Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Koronavirusga qarshi kim samarali kurashmoqda — Turkiya yoki Germaniya? «Nyu-York tayms» xatosini tuzatdi

Koronavirusga qarshi kim samarali kurashmoqda — Turkiya yoki Germaniya? «Nyu-York tayms» xatosini tuzatdi

Dunyo matbuoti gigantlaridan biri – The New York Times gazetasi Turkiya rasmiysining e’tirozli maktubi ortidan o‘z xatosini to‘g‘riladi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar beradi.

Gap shundaki, joriy yil 1 may kuni The New York Times tahririyati nomidan «In a Crisis, True Leaders Stand Out» (Inqirozda haqiqiy yetakchilar bo‘y ko‘rsatmoqda) nomli maqola e’lon qilingan. Maqolada dunyo miqyosida COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha muvaffaqiyatli holatlar, xususan, Germaniya tajribasi bayon etilgan. Maqolada Turkiyaning bu boradagi muvaffaqiyati inobatga olinmagan. Shundan keyin Turkiya prezidenti huzuridagi Matbuot va kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun gazetaga ochiq xat yo‘llagan.

Gazetadagi maqolada Germaniyada koronavirusga qarshi kurash samarali yo‘lga qo‘yilgani bois o‘lim darajasi juda past ekani qayd etilgan. Professor Altun esa o‘z maktubida o‘lim darajasi Turkiyada Germaniyadan ham ikki baravar kamligi, bu esa Yevropadagi eng past ko‘rsatkich ekanini asoslagan.

Ta’kidlanishicha, Turkiya koronavirusga qarshi kurash strategiyasini yaratish uchun yetakchi tibbiyot mutaxassislaridan iborat ilmiy kengash tuzgan. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ma’muriyati mamlakatni pandemiyaning ilk kunlaridanoq soha mutaxassislari tavsiyasiga muvofiq boshqarmoqda. Hozirda mamlakatda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 70 mingga yaqinlashdi.

Qayd etilishicha, The New York Times gazetasi o‘z xatosini to‘g‘rilagan holda, Faxriddin Altunning maktubini chop etgan.

Bundan avvalroq Turkiya prezidenti huzuridagi Matbuot va kommunikatsiya boshqarmasi rahbari rasmiy Anqara koronavirusga qarshi kurash doirasida dunyoning 60 ga yaqin mamlakati, jumladan, AQShga insonparvarlik yordami jo‘natgani haqida ma’lum qilgan edi.

Professor Altunga ko‘ra, insonparvarlik yordamidan aslo siyosiy g‘araz ko‘zlangani yo‘q, zero, musibatzadalarga ko‘makka oshiqish va yelkadosh bo‘lish asrlar mobaynida Turkiya xalqining fazilati bo‘lib kelgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring