Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mitti hikoyalar: Yo‘lovchi, taqdir, «pahlavon»...

Mitti hikoyalar: Yo‘lovchi, taqdir, «pahlavon»...

foto: https://klev.club/

                                                          Yaxshilik

Haydovchini to‘xtatgan yo‘lovchi zirqirab turgan oriyatning hazin ohangida ming xijolatpazlikda yo‘lkiraning yarmini uzatib dedi:

– Shugina qolgandi...

Haydovchi yo‘q ma’nosida bosh silkib gazni bosdi.

– To‘xtang! Oling, shu yo‘lovchini, mana yo‘l haqi.

Avtoulov ichidagi kishi pul uzatdi.

Mashinani o‘n odimcha haydagan haydovchi uni qaltis to‘xtatib haligi yo‘lovchini chaqirdi.

– Kelaqol, mayli.

Yosh yo‘lovchi qimtinib o‘tirgach, pulini uzatdi.

Haydovchi oyna orqali oldinroq pul to‘lagan kishining ko‘zlariga qarab «Sen uchun to‘lashdi» deb ishora qilmoqchi edi, biroq u kishining ko‘zlari yo‘q ishorasini qilib yondi va haydovchining tili boshqacha aylandi:

– Olib qo‘y, talaba ekansan.

Sukut boshlandi.

Keyingi bekatda o‘sha sirli kishi tushib ketdi.

– Bu kishi qarindoshingmi?

– Yo‘q, – talaba tushunmadi.

– Shunchaki so‘radim. E’tibor berma.

Yosh yo‘lovchi manzilga yetganda dedi:

– Rahmat sizga, yaxshi odam ekansiz.

Haydovchi bir xo‘rsinib oldi-yu, biroq gapirmadi. Gapirolmadi.

                                                      Taqdir kulgusi

Qiz binoga shundoqqina kirishdagi g‘arib joyda mag‘rur o‘tirgan juldur kiyimli ko‘zlari yonib turgan yigitni mazaxlab kulib o‘tib ketdi. Oradan o‘n yil o‘tib – boyvachcha otasining vafotidan so‘ng oddiy pol yuvuvchi bo‘lib uning qo‘lida ishlashini bilmasdi hali.

Mana shu nazarga ilmaydigan achchiq kulgu tufayli qasdma-qasd harakat qilishi natijasida, omad qushi qo‘ngan yirik sarmoyador biznesmenga aylanishini yigit ham hali bilmas edi!

                                                       Hukm

Serqatnov yo‘l chetida joylashgan ko‘p qavatli turar-joyda omonatini topshirgan uy sohibining ko‘zlari yig‘idan qizargan qizi marhum onasining xalatini egniga tashlagancha parishon holda piyodalar yo‘lakchasini kesib o‘tardi.

Shu payt bir necha kundan beri ko‘rinish bermayotgan xo‘jayinini sog‘ingan it paydo bo‘ldi. U uzoqdan katta tezlikda yaqinlashib kelayotgan mashinani ko‘rdi-da, jon alfozda yugurib kelib yo‘l o‘rtasiga chiqdi va qattiq hurdi. Qiz bundan nogoh sergaklanib, muqarrar halokatdan o‘zini chetga olib joni omon qoldi. It esa «vov-vov» deya g‘ildirak ostida qolib ketdi.

Haydovchining «aqlsiz maxluq...» deb so‘kingan ovozi havoda muayyan vaqt muallaq qotib, so‘ng o‘z egasini qidirgancha uchib ketdi.

                                                          Dars

«Otining horiganini sezib jilovni toshloqdan o‘tloq tomonga burgan o‘n besh yoshli chavandoz bolakay yillar o‘tib yuksak mansabni egallagan chog‘ida ham shunday sezgirligini yo‘qotmasa qaniydi», deya unga havas bilan qarab qoldi qariya Davlatqul.

Oshnasi Sergak chol ilmoqli qilib qaysi bir kinoda eshitgan gapini eslatdi:

– Tarix takrorlanadi.

                                                         Taraqqiyot

XX asrning osmono‘par binosi tomida turib pista po‘chog‘ini pastga beparvo tashlagancha bu shaxsiy inshootda yakka o‘zinigina dunyoning eng yuksak kishisi sanab o‘tirardi janob. U miloddan uch ming yil avval piramida toqiga chiqib shunday xayol surib xato qilgan fir’avndek kulgili ko‘rinardi.

Xuddi shu lahzada pastda jurnal varaqlab, mutolaa qilgancha o‘tib ketayotgan talaba «Kosmonavtika va arxitektura» mavzusida ilmiy maqolasi chop etilganidan mamnunligini yashirolmay jilmayardi.

                                                 

                                                         Bozorda

Og‘ir atletika bo‘yicha o‘zining ko‘chasida mutlaq birinchilikka davo qilayotgan yosh yigit go‘yoki dunyodagi eng og‘ir buyumni – ko‘ngil qo‘ygan qo‘shni qizining bejirimgina sumkachasini ko‘tarib olgandi. U mahbubasi bilan rastalar oralab yurarkan, orqasiga xalta ko‘tarib o‘tib ketayotgan qaddi kamon kampirni ko‘rib o‘zicha g‘o‘ldiradi:

– Bozorda erkaklar qolmabdi-da!

Bobur Nusratov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring