Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Madaniyatni bilgan odam...» Ahmoqona tomosha tugadimi?

«Madaniyatni bilgan odam...» Ahmoqona tomosha tugadimi?

Islom dinidagi beshta farzdan biri har yili bir oy ro‘za tutishdir. Dinimizda ro‘zadorning odoblari aniq-tiniq belgilab berilgan. Ya’ni, kim ro‘za tutib, Allohning ibodatini amalga oshirsa, u o‘zini boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun ham odobli, bosiq va xushmuomala tutishi lozim. Ro‘zadorning tilidan har xil keraksiz gaplar chiqmasligi, ro‘za tutgan kishi g‘iybat, chaqimchilik kabi ishlardan uzoq bo‘lishi, haqoratli gap-so‘zlarni, umuman, gapirmasligi lozim. O‘zga ro‘zadorlarni ham hurmat qilishi, ularga shirin so‘zlashi, mushkullarini oson qilib berishi kerak. Xullasi kalom, bu muborak oyda musulmonlar nafaqat belgilangan vaqt oralig‘ida yeb-ichishdan, balki jismonan, qalban va ruhan yomonliklardan tiyilishlari kerak.

Afsuski, buni barcha ham anglab yetavermaydi. Telegram kanallarida tarqalgan qo‘shiqchi Abdulla Qurbonovning hamkasbi Jahongir Otajonovga yo‘llagan o‘ziga xos javobini eshitib, bunga yana bir bor amin bo‘ldim.

Avvalo, Abdulla Qurbonov shou-biznes (san’at deyishga tilim bormadi) olamidagi eng ziddiyatli shaxslardan biri ekanligi ko‘pchilikka ma’lum. «Million» jamoasining aynan shu qo‘shiqchi timsolidagi hazillari ko‘z oldimga keldi. O‘shanda qo‘shiqchining o‘zi birinchi qatorda o‘tirvolib hazillarga tizzalariga urib kulgan edi. So‘ngra, meni masxara qilishdi..., deya «Million»chilarga iddaolar qilib, ularning ham ancha-muncha sirlarini «chochib» tashlagandi. Ha, endi, shou-biznes olami shu-da, shu yo‘l bilan ham ular o‘zlarini reklama qilishadi, degandi ko‘pchilik. Lekin bu safargisi hammasidan oshib tushdi nazarimda...

J.Otajonovning telegramda tarqatilgan va Qurbonovning jahlini chiqargan videosini qayta-qayta eshitdim. Aytarli yomon gap yo‘q. Aftidan u «The Cover Up» loyihasidagi kastingida qatnashgan «qo‘shiqchilar»ga qarata murojaat qilgan. Bejiz qo‘shiqchi so‘zini qo‘shtirnoqqa olmadim, sababi xonandalikka da’vo qilib kastingda uquvsizlarcha baqirib kuylagan qizlarning videolarini men ham ko‘rib, ochig‘i, qotib kulgandim. Lekin bu yerda u qizlarning aybi yo‘q, ular shunchaki kuylashni istashadi va kastingga kelishgan. Endi ularni telegramda tarqatib, ommaga sharmanda qilish kasb etikasiga qanchalik to‘g‘ri kelishi yoki kelmasligini baholash «The Cover Up»chilarning vijdoniga havola. Chunki buni ulardan boshqa kim ham tarqatardi va bu alohida mavzu.

«Xurshittikida iftorlida o‘tiruvdik, jonli ijrolani ko‘rib...» – deydi Otajonov videomurojaatida. Ana xolos, ular ofisda yoki shunchaki gapda emas, IFTORLIKDA! Demak, ro‘za tutishgan, ro‘zador... Maqolam mohiyatini anglagandirsiz.

Shu o‘rinda yana bir gap: yaqindagina «Abdulla Qurbonov Makkada butun O‘zbekiston haqqiga duo qildi!» sarlavhasi bilan video tarqalgan edi. Unda qo‘shiqchi A.Qurbonov bir necha hamyurtlarimiz qurshovida roppa-rosa 7 daqiqa duo qilgani aks etgan. Mayli-da, qarg‘agandan duo qilgan yaxshi. Shunday joyda, qanchadan-qancha farz amallaridan ortib duo qilishga vaqt topibdimi, baraka topsin. Bunga har kim o‘zicha baho ham berib bo‘ldi. Ammo-lekin duodan keyingi «siylovi» ham «san’atkorona» bo‘lganki, bu endi muhokamali mavzu. Tag‘in muborak Ramazon oyida, har bir musulmon borishni orzu qilgan muqaddas joyda turib. Qiyin bo‘lsa ham uning gaplarini aynan ko‘chirishga harakat qildim:

«Kimidi bu ashulachi, qachondan odam bo‘pqoldi bu hayvon, oldin bilvosin yaxshiligini, oldin ishlashshi bilvosin, – gap boshlaydi xonanda Qurbonov. – Ovvolombor, birinchi bo‘lib Qur’onni qanaqib o‘qishshi o‘rganvosin keyin gaplashaman bu bola bilan».

Qiziq, mavzuga Otajonovning Qur’onni qanday o‘qishining nima dahli bor? Yoki Qur’onni bilish, chiroyli o‘qiy olish odamga og‘ziga kelganini gapirish huquqini beradimi? Undaymasdirov!

Xonanda davom etadi: «Etila iltimos sal mukkasidan chiqib ketib qoptiyu bu bola, hov Shukur aka, Botir telegramiga tashlavorila mashi gaplarimi... hoy o‘zingga kevol ov Johon ov, Toshken yoqmayapgan bo‘sa borginda Xorazmingda yasha, o‘shatta Xorazmda. Ha Toshkenni puli sani qutirtirvoribdiyu Johon, chustveni bilvo hov, o‘rnini bil o‘, valdir-vuldir qivurma o‘zingcha, kim bo‘senam, tushindina. Birinchidan ramazonni hurmati, ikkinchidan yotvolib bu, xalq bilan yotvolib gaplashib bu rostakasim qutirganimasmi hov, okala, hov Zokir... Botir, Aziz, sanla bilasanla shekili uni telefonini, telefon qilib gapirmislami hov qadrdonlarim.»

Qoyil, birinchidan, odamlarni bir-biriga gij-gijlash, o‘rtaga adovat solish qanchalik gunohligini bilarmikin bu qo‘shiqchi? Menimcha yo‘q, bilganida Botir, Aziz degan aybsiz insonlarni Otajonovga qayramagan bo‘lardi. Ikkinchidan, «Toshken yoqmayapgan bo‘sa borginda Xorazmingda yasha» deyishga Qurbonov qanchalar haqli?! Unga kim vakolat berib qo‘ydi bu gapni ayta olishga? Yoki viloyatliklarning Toshkentda yashash-yashamasliklarini u hal qiladigan bo‘lib qoldimi? San’atkorning vazifasi o‘zining qo‘shiqlari bilan xalqni birlashtirishmi yoki mahalliychilik urug‘ini sepishmi? «Toshkenni puli Otajonovni qutirtirvorgan» ham deylik, nima poytaxtlik (A.Qurbonovning o‘zi ham) qo‘shiqchilar viloyatlardagi to‘ylarga tekinga borishmayotgandir... Qurbonov tag‘inam Ramazonni hurmat qilibdi, aks holdaaaaaa...

Audiomurojaat yana davom etadi: «xalq bilan yotvolib gaplashib, hammayoda gapirishvotti bu bola kim deb uje, Ka’bada uje hozir gapirishvotti bu okala tushunvoslami...»

Astag‘firulloh, devordim shu joyini eshitib. Makkai Mukarramaga Umra ziyoratiga borgan  yurtdoshlarimiz Alloh bilan ruhan yaqinlashib, gunohlardan poklanish o‘rniga, Abdulla Qurbonov tili bilan aytganda, shou-biznesni «obsujdat» qilishgani qaysi aqlga sig‘arkin.  Magarki, xonandaga shuni aytishgan ham deylik, nega u «Birodarlar, men dunyo hoyu havaslarini bir chetga surib, bu yerga poklanish uchun kelganman, bu yerda dunyo masalalarini muhokama qilmaylik, ziyoratimizni bekamu ko‘st bajarib, sog‘-omon oilamiz bag‘riga qaytishning duosida bo‘laylik», demadi ekan-a? Qoyil qoldingizmi siz ham. Yoki o‘zbek shou-biznesi muammolari Qurbonov zimmasiga yuklanganmidiki, «shunday muhim masal muhokamasi»ga Ka’batulloh ham mo‘nelik qilolmagan?..

Audiomurojaatni eshitib bo‘lmasimdan telegramda yana Abdulla Qurbonov paydo bo‘ldi. Bu safar videomurojaatini «Auzu billahi minash shaytonir rojiym, bismillahir rohmanir rohiym», ya’ni «La’natlangan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh so‘rayman, Alloh nomi bilan boshlayman» zikri bilan so‘z boshlagan xonanda. Bu gal kulishimni ham, kuyishimni ham bilmay qoldim. «Man gruppaga tashaganidimde Johonni o‘rtolarimga tarqatvorila desam ula hammayoqqa qo‘yvorishgan... endi san shuni etgin, Johongir ukam degin, yoki mani nomimdan gapir. U san’atkor, gap bo‘lishi mumkinamas, madaniyatli odam, madaniyatni bilgan odam mundo o‘tirib chiroyli qilib gapiradi... u odamni deb man gap eshittim...»

Avvaliga «Kimidi bu ashulachi» deya J.Otajonovni o‘zicha tanimagan, ovozini eshak ovoziga o‘xshatgan, to‘yxonaga kiyib borgan kiyimini itiga ham kiydirmasligini aytib haqoratlagan qo‘shiqchi bu safar «U san’atkor, gap bo‘lishi mumkinamas, madaniyatli odam» deya Otajonovni alqashni unutmaydi. Qoyilmisiz?

Demak, Qurbonovga o‘zi ishongan do‘stlari pand beribdi-da, ishonmagin do‘stingga, somon tiqar po‘stingga, maqoli san’atkorlar uchun ekanda.

Keyingi paytlarda shou-biznes vakillarining xurmacha qiliqlari ko‘paygandan ko‘payib ketdi. Men mashhurman, og‘zimga kelganini gapiraman, xushimga kelganini qilaman, qabilida o‘ylaydiganlari omma e’tirozlariga sabab bo‘layotgani bor gap. Bir so‘z bilan aytganda, san’atni sanoatga aylantirib bo‘lishdi. Mutasaddilar esa nari borsa vaqtincha litsenziyasidan mahrum qilish bilan cheklanyapti.

Maqolam orqali Abdulla Qurbonov va Jahongir Otajonovni bir-biridan ustun yoki kam qo‘ymoqchi emasman. Ikkalasi ham juda xunuk ish qilishgan.

Abdulla Qurbonovga esa aytar so‘zim shu: Avvalo, ziyoratlarni ado etib, sog‘-salomat oilangiz bag‘riga qaytib keling. Lekin hadeb hissiyotlarga berilavermang. Muqaddas joyda yurtimizga, xalqimizga, bashariyatga yaxshilik tilab duo qilganingiz durust. Ammo o‘zingizga ham insof tilash esingizdan chiqmasin. Aytishadiku, qo‘l yugurigi oshga, til yugurigi boshga, deb. Zero, o‘zbek xalqi donishmand, qo‘ldagi tasbehlarga aldanib qolmaydi!

Usmonjon Yo‘ldoshev,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring