Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Munisa Rizayeva Shuhrat Abdurahmonovning xizmatida bo‘lgani aytilmoqda

Munisa Rizayeva Shuhrat Abdurahmonovning xizmatida bo‘lgani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam ma’lum qilib (to‘g‘rirog‘i, maqtanib) turgani uchunmi, san’atkorlar (uzr, nisbat biroz oshib ketdi) har kuni nimalar bilan mashg‘ul ekani borasida ko‘pchilik yetarlicha tassavurga ega.

Tarmoqda o‘zi qoldirgan xabar sabab xonanda Munisa Rizayeva karantin yumshatilishi hamono Andijonga xizmatga ketgani ayon bo‘lgandi.

Bugun u Andijonda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov oilasi xizmatida bo‘lgani oydinlashdi. Ya’nikim, hokim kichik qizi 19 yoshga to‘lishi munosabati bilan kattagina (aftidan 30 kishidan ko‘p!) tadbir uyushtiribdi. Va unga serxaridor va «stavkasi baland» ekani aytiladigan Munisani xizmatga taklif qilibdi. Har holda, bugun ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan lavha va suratlar shunga dalolat qiladi.

Albatta, hokim ham ota, farzandi xursand bo‘lishini xohlaydi. Biroq u birinchi navbatda rahbar! Rahbar esa, nainki xizmat faoliyati, balki shaxsiy hayotida ham kamtar-u kamsuqumligi bilan boshqalarga ibrat bo‘lishi kerak. Bugungi qiyin va og‘ir sharoitda ko‘p odamlar kunlik yemish topishda muammoga duch kelayotgani sir emas. Shunday pallada Andijon viloyat hokimi katta «bazmi jamshid» uyushtirishi sog‘lom aqlga sig‘adimi?! Aytishlaricha, bu tadbirda tug‘ilgan kun sohibasiga «Gentra» ham sovg‘a qilingan.

Shuhrat Abdurahmonov xalqparvar rahbar ekanini o‘zgalardan ko‘ra uning o‘zi ko‘proq ta’kidlaydi. Bunday ta’kid ohanglari uning ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan bo‘lgan suhbatida bo‘rtib qoladi, ayniqsa!

Bunday da’vo va iddaolar gap bilan emas, amaliy harakatlar bilan isbot etiladi. Oila davrasida nishonlanadigan sanaga poytaxtdan falon dollarga (qo‘shiqchilar «soqqa»ni «ko‘ki»da oladi, odatda) qo‘shiqchi chaqirib, dabdabayu-as’asa bilan nishonlash esa iddaosi baland hokimga (juda yumshoq aytganda) obro‘ olib kelmasligi barobarida, uning xalq oldidagi mas’uliyatini nechog‘liq his etishini ham katta savol ostiga qo‘yadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring