Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy Majlis Senatida Hindiston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Oliy Majlis Senatida Hindiston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Foto: «UzDaily»

Joriy yilning 16 sentyabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyevning “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining beshinchi majlisida ishtirok etish doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Hindiston Tashqi ishlar davlat vaziri Mubashir Javed Akbar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning istiqbollari, shu jumladan joriy yil oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifini tashkil etishga doir masalalar muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida do‘stlik va strategik hamkorlik munosabatlari ildam rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ko‘p asrlik madaniy va savdo-iqtisodiy aloqalarga, eng avvalo, xalqlarimiz o‘rtasidagi chin do‘stlik rishtalariga asoslangan O‘zbekiston-Hindiston munosabatlari yuksak darajadagi ikki tomonlama hamkorlik sifatida tavsiflanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Hindistonga davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida qo‘shma tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Xususan, Hindistonda O‘zbekiston Respublikasining madaniyat kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Tomonlar parlamentlararo hamkorlikni, shu jumladan  parlamentlararo do‘stlik guruhlari yo‘nalishida ham mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida Hindiston Respublikasi Parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha do‘stlik guruhi o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Mubashir Javed Akbar O‘zbekiston va Hindiston qo‘shma tadbirlarini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga solishga tayyorligini bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring