Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mitti hikoyalar: «Kaptiva»da kelgan sovchi», «Padarkush», «Xaloskor»...

Mitti hikoyalar: «Kaptiva»da kelgan sovchi», «Padarkush», «Xaloskor»...

foto: https://Shutterstock.com

                                             Guldasta

Gullar sotiladigan rastaga bir qiz chiroyli guldasta bilan yaqinlashdi.

– Kechirasiz, mana shu gul qancha turadi?

Sotuvchi opa guldastani aylantirib ko‘rdi-da, narxini aytdi.

– Iltimos, shuni yarim bahosida oling. Menga pul judayam zarur edi.

– Yo‘q. Shundoq ham gullarim ko‘p, – dedi sotuvchi opa unamay.

– Mayli, arzonroqqa beraman, –  o‘tindi qiz.

– Boshimga uramanmi? Hademay so‘lib qoladi bu gullar. Keyin kim ham olardi?

Qiz burilib ketmoqchi bo‘ldi.

– Hay, shoshmang, talabaga o‘xshaysiz, – sotuvchi opa guldastani ushlab, yanada past narxni aytdi.

Qiz rozi bo‘ldi. Pulni olib, chopqillab ketdi. Sotuvchi opa guldastaga suv purkab, o‘zgacha zeb berib, rastaga qo‘ydi...

Bu manzarani uzoqdan kuzatib turgan yigitning ko‘zlariga yosh keldi. Kechagina oxirgi puliga shu guldastani sotib olgan edi u.

                                          «Kaptiva»da kelgan sovchi

Qop-qora marmar qoplangan uch qavatli uy yoniga «Kaptiva» kelib to‘xtadi va undan bir ayol tushdi.

– Manovi oilaning kelin qiladigan qizlari bormi? – deb so‘radi u qo‘shni xotinlardan.

– Siz, yaxshisi, huv anovi uyning qizini kelin qiling, – maslahat berishdi ayolga oddiygina, eski darvozani ko‘rsatib. – Nihoyatda odobli, tarbiyali, mehnatkash qizlari bor. Tilidan bol tomadi. Bir oilani obod qiladi.

Ayol marmar uyga ishora qildi.

– Yo‘q, menga mana bunaqa uylardan kelin kerak, – u shunday dedi-da, mashinasiga o‘tirib haydab ketdi.

                                                 Padarkush

U o‘g‘lining o‘qishiga pul to‘lash uchun olis o‘lkalarga borib ishladi. Sovuq, zax konda og‘ir mehnat qildi. O‘g‘li institutni tamomlab, shaharda qoldi. Ota ishni davom ettirishga majbur bo‘ldi. Uning topgan pullariga o‘g‘il uy sotib oldi.

Ota qishloqqa qaytganida sog‘lig‘idan ancha putur ketgan edi. Yuzi rangpar tus olgan, o‘pkasi qattiq shamollagan edi. Uzoq davolansa-da, kor qilmadi: sovuq va zax ishini qilib qo‘ygan ekan. Qishloqdagi shifokorlar, shaharga borib davolaning, deyishdi. Biroq keksa bemorning shaharda shifo topishi ham qiyin bo‘ldi. Uning nafas olishi tobora og‘irlashar, tez-tez charchab qolardi.

O‘g‘il kattaroq ishga o‘tgan edi. Otasining salomatligidan ko‘ra vaqtni o‘ylab siqilardi u. Bechora qariya navbatdagi vrach huzuridan chiqqanida o‘g‘il qo‘l telefonida asabiylashib gaplashayotgandi. Ota ko‘zlari javdirab kutib turdi. O‘g‘il gaplashib bo‘lib, qovog‘ini uyib qaradi. Ota davolash uchun katta pul kerakligini aytganida u tutaqib ketdi. Qattiq so‘kindi. Kimni haqorat qilgani noma’lum, ammo otasining ko‘zlariga qarab haqorat qilgan edi u.

Otani yo‘tal tutdi. Aslida ko‘z yoshlarini yashirish uchun yolg‘ondan yo‘tala boshlagan edi. Kechga borib uning joni uzildi. Agar o‘limiga kasallik sababchi deyilsa, u hali biroz yashashi kerak edi.

                                                  Xaloskor

U jajji o‘g‘li o‘ynab o‘tirgan soatiga qaradi-yu, ko‘chaga shoshildi. Ibodat vaqti bo‘lgan edi. Masjid ko‘chaning narigi tomonida.

Odamlar siyrak ko‘chaga chiqar-chiqmas, qattiq qichqiriqni eshitdi. Barvasta yo‘lto‘sar bir kampirning sumkasini siltab tortar, ammo u tutqichdan ushlagancha yordam so‘rab dodlar edi. Yordam berish kerak, biroq bunga vaqt ketadi, u esa esini taniganidan buyon namozga kechikmagan. Yo‘lto‘sar qo‘ynidan pichoq chiqarib kampirga o‘qtala boshladi. U noiloj o‘sha tomonga yugurdi.

Yo‘lto‘sar bilan olishuv anchagacha davom etdi. O‘ljasidan quruq qolgan ablah xaloskor yigitning joniga qasd qilishga rosa urindi, ammo qo‘lidan kelmadi. Politsiya mashinasi ovozi eshitilgach, u kichik muyulishga qarab qochdi.

Kampir xaloskor yigitni rosa alqadi. «Sizni Xudo yetkazdi», dedi. Oradan yarim soatcha vaqt o‘tgan edi. «Namozga kechikdim-da», deb o‘yladi yigit.

U shosha-pisha masjidga kirib borganida endigina azon aytilayotgan ekan. Ulguribdi. Demak, o‘g‘li soatni o‘ynayotib uning millarini oldinga surib qo‘ygan ekan.

                                                Qo‘ng‘iroqdan so‘ng

Men o‘g‘limni har kuni maktab hovlisida kutib turardim. Qo‘ng‘iroq chalingach, birozdan so‘ng u ichkaridan chiqib, nigohi bilan meni izlardi. Ko‘zi tushgach, maqtangannamo qadam tashlardi: demak, besh baho olgan! Salom-alikdan so‘ng «Xo‘sh?» deb so‘rardim.

– To‘rtta besh, – javob berardi.

– Zo‘r-ku!

O‘g‘limning, hatto o‘nta a’lo baho olgan paytlari bo‘lardi. Tabiiyki, u ham, men ham quvonardik. Ammo bugun...

O‘g‘limning nigohi ma’yus edi. Menga ko‘zi tushgach, o‘pkasi to‘lib ketdi. Yomon baho olganini sezdim. U yaqinlashgan sayin, men bamaylixotir turardim. Keyin esa nima bo‘lganini so‘radim. Uch baho olibdi. O‘g‘lim koyishimni kutar, lablari titrardi.

– Shunga shunchami? – dedim men samimiy tarzda. – Hechqisi yo‘q, bo‘lib turadi.

O‘g‘lim yig‘lab yubordi:

– Meni kechiring, dada...

– Hammasi joyida. Yig‘lama, o‘g‘il bolaga yarashmaydi...

U bunday munosabatimni sira kutmagandi. Menga shu qadar minnatdor boqdiki, ko‘nglim allanechuk bo‘ldi. Ko‘z yoshlarimni zo‘rg‘a tiydim. Yo‘l bo‘yi o‘yladim:

«Bolajonim, men qandaydir raqamlar tufayli seni ranjitmayman. Aslo bunday qilmayman. Men uchun ma’yus ko‘zlaringdan ko‘ra quvnoq qiyofang ming marta a’lo!..»

Kechqurun o‘g‘lim bo‘ynimdan quchoqlab, shunday dedi:

– Siz dunyodagi eng yaxshi dadasiz!..

Anvar Namozov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring