Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston Paraosiyo o‘yinlarini 77ta medal bilan yakunladi

O‘zbekiston Paraosiyo o‘yinlarini 77ta medal bilan yakunladi

Foto: MOQ matbuot xizmati

Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida III Paraosiyo o‘yinlari O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun nihoyasiga yetdi. 12 oktyabr yakunlariga ko‘ra hamyurtlarimiz tomonidan 77 ta medal qo‘lga kiritildi. Ularning 35tasi oltin, 24tasi kumush va 18ta bronza medallaridir. O‘zbekiston medallar sifati bo‘yicha umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni egallab turibdi.

Musobaqa davomida bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston o‘z chempionlarini Osiyoga ko‘z-ko‘z qildi. Olib borilgan seleksiya ishlari samarasi o‘laroq, mazkur Paraosiyo o‘yinlarida yangi nomlar, yangi chempionlar kashf etildi. Hususan, yengil atletikaning bir qator yo‘nalishlari, jumladan, balandlikka sakrash (erkaklar, oyoq amputatsiyasi) bo‘yicha Temur Giyazov, uzunlikka sakrash (ayollar, qo‘l amputatsiyasi) bo‘yicha Kamola Abdullayeva, nayza uloqtirish (ayollar, qo‘l amputatsiyasi) Roziya Ergasheva, yadro uloqtirish (bo‘yi 140sm dan past bo‘lgan sportchilar) bahslarida Bobur Omonovlarni bunga misol qilib keltirishimiz mumkin. Yuqorida qayd etilgan sportchilarimiz shu kungacha mazkur yo‘nalishlarda Xitoy va Yaponiya mamlakatlari gegemoniyasiga chek qo‘ya olishdi, deb yozadi Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati.

Bahslar davomida Husniddin Norbekov o‘zi uchun yangi yo‘nalish hisoblangan yadro uloqtirishda jahon rekordini o‘rnatdi. Bungacha rekord 2008 yilgi Paralimpiya o‘yinlarida qayd etilgandi.

Shuningdek, mazkur Paraosiyo o‘yinlarida to‘rt marotaba shohsupada faqat O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi. Suzish bahslarida to‘rtta yo‘nalishda faqat o‘zbekistonlik sportchilar medallarga ega chiqishdi.

Taqqoslash uchun, to‘rt yil oldin Incheonda bo‘lib o‘tgan Paraosiyo o‘yinlarida hamyurtlarimiz 22ta oltin, 5ta kumush va 4ta bronza, umumiy hisobda esa 31ta medal qo‘lga kiritgandilar. Bu safar esa Paraosiyo o‘yinlaridagi rekordlarimiz mutloq yangilandi va O‘zbekiston uchun eng yaxshisi bo‘lib tarixga kirdi.

Ertaga musobaqaning so‘nggi kunida badminton, velosport va basketbol bo‘yicha bellashuvlar o‘tkaziladi. Sportning ushbu turlarida o‘zbekistonlik sportchilar ishtirok etishmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring