my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
Onam tungi soat uchda uyg‘onardi. Men buni bolaligimda tushunmasdim. Onam nega bunchalik erta turadi? Kiyinib, sumkasini olib, kun yorishmasdan qayerga ketadi? Nega qaytganda oyoqlari og‘riydi, ko‘zlari toliqqan, qo‘lida esa bir parcha qog‘oz. Ulg‘aygach tushundim, u navbat olgani ketar ekan...
Hamon yodimda maktabni tugatgan yilim oliygohga topshirish uchun bir qancha hujjatlar kerak edi. Onam ikkimiz ertalab soat sakkizda pasport stoliga bordik. Navbat ellik oltinchi! Bizdan oldin ellik besh nafar odam bor edi. Hayronman, ular qachon kelib, navbat olishga ulgurishgan. Kimdir ro‘yxat tuzgan, kimdir o‘rnini sotgan.
Biz kun bo‘yi o‘tirdik. O‘rnimizni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun tushlikka ham chiqmadik hatto. Onam do‘kondan suv olib berdi. Men eshik oldidagi kursida o‘tirib kitob o‘qidim. Kechki soat oltida ish vaqti tugadi deyishdi. Ertasiga yana bordik... 3 kun deganda zo‘rg‘a ishimiz hal bo‘lgandi.
Oradan yillar o‘tdi... Bir kuni o‘n ikki yoshli o‘g‘lim shunday dedi: “Dada, qarang men sizning tug‘ilganligingiz haqidagi guvohnomani telefondan topdim.“
Haqiqatan ham, telefon ekranida tug‘ilganligim haqidagi rasmiy hujjat turardi, muhr, raqam, hamma-hammasi o‘sha-o‘sha. O‘g‘limning aytishicha buni olish uchun bor-yo‘g‘i uch daqiqa ketibdi.
Men bir zum jim qoldim. Onam yodimga tushdi. Yarim tunda shirin uyqusidan kechgan, sovuqda uzundan-uzun navbatlar kutgan mushtipar onam...
U butun umri davomida bizning hujjatlarimiz uchun yillab vaqt sarfladi, ha yillab! O‘g‘lim esa uch daqiqada hal qildi.
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter