zaharli gazdek atrof-muhitga zarar keltiradi.

Faqat bir dona klassik jinsi shim ishlab chiqarilayotganda havoga 13 kg karbonat angidrid tarqaladi. Katta daraxtning CO2 dan qutulishi uchun 4,5 oy kerak bo‘ladi. Endi tasavvur qiling-a, har yili insoniyat 4 milliard juft jinsi shimlar ishlab chiqaradi, bu esa havoga 52 million tonna CO2 chiqishini anglatadi.

Lekin bu hammasi emas. Bunday mahsulotlarning atigi bir donasini ishlab chiqarish uchun ishlab chiqaruvchi 10 kilogrammgacha kimyoviy bo‘yoq va 8 ming litr suv sarflaydi.

Jinsilar bilan bog‘liq eng katta muammo – ular uchun yetishtiriladigan paxta. Bu qishloq xo‘jaligi ekinlari juda ko‘p suv iste’mol qiladi va katta maydonni egallaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, sayyoramizning 150 million gektarini paxta egallaydi. Masalan, Hindistonda 1 kg paxta yetishtirish uchun 22,5 ming litr suv sarflanadi.  

Jinsi matosidan kiyim ishlab chiqarish bilan bog‘liq ikkinchi global muammo – bu bo‘yoqlar. Qanchalik g‘alati tuyulmasin, matolarni bo‘yash texnologiyasi 150 yil davomida o‘zgarmagan va hali ham juda ko‘p miqdorda suv, ko‘p miqdorda zaharli moddalardan tashkil topgan bo‘yoqlarni talab qiladi.

Mato gidroksid birikmalar yordamida oqartiriladi va konveyer bo‘ylab harakatlanayotganda iplarning ishqalanishini kamaytiradigan maxsus birikma bilan ishlanadi. Bu holda hatto bitta ipning uzilishi haqiqiy falokatga aylanadi – taxminan 700 metr matoni o‘z ichiga olgan rulon yaroqsiz bo‘lib chiqadi.

Matodagi tola ichiga bo‘yoq yaxshi kirishi uchun gidrosulfat eritmasi ishlatiladi – bu bo‘yoq zarralari hajmini kamaytiradi.  52 metrli matoni bo‘yash uchun 95 ming litr suv ketadi.

Mashhur jinsi matosi ishlab chiqaradigan ba’zi kompaniyalar qayta ishlangan suvdan foydalanadilar, uni maxsus qurilmalar bilan tozalaydilar. Ammo barcha ishlab chiqaruvchilar bunday uskunani sotib olishga qodir emas. Eng arzon jinsi shimlar ishlab chiqaradigan kompaniyalar, shuningdek, qalbaki mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘plab ustaxonalar ko‘k bo‘yoqli suvni eng yaqin daryoga to‘kib tashlashadi. Mashhur brendlarning zavodlaridan suv butunlay xavfsiz bo‘lib qoladi, deb aytish ham mumkin emas – u texnik, ichish va sug‘orish uchun yaroqsiz bo‘lib qoladi.

To‘g‘ri yangi, xavfsiz bo‘yash texnologiyasi Ispaniyada yaratildi. Ya’ni Tejidos Royo  kompaniyasi atigi 8 metr uzunlikdagi va daqiqada 36 litr suv sarflaydigan noyob bo‘yash liniyasini ishlab chiqdi. Shu bilan birga, texnika bu vaqt ichida 19 emas, balki 27 metrgacha jinsi matoni bo‘yash imkonini beradi. Quruq bo‘yash odatdagidan farq qiladi. Texnologiya boshqa kimyoviy moddalardan, jumladan, xavfli vodorod sulfatdan foydalanmaydi. Bu nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilishga yordam beradi, balki ishlab chiqaruvchilarga katta miqdorda pul tejaydi.

Ushu matoning ishlab chiqarilishida yana bir muammo – chiqindilar. Birgina Amerikada har yili kamida 13 million tonna kiyim-kechak chiqindixonalarga yuboriladi, ularning aksariyati jinsi matodan qilingan. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, paxta buyumlari va chiqindilarining 95 foizigacha qayta foydalanish mumkin, bu atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytiradi.

Yechim: lazer va ozon

2017-2018 yillarda bir nechta kompaniyalar jinsi shimlarni yakuniy qayta ishlash uchun yangi texnologiyalarni joriy qildilar. Toshlar bilan yuvish o‘rniga lazer ishlatila boshlandi, bu nafaqat suvning kimyoviy ifloslanishini yo‘q qiladi, balki jarayonni tezlashtiradi, bu esa ishlab chiqaruvchilarning pulini tejaydi. Ilgari 20-30 daqiqa davom etgan yuvish 90 soniyali lazer bilan ishlov berish bilan almashtirildi.

Kimyoviy moddalar bilan dag‘alligi yo‘qotiladigan jinsi matoni ozon bilan yupqalashtirish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa yuvish uchun ishlatiladigan suv hajmini 50-60 foizga kamaytiradi.

Bundan tashqari, Turkiyadan Pokistongacha kuchli to‘qimachilik sanoatiga ega bo‘lgan rivojlanayotgan mamlakatlarning moda brendlari ham ekologik texnologiyalarni tatbiq eta boshladi. Nihoyat, pemza o‘rniga sintetik toshlardan yuvish jarayonida tobora ko‘proq foydalanilmoqda, ular suvni ifloslantirmaydi.

Yuqorida sanab o‘tilgan texnologiyalarning aksariyati allaqachon barcha global ishlab chiqaruvchilar tomonidan faol foydalanilmoqda. Siz sifatli jinsi shimlar sotib olsangiz organik va qayta ishlangan paxta aralashmasidan tayyorlangan, ozon bilan yuvilgan va lazer bilan ishqalanadigan ekologik toza mahsulotga ega bo‘lasiz.

Bularning barchasi millionlab litr suvni tejash, yuz minglab tonna kimyoviy moddalarsiz ishlash, energiya sarfini kamaytirish va ishchilarning sog‘lig‘ini himoya qilish imkonini beradi. Sanoat gigantlari ishlab chiqarishni qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tkazib, CO2 emissiyasini kamaytiradi.

Ammo quvonishga hali erta. Chunki jinsi matosiga talab hech qachon susaymagan. Rivojlangan texnologiyalar bir taraf, qalbaki, sifatsiz mato ishlab chiqaradigan kompaniyalar bir taraf. Qolaversa aholi soni ham yildan yilga oshib bormoqda. Demak ushbu matoga talab yuqori ekan, paxta yetishtirish maydonlari hali veri qisqarmaydi. Bu degani 1 kg. paxta yetishtirish uchun 20 ming litrdan ortiq, bitta shim ishlab chiqarish uchun 8 ming litr suv isrof bo‘layapti, degani. Olimlar esa muammoning yechimini ikkinchi qo‘l bozorini rivojlantirishda ko‘rmoqda. Ya’ni bir juft jinsi shim 120 marta yoki  undan ko‘proq kiyilsa atrof-muhitga zarari kamroq bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring