Moskva sudi «mutlaqo maxfiy» deb malakalagan shov-shuvli jinoiy ish bo‘yicha hukm o‘qidi
Moskva shahar sudi sudyasi Andrey Suvorov xorij fuqarosi Pol Uilanni josuslikda aybdor deb topib, 16 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Ayblov tomoni sudlanuvchini 18 yilga «kesish»ni so‘ragan edi. 50 yoshli Pol Uilanning o‘zi ayblovlarni butkul rad etdi.
Jinoiy ish «mutlaqo maxfiy» deb malakalangani sababi yopiq tartibda o‘tdi. Sud hukmining faqat kirish va jazo tayinlash qismigina oshkor etildi.
Uilanning advokati Vladimir Jerebenkov 10 kun muddat ichida sud hukmi bo‘yicha shikoyat berilishini ma’lum qilgan.
Hukm e’lon qilinishi arafasida Pol Uilan aybsizligini ta’kidlab, sudni siyosiy tomosha deb atadi. Bir paytning o‘zida AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada hamda Irlandiya fuqarosi bo‘lgan sudlanuvchi o‘z mamlakat hukumat va davlat rahbarlaridan ko‘mak so‘radi.
Pol Uilan 2018-yil 28-dekabr kuni Moskvada qo‘lga olingan. Buyuk Britaniyaning Guardian nashri P.Uilan AQShda rossiyalik Mariya Butina «Kreml agenti» sifatida hibsga olinishidan bir necha hafta keyin qamoqqa tashlanganiga e’tibor qaratgan.
Bunga qadar Rossiyada bir necha bor mehmon bo‘lgan P.Uilan so‘nggi safari davomida do‘stining to‘yida qatnashishni rejalashtirgan edi.
Tergov xulosasiga ko‘ra, u Amerika maxsus xizmatlari foydasiga josuslik qilgan. Uning yonidan topilgan flesh kartada davlat siri sanalgan ma’lumotlar mavjudligi qayd etilgan. Flesh kartani Uilanga tanishi topshirgan. Tergov jarayonida Uilan flesh kartada maxfiy ma’lumotlar emas, o‘sha tanishi bilan tushgan suratlari yozilgan deb o‘ylaganini ma’lum qilgan.
P.Uilanga ko‘ra, Rossiya federal xavfsizlik xizmatida ishlagan tanishi unga nisbatan provakatsiya uyushtirgan.
Pol Uilan 1994-2008-yillarda AQSh quruqlikdagi qo‘shinida xizmat qilgan. Ikki bora Iroqqa yuborilgan. So‘nggi paytlarda esa u AQShdagi firmalarning xavfsizlik bo‘limida faoliyat yuritib kelgan.
AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Sallivan sud hukmidan hafsalasi pir bo‘lgani bildirar ekan, Uilanni ozod qilish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qilishini ma’lum qildi.
Buyuk Britaniya elchisi Debora Bronnert ham Rossiya hukumati vakillari bilan muzokaralarda ushbu masalani ko‘tarishga va’da berdi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Pol Uilan ustidan mahkama jarayoni siyosiy buyurtma ekani borasidagi farazlarni rad etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter