Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan muhim xomashyolar bo‘yicha hamkorlik qiladi

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan muhim xomashyolar bo‘yicha hamkorlik qiladi

O‘zbekiston hamda Yevropa Ittifoqi o‘rtasida qishloq xo‘jaligida loyiha amalga oshirish bo‘yicha moliyaviy bitim imzolandi. Tomonlar, shuningdek, muhim xomashyolar bo‘yicha hamkorlikka kirishmoqda. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Telegramdagi sahifasida ma’lum qildi.

«Yevrokomissiya raisi o‘rinbosari Valdis Dombrovskis janoblari bilan uchrashdik. Muloqotimiz chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi, ayniqsa, iqtisodiy yo‘nalishda tobora mustahkamlanib borayotgan hamkorlikning keng kun tartibini ko‘rib chiqdik. O‘zaro savdoni yanada rivojlantirish, Yevropa bozoriga eksport ko‘rsatkichlarini oshirish, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash, muhim xomashyolar bo‘yicha hamkorlik qilish muhokamamizning asosiy mavzularidan bo‘ldi», – deb yozdi B.Saidov.

O‘z navbatida, V.Dombrovskis O‘zbekiston hamda YeI muhim xomashyolar yo‘nalishida strategik ittifoq tuzishga kirishgani, rasmiy Toshkent Muhim xomashyolar klubiga (CRM Club) qo‘shilish istagini tasdiqlagani haqida yozgan. 

Mis, litiy, alyuminiy, titan, platina, grafit, nikel, kobalt va boshqa ma’danlar YeI uchun qimmatli ahamiyatga ega xomashyolar sanaladi. 

Yevropa komissiyasining «Global Gateway Forum» saytida O‘zbekiston, xususan, kumush, titan, litiy, uran, mis kabi ma’danlarga boy ekani,  bu esa mamlakatni xomashyo bozorida muhim ishtirokchiga aylantirishi ta’kidlangan. 

Bryussel ham, Toshkent ham mazkur yo‘nalishidagi hamkorlik strategik ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri B.Saidov Lyuksemburg mezbonligidagi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo 19-vazirlar yig‘ilishida qatnashdi. E’tiborga molik jihati, Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari hamda YeIning 27 davlati vakillari ilk bor bir davrada jam bo‘lishdi. Mashvarat yakunida ikki mintaqa o‘rtasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan yo‘l xaritasi ma’qullandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring