Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nobel sovrindori Aziz Sanjar: «Amerikaga O‘zbekiston bayrog‘ini olib ketaman»

Nobel sovrindori Aziz Sanjar: «Amerikaga O‘zbekiston bayrog‘ini olib ketaman»

O‘zbekiston milliy universiteti rahbariyatining rasmiy taklifiga binoan Shimoliy Karolina universiteti (AQSh) Biokimyo va biofizika professori, Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar 2018 yilning 15 oktyabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida turkiyalik olim O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, O‘zMU rektori, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimovlar bilan uchrashdi.

16-17 oktyabr kunlari Aziz Sanjar O‘zbekiston Milliy universitetida chiqish qildi. O‘z nutqida olim O‘zbekistonni o‘z vatani deb hisoblashini ta’kidladi, aniq va tabiiy fanlarga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish lozimligini qayd etdi.

«Men nafakat turkiyalikman, balki o‘zbekistonlik turkman. O‘zbekiston mening ham vatanim. Taklif uchun tashakkur. Men qardoshlarimni ko‘rishga keldim. Nobel mukofotini men barcha turkiy xalklar uchun oldim. Bu mukofot barcha turkiy xalqlarniki. Ochig‘i, bu nufuzli mukofotga sazovor bo‘lganimdan keyin meni dunyoning turli nuqtalaridan taklif etishyapti. Vaqt nuqtai nazaridan ko‘p takliflarni rad etishimga to‘g‘ri keladi. Lekin turk qardoshlarimnining, O‘zbekistonning, O‘zMUning bu taklifini bosh ustiga qabul ettim. Bu mening burchim! Bu yerga hech qanday moddiy manfaatlarsiz, sog‘inch bilan keldim. Bu mening shu ota Vatan oldidagi qarzim! Eng asosiysi, men bu ota Vatanga shu yerdagi yoshlarni ilmga ruhlantirish uchun keldim. Amerikaga o‘zim bilan O‘zbekiston bayrog‘ini olib ketaman. Men o‘zbek yoshlarini turkiy davlatlar yoshlari uchun qurgan markazimda, Amerikada kutaman. Men turk dunyosi yoshlari Nobel mukofotlarini shu Vatan tuprog‘ida turib olishlarini xohlayman”,- dedi Aziz Sanjar.

Tashrifning ikkinchi kuni mamlakatda ilm-fan sohasida olib borilayotgan islohotlarga bag‘ishlandi. Aziz Sanjarning faoliyatiga bag‘ishlangan konferensiya doirasida professorga O‘zMU Faxriy doktori unvoni taqdim etildi.

Tashrif davomida professor Aziz Sanjar bakalavriat, magistratura, doktoranturada tahsil oluvchilar va tadqiqotchilarga “DNKning tiklanishi, saraton va kimyoviy davolash” mavzusida onlayn ma’ruza o‘tdi.

Shuningdek, olim O‘zMUning Tarmoqlararo molekulyar biologiya laboratoriyasining ochilish marosimida ishtirok etdi. Shu yilning 18-21 oktyabr kunlari Aziz Sanjar Urganch, Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlariga tarixiy me’moriy obidalarini ziyorat qilish uchun tashrif buyuradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring