Kongoda Ebola virusi: 80 kishi vafot etdi
Kongo Demokratik Respublikasining Ituri viloyatida Ebola virusi tarqalishi oqibatida kamida 80 kishi vafot etdi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha 246 ta ehtimoliy kasallanish holati qayd etilgan.
14-may kuni o‘tkazilgan tahlillar natijasida Rvampara, Mongvalu va Buniya hududlarida Ebola virusining 8 ta holati rasman tasdiqlangan.
Ma’lum qilinishicha, ilk holat Buniya shahridagi Yevangelik tibbiyot markazida aniqlangan. U yerda isitma, qon ketishi, qusish va kuchli holsizlik alomatlari kuzatilgan hamshira vafot etgan.
Kongo hukumati jamoat salomatligi bo‘yicha favqulodda vaziyatlar markazini ishga tushirib, epidemiologik va laboratoriya nazoratini kuchaytirgan. Shuningdek, hududlarga maxsus tezkor guruhlar yuborilmoqda.
Afrika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (Africa CDC) esa Uganda va Janubiy Sudan bilan chegaradosh hududlarda vaziyat jiddiy ekanini bildirib, mintaqaviy favqulodda yig‘ilish chaqirilishini ma’lum qildi.
Mutaxassislar dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aniqlangan virus shtammi avval kuzatilgan «Zair» shtammidan farq qilishini aytmoqda. Hozirda virusning genetik tarkibi to‘liq o‘rganilyapti.
Eslatib o‘tamiz, Ebola virusi birinchi marta 1976-yilda aynan Kongoda aniqlangan. Hozirgi holat mamlakat tarixidagi 17-epidemiya hisoblanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter