Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Mehnatning tagi mehnat. Rohat qachon?

Mehnatning tagi mehnat. Rohat qachon?

Foto: «migrant.mobi»

Menimcha, kundalik turmushda har doim ham Jinoyat kodeksiga amal qilinmasa qilinmasin, lekin o‘zini hurmat qilgan jamiyatda Mehnat kodeksiga qat’iy amal qilinishi lozim va lobid.

Agar mantiqan o‘ylab qarasak, juda ko‘p narsa xodimlarning mehnat huquqlari buzilishidan kelib chiqadi:

  • ish haqlarning kamligi – aksariyat hollarda korrupsiya yoki shu kabi jinoyatlarga yetaklaydi (yoki qashshoqlikka);
  • ish vaqtining tayinsizligi (har kuni kechqurun soat 10-11 (yoki undan ham kech)gacha ishlash) – farzandlar tarbiyasining sustlashishiga yetaklaydi, salomatlikniku gapirmay qo‘ya qolay;
  • dam olish kunlarisiz ishlash – ruhiy zo‘riqish va oilalardagi notinchlikka yetaklaydi;
  • ta’tilsiz ishlash – ish sifatining keskin pasayishiga olib keladi;
  • mehnat muhofazasi ta’minlanmagan joyda ishlash – halok bo‘lganlar va nogironlar sonining ko‘payishiga sababchi bo‘ladi;
  • ishsizlikning yuqori darajasi – jamiyatdagi umumiy norozilik va pessimistlikni keltirib chiqaradi, ijtimoiy muvozanatni izdan chiqaradi.

Balki bularning barchasi bittada sodir bo‘lmas. Ya’ni farzandlar bir kunda betarbiya bo‘lib qolmaydi, oilalar bir kunda ajrashib ketmaydi, bir kunda hamma jinoyatchiga yoki korrupsionerga aylanib qolmaydi. Lekin bu sekin ta’sir qiluvchi og‘u, vaqt o‘tishi bilan jamiyatni falajlaydi, oxir-oqibat baribir salbiy oqibat sodir bo‘ladi.

Xodimlarning qadr-qimmati yetarlicha ta’minlanmagan, qilgan mehnatiga yarasha rag‘batlantirilmaydigan (qonuniy yo‘l bilan, albatta) jamiyat rivojlanmaydi. Yoki bir joyda depsinib turaveradi, yoki orqaga ketadi.

Shunday ekan, yangi davr sari olg‘a qadam tashlayotgan O‘zbekiston mehnat sohasini isloh qilishga jiddiy e’tibor qaratishi lozim. Tilyog‘lamalikdan holi ravishda aytamanki, so‘ngi yillarda bu borada sezilarli ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Birgina majburiy mehnatning TAN OLINIShI (!) va unga qarshi kurashning boshlangani ko‘p narsadan dalolat. Birgina shu jihatning o‘zi O‘zbekistonning xalqaro imidjini karrasiga oshirgani ham ayni haqiqat.

Ayrim sohalar va davlat organlari tizimida oylik ish haqlarining sezilarli ravishda oshirib borilishi, yaratilgan yangi ish o‘rinlari haqida safsata statistikalar berilishining to‘xtatilgani va h.k. keng ko‘lamli ishlarni ham eslab o‘tish kerak.

Ammo bularning barchasini yetarli darajada deb bo‘lmaydi. Hali munosib mehnat dasturi bo‘yicha qilinadigan ishlar bisyor, muammolar yetarlicha. Keling, quruq va umumiy gap bo‘lib qolmasligi uchun, ayrim kichik misollar va takliflarim bilan o‘rtoqlashsam.

BESh KARRA BESh, NOL YIGIRMA BESh!

Yaqinda Kun.uz saytida «O‘zbekistonda oyiga 400 ming so‘mga qanday qilib yashash mumkin?» nomli maqola e’lon qilindi. Unda muallif har qanday ish beruvchi oyiga 426466 so‘mdan kam to‘lamaslikka majburligi, bu qoidaning natijasida xususiy sektordagi ish beruvchilar atayin oylik ish haqlarini 500-600 ming so‘m qilib belgilayotganini qayd etar ekan, «axir oyiga 500 ming so‘mga kun ko‘rib bo‘lmaydi» deya ta’kidlaydi. Muallif fikrida davom etar ekan, «oyiga 500-600 ming maosh» muammosi davlat va jamiyatning muammosiga aylanmog‘i kerak» deb xitob qiladi.

Maqolani o‘qir ekanman, yurtimizda 500 ming so‘m oylik oladiganlardan ham nochorroq qatlam borligi, ular «nol yigirma beshlar qatlami» deb atalishi yodimga tushib ketdi. Gap 0,25 stavkada ishlayotgan xodimlar haqida ketayotganligini sezgan bo‘lsangiz kerak.

O‘tgan yili «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida eng kam oylik ish haqi 172 ming so‘m emas, 426 ming so‘mligi haqida yozgan paytim, ayrimlar e’tiroz bildirib, 150 ming so‘m oylik oladiganlar ham borku, aldamang deyishgandi. Keyin bilsam ular ham «nol yigirma beshlar qatlami»ni nazarda tutishgan ekan.

Bandlik va mehnat munosabatlarining rasmiy vakansiyalar bazasiga kirib, bo‘sh ish o‘rinlarini qidirdim va 0,25 stavkalar bilan tanishib chiqdim.

Tibbiyot sohasida
Ta’lim sohasida
Texnik xodimlar

E’tibor bersangiz, ish o‘rinlari milliy bazasida 0,25 stavkalar bo‘yicha e’lonlar yetarlicha topiladi. Oylik ish haqlari esa 100 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha (ustamalariga bog‘liq).

«500 ming so‘mga yashab bo‘ladimi, bu davlatning muammosiga aylanishi kerak» deb turilgan joyda rasman 100-150 ming so‘m oylikka yashaydiganlar borligi fojiadan boshqa nima?

«Nol yigirma beshlar» asosan sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida. Buning kelib chiqishiga bir qancha sabablar bor. Avvalo ish hajmi katta, lekin shtat kam. Ish beruvchi noiloj ko‘proq odamni ishga olgisi keladi, xodimlar 0,25 bo‘lsa ham ertadan kechgacha ishlashadi ba’zan.

Shuningdek, har yili mehnat boshqarmalari kvotalangan ish o‘rinlarini yaratish majburiyatini qo‘yishadi (juda ham oqsoq tizim shu). Budjet tashkiloti yangi ish o‘rnini qayerdan ham ochardi, degan savolni berib ko‘rishmaydi. Keyin ish beruvchi noiloj stavkani bo‘lishga majbur bo‘ladi. Vakansilar bazasida bitta tashkilotning o‘zida 7-8 ta 0,25 stavka uchun bo‘sh ish o‘rni e’lon qilinganini ko‘rish mumkin. Xo‘sh, shu 8 ta 0,25 ning o‘rniga 2 ta butun stavka ishga olishga nima halaqit beradi?

TAKLIFIM: 

1. Stavkalarni sun’iy bo‘lishning qonun doirasida oldini olish kerak. Masalan, 0,25 stavkaga ishga olish uchun boshqa joyda ishlayotgani haqida ma’lumotnoma so‘rash kerak. Lekin buning uchun avvalo munosib ish o‘rinlari ko‘payishi kerak, yo‘qsa stavkalar yaxlitlansa, ishsizlar soni battar ko‘payadi.

2. 0,25 stavkada ishlayotganlarni ham ishsizlar statistikasiga qo‘shish kerak. Ya’ni bu mehnat bozorini real talablar asosida shakllantirishga va imkoni bo‘lishi bilan «0,25»larni to‘liq stavkaga ishga o‘tkazishga yordam beradi.

HOVLINI KIM SUPURADI? O‘ZIMIZ SUPURAMIZ!

Mana, bugungi kunda o‘qituvchi va shifokorlarni, o‘zi umuman barchani majburiy mehnatga jalb etmaslik siyosati kun tartibida bo‘lib turibdi. Ammo ayrim rahbarlar majburiy mehnatni faqat paxta terish deb tushunadi. Paxtaga olib chiqmasam bo‘ldi, hammasi joyida deb o‘ylaydi. Ya’ni korxona hovlisini supirish, yovvoyi o‘tlarni yulish, yerni yumshatish, bog‘bonlik, farroshlik kabi ishlarni esa oddiy hol deb qabul qilishadi. «Oq halatli hamshira shifoxona hududidan chiqmasa bo‘ldi, ichkarida hammasi mumkin» degan aqida ko‘p uchraydi.

Kimdir e’tiroz bildirsa, «o‘z uyimizni sizu biz tozalamasak, kim tozalaydi» deb uzundan-uzun ma’ruza ham qilishadi. Lekin «biz hovlini supursak, bemorlarga kim qaraydi, farroshlarmi?» deb savol berib ko‘ringchi, javobiga ish haqidan qirqish haqida tahdid eshitasiz.

Bir narsani unutmaslik kerakki, vatan ostonadan boshlangani kabi, majburiy mehnat ham tashkilot hovlisini surishdan boshlanadi.

Ammo men tanganing ikkinchi tomoni haqida gapirmoqchiman. Ish beruvchilarning zorlanishiga ham asos bor, ayrim shifoxona yoki ta’lim muassasasi hududi 3-4 gektar, lekin budjetdan farrosh, bog‘bon lavozimlariga sanoqli shtat ajratiladi. Hudud salmog‘i va shtatlar sonida katta nomutanosiblik bor. Shu sababli ular majbur bo‘lishadiki, o‘z qo‘l ostidagilarini yalinib, yolvorib, do‘q urib, qo‘rqitib ishlatishga.

Biz ish beruvchilardan majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslikni talab qilishdan oldin sharoitni ham to‘g‘rilashimiz kerak.

TAKLIFIM: Agar shtatlarni ko‘paytirishni hozircha davlat budjeti ko‘tarmaydi, deyishadigan bo‘lsa, unda haq to‘lanadigan jamoat ishlari uchun yiliga ajratilayotgan 714 milliard so‘m mablag‘ni shu maqsadga yo‘naltirish kerak. Ya’ni hududi katta, lekin texnik shtati kam bo‘lgan tashkilotlarni obodonlashtirish ishlariga aynan ishsiz qatlamni yo‘naltirib, ularga jamg‘arma hisobidan ish haqi bersa bo‘ladi. Shundoq ham bu pullar ishlatilmayotgani aytilgan edi.

HAShAR – ELDAN OLIShAR

Bizda ajoyib ibora bor – «ixtiyoriy-majburiy» degan. Ya’ni zohiran ixtiyoriy ko‘rinsada, lekin botinida majburiy ijro etiladigan buyruqlar ko‘p. Shulardan biri – hashar!

Garchi joriy yilning 17-aprel kuni Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligidagi videoselektorda endi bundan buyon o‘zboshimcha hasharlar bo‘lmasligi, hokimiyat topshirig‘iga binoan xodimlarning ish haqidan qonunga xilof ravishda mablag‘ ushlab qolish holati aniqlansa, jazo qattiq bo‘lishi baralla aytilgan edi.

Biroq o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas deganlaridek, bu kabi holatlar haliyam uchrab turibdi.

Aniq fakt haqida gaplashadigan bo‘lsak, Andijon viloyat hokimining 2018-yil 6-maydagi 66-f-sonli farmoyishi asosida 11-12-may kunlari umumxalq xayriya hashari deb e’lon qilingan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, har bir xodimning 1 kunlik ish haqi ixtiyoriy o‘tkazilishi belgilangan.

Viloyat hokimining farmoyishi

Siz nima deb o‘ylaysiz, bunday vaziyatda ixtiyoriylikka amal qilinarmidi? Albatta, yo‘q! Hammadan bir xil pul ushlab qolingan va hokimiyat hisobiga o‘tkazilgan. Ayrimlari nomiga kasaba uyushmasi yig‘ilishi bayonnomasi ham qilib qo‘yishgan, xuddiki ixtiyoriylik belgisi sifatida, lekin bu asos bo‘la olmaydi. Mehnat kodeksi 164-moddasining qo‘pol ravishda buzilishi va Prezident siyosatiga qarshi qadam degani bu.

Hashar uchun Andijondagi maktab o‘qituvchisining oyligidan majburiy 20 ming so‘m ushlab qolingan

Xodimlar orasida esa boshqacha mazmunda gap yuribdi: «Obod qishloq»ni bizni pulimizga obod qilishlari shartmi, deb savol berishmoqda.

TAKLIFIM: Vazirlar Mahkamasi darajasidan pastki qatlamda o‘zboshimchalik bilan hashar e’lon qilgan va pul ushlab qolgan rahbarlarga nisbatan jazo chorasini rasman Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritish kerak. Garchi 2018-yil 10-maydagi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 349-sonli qaroriga binoan, ixtiyoriy-majburiy hashar taqiqlangan va bunda mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy intizomiy jazolar qo‘llanilishi haqida ogohlantirilgan bo‘lsada, lekin aniq jazo choralari sanab o‘tilmagan.

IShLI HOMILADORLARNING TAShVIShI

Yaqinda Moliya vazirligi bir xabarni e’lon qildi. Ya’ni 4-apreldan boshlab homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lashda o‘zgarishlar bo‘lgani haqida.

Aynan shu masalada meni bir narsa juda xafa qiladi.

Bir yarim yildan buyon yurtimizdagi homilador va ona bo‘lgan ayollarning huquqlari qo‘pol ravishda buzilayotgani hech kimni o‘ylantirmaydi, tashvishga solmaydi.

Tushuntirishga harakat qilaman.

2016-yil 27-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida»gi PQ-2699-sonli qarori qabul qilindi va uning 23-bandida homiladorlik va tug‘ish nafaqasiga oid quyidagicha qoida belgilandi:

  • ishga qabul qilingan kundan boshlab 6 oygacha – o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida;
  • 6 oydan 12 oygacha – ish haqining 75 foizi miqdorida;
  • 12 oydan ko‘proq vaqt – ish haqining 100 foizi miqdorida nafaqa to‘lanadi.

Ushbu qaror Shavkat Mirziyoyev ko‘p bora kemiruvchilarga taqqoslagan moliya tizimi mas’ullari tomonidan homilador ayollarning hisobiga budjetni iqtisod qilish uchun ishlab chiqilgan edi. Va o‘z navbatida bu xalqaro konvensiyalarga zid qaror edi.

XMTning «Onalikni himoya qilish to‘g‘risida»gi 183-konvensiyasi 6-bandiga binoan, homilador ayollarga beriladigan nafaqa miqdori ish haqining 3 dan 2 qismidan kam bo‘lmasligi kerak. Bu 66% dan yuqori degani. Biroq O‘zbekistonda salkam 1 yarim yil davomida xalqaro normalarga zid ravishda 50% to‘lab kelindi. Faqat aprel oyiga kelibgina moliya vazirligining yangi tarkibi bu sharmandalikka chek qo‘ydi.

Ammo bu hali hammasi emas!

Mehnat kodeksining 286-moddasiga binoan, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi homiladorlik va tug‘ish ta’tilining butun davrida to‘liq ish haqi miqdorida to‘lanadi. Garchi oradan shuncha payt o‘tgan bo‘lsada, lekin Mehnat kodeksiga tegishli o‘zgarish kiritilgani yo‘q, haliyam TO‘LIQ ISh HAQI bo‘lib turibdi.

Prezident qarori esa qonundan ustun bo‘la olmaydi. Shu sababli aslida Mehnat kodeksining 286-moddasiga tegishli o‘zgarish kiritilmagungacha homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hammaga 100% to‘lanishi kerak edi.

Biroq shu choqqacha butun mamlakat bo‘ylab «paqillatib» 50-75% to‘lab kelinmoqda. Mabodo ayrim qonuni yaxshi tushunadigan buxgalterlar «hali Mehnat kodeksiga o‘zgarish kirmadiku» deya 100% to‘lagan bo‘lsa, KRU degan qo‘rqinchli moliyaviy tashkilot tekshiruvlar o‘tkazib, o‘sha buxgalterlarga «ortiqcha to‘langan» pullarni qaytartirishib, intizomiy jazolarga tortishmoqda.

Ana shunday jabrdiyda buxgalterlardan biri bilan suhbat

Bundan tashqari 2016-yil 27-dekabrdagi Prezident qarorida Mehnat vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalar tayinlash hamda to‘lash tartibini qayta ko‘rib chiqsin va tasdiqlasin, deya belgilangan bo‘lsada, bunday tartib bir yarim yildan buyon tasdiqlangani yo‘q.

Homiladorlarning dardi faqat bu emas. Ular farzandi tug‘ilgach, bola parvarishlash ta’tili haqida ham ko‘p qayg‘urishadi.

Mehnat kodeksining 234-moddasida homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nafaqa to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Bunda har oy eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida nafaqa to‘lanadi.

Ammo 2013-yili yana o‘sha Moliya vazirligining tashabbusi bilan budjet tashkilotlarida ishlaydigan ayollar bunday nafaqa olmasligi belgilab qo‘yildi. Ular nari borsa mahalladan kam ta’minlanganini isbotlovchi millionta hujjat taqdim etgandan keyingina olishi mumkin, lekin bu amalda deyarli imkonsiz.

Budjet va budjet bo‘lmagan tashkilotlarda ishlaydigan ayollar ana shunday 2 frontga bo‘lingan va shaxsan mening fikrimcha bu holat mehnat sohasida kamsitish (diskriminatsiya) hisoblanadi.

TAKLIFIM: 1. Barcha islohotlar qonun doirasida bo‘lishini ta’minlash maqsadida o‘tgan davr mobaynida homiladorlarning halol haqqi bo‘lgan, lekin moliya organlarining qonunni noto‘g‘ri tatbiq etishi natijasida ushlab qolingan summalarni qaytarish lozim. Masalan, ular sudga bersa ham, yutib chiqishadi, ammo bizning yosh onalarimiz sudlashib yurishni o‘zlariga ep ko‘rishmaydi. Ammo davlat tomonidan ijtimoiy adolatni ta’minlash juda muhim.2. Konstitutsiyaviy sud 2013 yilda kiritilgan o‘zgarishlarni noqonuniy deb topishi va ayollarning mehnat huquqini tenglashtirishi kerak.

Davlatimiz budjetining kuni homilador ayollar va yosh onalarning qo‘liga qarab qolmagandir? Shu bilan qashshoq bo‘lib qolmasmiz. Agar juda budjetdan pul topilmasa, kelajak avlodni dunyoga keltirgan onalar uchun Yoshlar ittifoqining hisobidan qoplansa ham bo‘laveradi, mantiqan ham to‘g‘riroq bo‘lardi. Baribir 200 milliardning hammasini ishlatishmayotgandir.

ONANGNI QOZI XAFA QILSA...

Mehnat sohasidagi yana bir muammolardan biri bu fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tizimida mehnat qonunchiligi bo‘yicha mutaxassislarning yetishmasligidir. Xodimning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan o‘tkazilayotgan sud majislari ko‘p hollarda yuzaki bo‘ladi. Chunki ayrim sudyalarning o‘zi ham mehnat qonunchiligini yaxshi tushunmaydi va masala mohiyatini anglamasdan yuzaki qaror qabul qiladi. Buni shunda ko‘rish mumkinki, bir xil vaziyat bo‘yicha O‘zbekistonning turli burchaklaridagi sudlar turfa xil qaror chiqarishadi.

Masalan, o‘tgan yili neft-gaz sohasidagi o‘zgarishlar va ommaviy «sokraщyeniya»lar paytida yoki xalq ta’limi tizimida anchadan buyon davom etib kelayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachilarga qarshi nohaq «qirg‘in»larda sudlarning qonunlarni turlicha talqin qilishiga shaxsan guvoh bo‘lganman.

Metropoliten voqeasini olaylik. «Toshkent metropoliteni» DUK rahbariyati 2010 yildan buyon xodimlariga noto‘g‘ri ish haqi to‘lab keladi. Ya’ni o‘zlari o‘zboshimchalik bilan Prezident tomonidan butun respublikada o‘rnatilgan eng kam oylik ish haqidan past darajada eng kam ish haqi belgilashadi. Natijada xodimlarning oyligi boshqa tashkilotlardagi xuddi shu razryadda ishlaydiganlarning oyligidan kam bo‘lib kelmoqda.

Metropolitendagi noqonuniy buyruqlardan biri

Bugungi kundagi holatni aytadigan bo‘lsam, respublika bo‘ylab eng kam oylik ish haqi 172 ming 240 so‘m etib belgilangan, lekin Toshkent metropolitenida 136 ming 752 so‘m. Shuningdek, tashkilotni o‘zida yaqqol diskriminatsiya ham bor, Direksiya ishchilari uchun hamma qatori 172.240 so‘mlik eng kam oylik ish haqi darajasi belgilangan. Xuddi shunday holat 8 yildan buyon davom etayotganini endi tasavvur qilavering.

O‘zingiz ayting, «Toshkent metropoliteni» DUK rahbari kim bo‘libdiki, Prezident farmonini o‘zgartirish haqida buyruq chiqarsa? Kim unga bunday huquqni bergan?

Xuddi shu masala bo‘yicha Kasaba uyushmalari Federatsiyasi 2014-yilda tashkilotni sudga bergan edi. Mana oradan 4 yil o‘tdiki, haligacha ish sudralib yuribdi. 4 yil-a, 4 yil!

Eng qizig‘i Oliy sud raisining o‘rinbosari  –  fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi X.Yodgorov hamda bir nechta darajadagi prokuratura organlari kasaba uyushmalari foydasiga protest keltirib, «Toshkent metropoliteni» DUK rahbariyatining ishini noto‘g‘ri deb aytib kelishayotgan bo‘lsada, lekin quyi bo‘g‘indagi Toshkent shahar va tuman sudlari buni tan olmay rad qilish bilan ovora. Oliy sud o‘rinbosari boshqa qonunlarni, quyi bo‘g‘in sudyalari boshqa qonunlarni o‘qisharmikin yoki?

TAKLIFIM: Sudlar tizimida mehnat qonunchiligiga ixtisoslashgan sudyalarni tayyorlash kerak. Har bir bo‘g‘inda aynan shu sohaning ustasi bo‘lgan, aynan mehnat huquqi bo‘yicha qayta malaka oshirishdan o‘tgan sudyalar faoliyat olib borishi lozim. Yo‘qsa, yuzlab, minglab huquqlari buzilgan xodimlar dodini kimga aytishni bilmay yuraveradi. Bir ishongani sud bo‘lsa, ularning ahvoli bunday...

* * *

Men imkon qadar qisqaroq yozishga harakat qilgan bo‘lsam-da, baribir cho‘zilib ketdi. Aslida bunday muammolar haqida soatlab, kunlab emas, haftalab, oylab gapirsa bo‘ladi. Lekin mashoyiqlar aytganidek, gap ko‘p, (k)o‘mir oz.

Ilohim, hech qachon mehnat huquqlaringiz buzilmasin. Salomat bo‘ling!


Ushbu blogpost  O‘zbekiston blogerlari chempionatining final bosqichiga taqdim etilgan. Chempionatga kelib tushgan boshqa ijodiy ishlar bilan tanishish uchun ushbu havolaga o‘ting.

Izohlar 8

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring