«Mas’ul rahbarlar issiqqina xonalarida bemalol o‘tirishibdi» — Abdulla Aripov gaz va elektr muammosi haqida
Avval xabar berganimizdek, 28-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov rahbarligida gaz va elektr energiya bilan ta’minlashdagi muammolarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Xabar.uz» muxbiri xabar berdi.
Videoselektor yig‘ilishida Bosh vazir ortig‘i bilan gaz, elektr energiya berilayotgan bo‘lsa-da, xalqqacha yetib bormayotganini keskin tanqid qilib, hamma sohada qat’iy hisob-kitob asosida tejamkorlikni yo‘lga qo‘ymas ekanmiz, iqtisodga e’tibor berilmas ekan, birimiz ikki bo‘lmaydi, dedi.
Shuningdek, energoresurslarni tejash, bu borada keng targ‘ibotni yo‘lga qo‘yish zarurligi alohida ta’kidlangan.
«Aholining nostandart isitish qurilmalardan foydalanishi ham turli salbiy holatlarga sabab bo‘lmoqda, – dedi Abdulla Aripov. – 9 holatda 27 nafar fuqaro vafot etgan. O‘tgan yilga nisbatan bunday mudhish holat 1,2 foizga ortgan».
Yig‘ilishda Bosh vazir ijtimoiy soha ob’yektlarini qish mavsumiga tayyorlash ishlari talab darajasida bo‘lmaganini qayd etdi.
«Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi 2 ming 558 ta maktablardagi eski qozonlardan 453 tasi (18 foizi) energiya samarador isitish qozonlariga almashtirilmagan. Natijada, ob-havoning keskin pasayib ketishi sababli, ushbu maktablarda o‘quvchilar sovuq xonalarda kiyim-bosh bilan ta’lim olishga majbur bo‘lmoqda. Shunday holatda ham bu sohaga mas’ul rahbarlar issiqqina xonalarida bemalol o‘tirishibdi», dedi Bosh vazir.
Mavsumda ijtimoiy soha ob’yektlariga yetkazib berilishi belgilangan 405 ming tonna ko‘mir mahsulotlari to‘liq yetkazib berilgan bo‘lsa-da, hududlardagi omborlardan 21 ming tonna ko‘mir ijtimoiy soha muassasalari tomonidan hanuzgacha olib ketilmagan. Shu bilan birga, Xalq ta’limi (65 ming tonna), Maktabgacha ta’lim (28 ming tonna), Sog‘liqni saqlash (16 ming tonna), Jismoniy tarbiya va sport (3,3 ming tonna) va Madaniyat vazirligi (1 ming tonna) tizimidagi tashkilotlar tomonidan qo‘shimcha 114 ming tonna ko‘mir mahsulotlariga ehtiyoj mavjud.
Hukumat qarori bilan hokimliklarga xususiy tadbirkorlarni jalb qilgan holda import ko‘mir olib kelish choralarini ko‘rish topshirig‘i berilishiga qaramasdan, hokimliklar ko‘mir import qilish ishlari bilan umuman shug‘ullanayotganlari yo‘q. Faqatgina markazlashgan tarzda yetkazib berilayotgan ko‘mirni aholiga tarqatishmoqda, xolos.
Natijada bugungi kunda aholiga ko‘mir yetkazib berish ishlari Qashqadaryo va Samarqandda 32 foizni, Jizzaxda 34 foizni, Buxoroda 40 foizni va Navoiyda 44 foizni tashkil etmoqda. Bu boradagi ishlar mazkur viloyatlarda mutlaqo talabga javob bermaydi.
Energiya resurlarini aholiga uzluksiz yetkazib berishda albatta debitor qarzdorlikni undirish muhim hisoblanadi. Sababi bugungi kunda energiya resurslarini ishlab chiqarish hajmiga nisbatan iste’mol talabi oshib ketmoqda. Bu o‘rtadagi tafovutni yopish esa, qo‘shni davlatlardan energiya resurslarini import qilish hisobiga qoplanmoqda.
Yuqoridagi gaz va elektr energiyasi yetkazib berishdagi kamchiliklar oxir-oqibat debitor qarzdorliklarning o‘sishiga olib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan avgust oyida to‘lovlardan qarzdorlikni joriy yil yakuniga qadar kamida ikki barobar qisqartirish bo‘yicha topshiriq berilganiga qaramasdan, joriy yilning 1 avgust holatiga nisbatan elektr energiyasi bo‘yicha 582 mlrd. so‘mga (25%), tabiiy gaz uchun 991 mlrd. so‘mga (13%)ga oshishiga yo‘l qo‘yilgan. Lekin, afsuski, ayrim hududlar rahbarlari tomonidan qarzdorlikni kamaytirish o‘rniga oshishiga yo‘l qo‘yib berilgan.
Bosh vazir videoselektor yig‘ilishida gaz va elektr energiyasidan foydalanishni nazorat qilish bo‘yicha respublika shtabi qaytadan tashkil etilishi va qattiq nazoratini olib borishini ham qayd etib o‘tdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter