Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rustam Jabborov

Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l! (Jaloliddin Rumiy)

Nil Armstrong oyda azon ovozini eshitganmi?

Nil Armstrong oyda azon ovozini eshitganmi?

Armstrongning oyga qadami chindan ham insoniyat tarixida juda katta hodisa bo‘ldi.

Foto: «russiahousenews.info»

Mashhur shov-shuv zamiridagi mavhum maqsadlar

Muqaddas dinimiz va uning asosiy kitobi sanalmish Qur’oni karimning mo‘’jizalari haqida juda ko‘p eshitganmiz, o‘qiganmiz. Allohning kalomidagi har bir oyat o‘zida behad ma’nolarni, mantiq va mushohadalarni jo etgani ham hech kim sir emas. Shu paytga qadar Qur’onda zikr qilingan ko‘plab ilmiy hodisalar asrlar o‘tib, ilm-fan tomonidan e’tirof etilgan.

Biroq ko‘pincha mashhur insonlarning ilmiy mo‘’jizalar tufayli islomni qabul qilganlari haqidagi shov-shuvlarning bariga birdek ishonish to‘g‘ri emas. Ayniqsa internet va axborot kommunikatsiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda jahon tanigan mashhurlar (Jan Reno, Rouen Atkinson, Maykl Jekson, Brijit Bardo, Mel Gibson va hokazo) haqida shov-shuvlar juda katta mulohazalarga sabab bo‘lgandi.

Aslida insonga parvardigor tomonidan aql atalmish buyuk ne’mat va tanlash huquqi berilgan. Har bir inson o‘z fitrati, dunyoqarashi, aql-idrokiga mos dinni o‘zi tanlab olaveradi. Kimdir din sifatida islomni tanlar ekan, bu faqat va faqat uning o‘ziga foyda qiladi. Dinimizning bunday piarga aslo ehtiyoji yo‘q.

Biz bugun bir necha o‘n yillar davomida musulmonlar orasida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan xabar – Nil Armstrongning Oyda azon eshitishi va islom dinini qabul qilishi bilan bog‘liq masala xususida to‘xtalmoqchimiz.

Insoniyatning ulkan qadami

Nil Olden Armstrong amerikalik mashhur olim va astronavt bo‘lib, 1930-yil 5-avgust kuni Ohayo shtatining Uapakoneta shaharchasida tug‘ilgan. Uning tomirida shotland, irland va nemis qoni oqadi. 1947-yilda Perdyu universitetining aviatsiya sanoati fakultetiga o‘qishga kiradi. O‘qishni bitirib AQSh harbiy havo kuchlarida harbiy xizmatni o‘tagan Armstrong Koreya urushida ham qatnashgan.

1969-yilning iyul oyida «Apollon-11» ksmik kemasi ekipaji tarkibida koinotga parvoz qiladi. Shu yilning 20-iyul kuni o‘z sherigi Bazz Oldrin bilan birgalikda Oyga qadam qo‘yadi va ushbu mashhur iborani aytadi: «Bu bir insonning kichik qadami, biroq insoniyatning ulkan qadamidir».

Armstrongning bu harakati chindan ham insoniyat tarixida juda katta hodisa bo‘ldi. Armstrong dunnyoning eng mashhur insonlari qatoridan joy oldi. U astronavtlik faoliyatiga yakun yasaganidan keyin bir muddat Sinsinnati universitetida dars berdi. Bi-bi-sining «Sayyoralar» dasturida ekspert sifatida ishtirok etdi. 2012 yil 25 avgust kuni uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng Sinsinnati shahrida hayotdan ko‘z yumdi.

Oy haqidagi afsona

Endi musulmonlar orasida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan, hatto juda ko‘p gazeta va jurnallarda bosilgan, go‘yo rostdan yuz bergani aytiladigan voqeani bir eslatib o‘tsak.

«…Voqea Misrda sodir bo‘lgandi. 1983-yilning fevral oyida Nil Armstrong Qohiraga bir xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun keladi. Bu uning nafaqat Misr, balki islom olamiga ilk tashrifi edi. Yig‘ilishning birinchi qismi tugagach, allaqanday tanish, ohangdor ovozni eshitgan Nil mezbonlarga yuzlanib, bu qanday ovoz ekanini so‘radi. Mezbonlar bu azon tovushi ekanini, xuddi nasroniylar qo‘ng‘iroq ovozini eshitib cherkovga shoshilganlari singari musulmonlar shu ovozdan so‘ng masjidga oshiqishlarini aytishdi.

Shundan so‘ng Armstrongning bergan javobi misrliklarga xuddi ochiq osmondagi yashindek ta’sir qildi: «Men Oyga ilk bor qadam qo‘yganimda bu ovozni eshitgandim. O‘sha paytda butun vujudim jimirlab ketgandi. Avval qulog‘imda shovqin turdi, keyin allaqandlay yoqimli tuyg‘ularni his etdim».

Hamma lol qolgandi. Guvohlarning aytishicha, devordek oqarib ketgan Armstrong shunday degan: «Yo Alloh, men seni Yerda emas, Oyda topdim». U bir necha soniya jim qoldi va qo‘shib qo‘ydi: «Men Oyga ilk bor ibodatsiz qadam qo‘ygandim. Endi har kuni Yaratganga ibodat qilaman. Siz meni musulmon deb hisoblashingiz mumkin».

Rostmi yo yolg‘on?

Bu xabar ko‘p o‘tmay bir qator musulmon davlatlarida, jumladan Malayziya, Indoneziya, Eron, Afg‘oniston, Hindistonning turli matbuot nashrlarida, radio va telekanallarida tarqaldi.
Garchi juda ko‘p olimlar, hatto Armstrongning o‘zi ham keyinchalik bu xabarning noto‘g‘ri ekani, Oyda azon ovozini eshitmagani, o‘zi ham e’tiqodini o‘zgartirmaganini aytib chiqqan bo‘lsa-da, bu boradagi shov-shuvlar to‘xtamadi.

NASAning rasmiy sahifasida insonning Oyga ilk parvozi vaqtida qayd etilgan audioyozuv e’lon qilingan bo‘lib, u yerda noma’lum tildagi biror ovoz eshitilmaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra Nil Armstrong va uning sherigi Oldrin Oyga qo‘nishi bilan avval halokatga uchragan «Apollon-1» kemasining a’zolari xotirasiga bir daqiqa sukut saqlashgan. Keyin Oldrin «Yangi ahd»dan parcha o‘qib ibodat qilgan.

1983-yil 14-iyulda Nil Armstrongning yordamchisi Vivian Vayt turli matbuot nashrlarida buyuk astronavtning e’tiqodini o‘zgartirgani haqidagi fikrlarni inkor etib bayonot berdi. Unda Armstrongning Oyda azon ovozini eshitmagani, islom diniga kirmagani aytiladi.

2005-yil Nil Armstrong o‘z tarjimai holida bu voqeani shunday sharhlagandi: «Ko‘pchilik islomiy tashkilotlar meni o‘z a’zosi deb hisoblaydi. Mening musulmon bo‘lganim haqidagi gap-so‘zlar men haqimda odamlar orasida tarqalgan haqiqatdan yiroq xabarlardan biridir».

Xuddi o‘sha yili Malayziyada bir forumda ishtirok etgan Armstrong yana shu masalaga to‘xtalib o‘tadi. U fazogirlikka da’vogar musulmon uchuvchisi Said Zakariyoning savoliga javob berarkan, Oyga ilk bor qadam qo‘ygani uning hayotidagi eng baxtli va unutilmas lahzalar ekanini aytish barobarida, u yerda azon tovushini eshitgani va islomni qabul qilganini inkor etgan.

Keyinchalik musulmon shayxlaridan biri saudiyalik olim Muhammad Solih Munajjid ham bu xabarning yolg‘onligi haqida fatvo chiqargan.
«Biz bu voqeani har taraflama o‘rganib chiqdik va uning haqiqatga zid ekanini aniqladik, — deyiladi fatvoda. – Agar bu gap rost bo‘lganida, Armstrong jim turmas, butun dunyoni islomga da’vat etgan, turli islomiy telekanallar uni o‘z dasturlariga chaqirgan bo‘lardilar. Bu xabarni dinimizga nisbatan shubha uyg‘otish, musulmonlarning qalblarida fitna chiqarish maqsadida islom dushmanlari o‘ylab chiqargan bo‘lishlari mumkin».

Bu afsona qanday to‘qilgan?
Bu haqda uzoq yillar NASAda faoliyat ko‘rsatgan misrlik olim Foruq Bozz Bazz shunday xotirlaydi.
«Odatda fazogirlar juda xudojo‘y bo‘lishadi. Chunki ular hech kim qadam bosmagan joyga Allohga tavakkal qilgan holda qadam qo‘yishadi. Bunda ularga Yaratgandan boshqa hech kim madad berolmaydi.
Armstrong va Oldrin ham o‘zlari bilan birga fazoga Injilni olib chiqishgandi. Men ularga Qur’oni karimning «Fotiha» surasi bitilgan varaqni tutqazdim. Ular bu varaqni olib «juda soz, o‘zimizni asrash uchun qo‘limizda barcha vositalar bor» deb fazoga uchishdi.

Ular qaytib kelishgach, matbuot anjumanida jurnalistlarga «biz faqat Injil emas, Qur’oni karimning bir qismini ham olib chiqdik» deyishgan. Shunda jurnalistlar «Siz Qur’oni karimni ham Oyga olib chiqdingizmi?» deb so‘rashgan. Fazogirlar «Ha. Yerda qolgan mutaxassislarimizdan biri Foruq bizga «Fotiha» surasini bergandi» deyishgan. Bu xabar tezda matbuotda tarqaldi. Misrda arab tiliga o‘girilib mahalliy gazetalarda bosildi. Keyin bu xabar Eron, Afg‘oniston singari davlatlarga yoyildi. Hindistondagi musulmon gazetalarida ilk bor «Oy sathida azon ovozi eshitildi» degan xabarlar paydo bo‘ldi. Bor gap shu! Agar Oyda azon ovozi eshitilganda, NASAning o‘sha paytdagi mas’ul xodimlaridan biri sifatida bu haqda men birinchilardan bo‘lib xabardor bo‘lardim».

Shu paytgacha tarqalgan ma’lumotlardan xulosa qilish mumkinki, Nil Armstrong ham, boshqa fazogir ham Oyda azon eshitganini tasdiqlaydigan ishonchli dalillar yo‘q. Internet nashrlarida 1983 yilda Misrda o‘tkazilgan ilmiy anjumanda Armstrongning og‘zidan shu «haqiqat»ni eshitgan biror shohidning ko‘rsatmasini topa olmadik.

Yaqinlarining aytishicha, Armstrong juda taqvodor inson bo‘lgan, u boshqa din va madaniyat vakillariga ham yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatgan. Ammo biror-bir OAVga bergan intervyusida Oyda azon tovushini eshitganini tilga olmagan. OAV xabarlariga ko‘ra, hatto hayotining so‘nggi damlarida ham Armstrong bu ma’lumotni inkor etgan. Bu holat ham turli shov-shuvlarga yo‘l ochdi. «G‘arb dunyosi bu haqiqatdan yuz o‘girishga Armstrongni majbur qilgan» qabilidagi fikrlar ham yangradi. Baribir mavjud dalillar bu bahstalab mavzuga yakuniy nuqtani qo‘ya olmaydi. Eng to‘g‘risini Alloh bilguvchidir.

Iymon mustahkam bo‘lsa...
Albatta, bu bilan «buyuk bir mo‘’jiza»ni inkor etmoqchi emasmiz. Alloh istasa uning nomi koinotning har bir nuqtasida yangrashi mumkin. Ammo bunday «mo‘’jizalar»ni to‘qib chiqarish va ularga ko‘r-ko‘rona ishonish dinimiz nuqtai nazaridan aslo to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Qalbi iymon bilan limmo-lim to‘la bo‘lgan inson uchun qaysidir bir mashhur insonning musulmon bo‘lishi, olamshumul mo‘’jizaning sodir bo‘lishi hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Avvalambor dunyodagi eng kuchli olim ham, buyuk mutafakkir yo yozuvchi ham, jahonni titratgan fotih ham Yaratganning ojiz bir bandasi xolos. Kishi o‘z iymonini tasdiqlashi uchun kimningdir «musulmon bo‘lishi»ni kutish shart emas.

Qolaversa, shov-shuv ko‘tarish maqsadida turli «mo‘’jizalar»ni o‘ylab topayotgan, turfa shakl va tasvirlarni «ilohiy kalimalar»ga yo‘yayotganlar bilib-bilmay dinimizning ziyoni uchun ham xizmat qilib qo‘yishlari mumkin. Chunki ayrim saytlarda bizni «ilohiy mo‘’jiza» sifatida hayratga solgan suratlar, videotasvirlar masxaralanganini ko‘ramiz. Dinimiz muxoliflari kinoya bilan «musulmonlar o‘z dinlarining haqligini tasdiqlash uchun shunaqa yolg‘on isbotlar to‘qib olishmoqda» qabilida ta’na toshlarini yog‘dirishmoqda.

Shunday ekan, har birimiz o‘z iymonimizni mustahkamlash uchun bunaqa soxta «mo‘’jizalar»dan madad kutmaylik. Zotan, Yaratganning haqligi, dinimizning mukammalligi hech qanday isbotga muhtoj emas.
Shayx Sa’diy aytganidek:
Xudoning borligi isbot etish nomusidin pokdur,
Chiroy yo sham yoqib izlab topilur narsamas oftob.

Rustam Jabborov.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring