Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekiston temir yo‘llari»dagi xizmat 90-yillarni eslatyapti(mi?)

«O‘zbekiston temir yo‘llari»dagi xizmat 90-yillarni eslatyapti(mi?)

Talabalik davrimiz 1990-1996 yillarga to‘g‘ri kelgan. Aksariyat poyezd chiptalarini kassalardan topolmay, «qo‘ldan» olardik. Hatto, ko‘p bor chiptasiz yo‘lovchi bo‘lganmiz: to‘g‘ridan-to‘g‘ri «provodnik»larni o‘zi «temir to‘siq»lardan o‘tkazib qo‘yishardi. Poyezdning na bugungidek qonuni, na tartibi bor edi. Bir o‘rinda ikki yo‘lovchi ham «tushib» qolgan vaziyatlar bo‘lardi. Bunday paytda, o‘rin mojarosida kim «boy bersa», tanburda tunashga majbur bo‘lardi yoxud vagonning yukxonasi sanalgan 3-qavatidan «joy» olardi. Provodniklarni esa cho‘ntagiga kirgan «soqqa»si qiziqtirardi, xolos.

712 FA Toshkent-Buxoro yo‘nalishidagi tezyurar poyezdida sodir bo‘lgan holat yana bizga o‘sha davrlarni eslatgandek bo‘ldi...

***

Janubiy temiryo‘l vokzali: kassada chipta yo‘q. O‘rinni pullashga uringan «provodnik». Poyezdi ketib qolgan qariyalar. Vagondagi ssenariysiz «tomosha».

Joriy yilning 1 avgust kuni soat 10:30 dan boshlab, Janubiy temiryo‘l vokzali kassalaridan Buxorogacha chipta sotib olishga bo‘lgan urinishlarimiz zoye ketdi. «Bilet yo‘q, bugunga qolmagan!» degan javob har qanday yo‘lovchini ham mushkul ahvolga solib qo‘yishi, bor gap. Yetmaganiga og‘ir yuklarni ko‘tarib, vokzalga kelganmiz.

Temiryo‘l kassalari oldidan Buxorogacha chipta yo‘qligidan hafsalasiz qaytayotganlarni ko‘rib, «ko‘pga kelgan balo ekan-ku», deya miyig‘ida kulamiz. Poyezdlar uchun chiptaga navbat katta, ammo sotuvda chiptalar yo‘qligi asablarni taranglashtirmay qo‘ymaydi. Aksiga olib, elektron chipta xarid qilishda ham «berk»lik kuzatildi. Tanish-bilishlarni ishga solish haqida ham o‘ylab qoldik. Yo‘q, to‘xtadik. Biz ham oddiy yo‘lovchi – oddiy fuqaromiz. O‘z yukimizni o‘zimiz tortib ko‘raylik, deb boshqalarni bezovta qilmaslikni lozim topdik.

«2-qavatgdagi 14-kassadan so‘rab ko‘ringlar-da, zora, chipta topilib qolsa», – deydi bizning sarsonligimizni kuzatib turgan temiryo‘l xodimlaridan biri go‘yoki yordam berishni istagandek.

Ikkinchi qavatga ko‘tarildik.

«Bor, faqat platskartga! Shundayam bokovoyga!» - deydi kassadagi chipta sotuvchi qiz. Kupega «to‘g‘rilab» berishini iltimos qildik. Imkoni ham, iloji ham yo‘qligini aytdi.

«Platskartga olavering. Ichkariga kupega almashtirib olarsiz», - deydi qiz bamaylixotir.

Ichimizdan zil o‘tgandek bo‘ldi. Bizni savol qiynardi: kupe vagonlarda bo‘sh o‘rin topilmay turgan bir paytda platskartga chipta xarid qilsak, ichkarida «gaplashib», kupe o‘rinlarda ketish mumkin. G‘alati tuyulmayaptimi? Hamkasbimiz bilan bir-birimizga ma’noli qaradik. Demak, kassadan turib ham poyezd vagonlarida qanday holatlar yuzaga kelishini «prognoz» qilishadi, bilishadi. Nimayam derdik? Kassa oldidan Buxorogacha chipta topa olmay, chiqib ketayotganlar qatori zil-zambil yuklarimizni yelkaga ortib, uzoqlashdik.

Qariyb, ikki soatdan ortiq vaqtimiz chipta izlab o‘tdi. Oxiri, tavakkal qilib, Janubiy temiryo‘l vokzal boshlig‘iga uchrashishni lozim topdik. Shunday bo‘ldi ham. Temiryo‘l vokzali boshlig‘i bilan ko‘rishishimiz qiyin kechmadi. Iltimosiimizni samimiy va iliq qarshilab, ayni paytda Toshkent-Buxoro yo‘nalishida birorta chipta qolmagan bo‘lishi mumkinligi, lekin kechki soat 18:00 da oldindan «bron» qilingan ayrim o‘rinlar egasi ketmay qolishi ehtimolida bo‘sh o‘rin topilishi mumkinligini va xavotir olmasligimizni bildirib, shaxsan o‘zi bilan telefon orqali bog‘lanishimizni bildirdi. Chipta qo‘limizda bo‘lmasa-da, kechgacha bu masala hal bo‘lishiga umid qilib, yo‘limizda davom etdik.

***

«Yesli chyo, lyuks mestalarimiz bor...»

Soat millari 14:34 ni ko‘rsatganda, bo‘sh o‘tirmay, elektron chipta xarid qilishga urinib ko‘rdik. Buni qarangki, 712 FA tezyurar Toshkent-Buxoro yo‘nalishidagi poyezdga chipta borligi ko‘rsatilgan ekan. Zudlik bilan elektron tarzda bir o‘rinni band qildik. Endi Janubiy temiryo‘l vokzali boshlig‘ini bezovta qilishga ham hojat qolmagandi.

Ushbu poyezdning jo‘nab ketishi vaqti soat 19:34 da belgilangan. Poyezd jo‘nab ketishidan yarim soatcha oldin chiptada ko‘rsatilgan 9-vagon zinasiga ko‘tarila boshladik. Yo‘lovchilarni qarshi olayotgan vagon kuzatuvchisi kuzatishga chiqqan hamkasbimizga qarab: «Yesli chyo, lyuks mestalarimiz bor: o‘tishlaringiz mumkin» dedi tomdan tushgan tarashadek. Hamkasbim bilan bir-birimizga ma’noli qarab qo‘ydik. Ayonki, bo‘sh o‘rinlar bor, faqat qo‘shimchasiga provodnikni «ko‘rish» kerak. Kun davomidagi chipta topolmay ovora bo‘lganimiz, ko‘plab yo‘lovchilarning «bilet yo‘q» deb qaytarilganidan asabiylashganlari ko‘z oldimizdan o‘tdi.   

«Demak, yaxshi va qulay o‘rinlar bor. Vagon kuzatuvchisi esa bu o‘rinlarni pullashga shay», - deydi hamkasbimiz asabi buzilib, ammo o‘zini bosgan ko‘yi past tovushda.  

«Bundan uch yilcha ilgari ham xuddi shunday holatga duch kelganman. O‘shanda ham vagon kuzatuvchisi o‘rinlarni sotib, xizmatiga noloyiq xatti-harakat qilgandi. Va men o‘sha kezning o‘zida jurnalistik o‘rganuv olib borishimga to‘g‘ri kelgandi. Afsuski, haligacha ayrim «provodnik»larning nafsi o‘lmagan ekan», -deyman hamkasbimga yuzlanib.

Oradan uch yil o‘tib, poyezddagi xuddi o‘sha mashmasha – xuddi o‘sha manzara yana qayta bo‘y ko‘rsatdi.  Afsuski, «Toshkent—Shovot» poyezdida o‘z o‘rnini 100 ming so‘mga pullashga uringan vagon kuzatuvchisi ishdan olindi» sarlavhasi ostidagi taniqidiy maqola vagon kuzatuvchilariga saboq bo‘lmagan.

Bizga taklifning «zo‘ri»ni berib qo‘ygan vagon kuzatuvchisi voqealar rivojiga ham qiziqtirib qo‘ygandi.

Vagon kuzatuvchisi: o‘zi 478 ming so‘m, siz 200 ming olib qo‘ying.

Jurnalist: Qimmat-ku, arzon bo‘lmaydimi?

Vagon kuzatuvchisi: «Roznitsa»si u. Bizga ortiqcha pulingiz kerak emas!

Jurnalist: Sharoiti qanaqa?

Vagon kuzatuvchisi: «Biznes klass»!

Jurnalist: Xo‘p. Men ushbu o‘rnimdan «Biznes klass»ga ko‘chaman va sizga 200 ming so‘m beraman...

Vagon kuzatuvchisi: Shunday!

Qisqagina suhbatdan so‘ng egnidagi xizmat kiyimida To‘lqin O‘rinov yozuvi qayd etilgan vagon kuzatuvchisiga bir nafas jim tikildik va vaziyatning oxirigacha aniqlik kiritish maqsadida unga taklifini o‘ylab ko‘rishimizni bildirib, yonidan uzoqlashdik.

Poyezd vagonlari ichi issiq, dim. Yetmaganiga oftob tig‘ida kun davomida «qaynab» yotgan temir vagonlar ichida poyezd jo‘nab ketgunicha 15 daqiqa tugul, 2-3 daqiqa ham o‘tirishning iloji yo‘q.

***

Poyezdi ketib qolgan qariyalar

Vagon qarshisidagi o‘rindiqqa cho‘kkalar ekanmiz, samarqandlik keksa otaxon-onaxonlarning suhbatiga quloq tutdik. Beixtiyor suhbatga aralashdik. Onaxonning bildirishicha, Toshkent-Buxoro yo‘nalishidagi poyezdga Samarqandgacha bo‘lgan chiptani 712 FA tezyurar Toshkent-Buxoro yo‘nalishidagi poyezdga emas, ertalab jo‘nab ketgan poyezdga sotishgan ekan.

«Bizga kechki 19:30 dagi poyezdda jo‘nab ketasizlar, deyishgandi. Yo‘qsa, shu o‘lgur vokzaliga kirish joyidagi xodimining yonidan ikki marta kirib-chiqdik. Biletimizni ko‘rishdi. Lekin hech qanaqa e’tiroz bildirishmadi. Endi esa bilsak, bizni poyezd jo‘nab ketgan ekan. Almashtirishga esa vaqt yo‘q. Bu poyezd ham ketib qolishi mumkin», - deydi onaxon.

- Qo‘lingizdagi chiptani vokzalga kirib-chiqayotganingizda aniq tekshirib ko‘rishdimi?

- Qarab-qarashmadi, bolam, bilganimizda vaqtliroq harakatga tushardik. Ha, mayli, boraylik-chi, Samarqandga, almashtirishib, pullarimizni qaytarishar. Provodnik «olib ketaman, to‘lab qo‘yasizlar» dedi-ku! Na iloj, ketamiz-da! - dedi onaxon issiqda hansiragan ko‘yi.

Shu payt poyezdning jo‘nab ketishi e’lon qilindi. Hamma yo‘lovchilar vagonlarga oshiqdik. Chiptada ko‘rsatilgan va o‘zimizga tegishli o‘rinlardan joy oldik.

***

«Samolyotga minganmisiz, o‘shanaqa zo‘r sharoit...»

Poyezd o‘rnidan qo‘zg‘aldi. 6 yo‘lovchi bir kupeda. Shu oradan tanishib ulgurdik. Aksariyati huquq-tartibot idoralari xodimlari ekan.  Oradan 15 daqiqa o‘tmay, vagon kuzatuvchisi kupe eshigidan mo‘raladi va «Opa!» deya imladi. Kupedan chiqdik. Nimayam derdik: buyog‘i bizda ham xizmatchilik. Vagon kuzatuvchisi xonasi oldida «kelishyapmiz».

Vagon kuzatuvchisi: Bitta zo‘r joy bor, «Biznes klass»

Jurnalist: Qayerda

Vagon kuzatuvchisi: 2-vagonda

Jurnalist: arzon bo‘lmaydimi?

Vagon kuzatuvchisi: yo‘q, chiqishdan oldin ham aytdim, opa, 200 ming so‘m, «roznitsa»si bu. Ortiqchasi kerakmas!

Jurnalist: unda joyni ko‘rib kelaylik!

Vagon kuzatuvchisi: nimasini ko‘rasiz, samolyotga minganmisiz, xuddi o‘shanaqa zo‘r sharoit.

Jurnalist: endi borib ko‘rsam yaxshi-da (qaysarlikka olib) birga boraylik!

Vagon kuzatuvchisi: Birga borolmaymiz, men aytaman sizni o‘zlari kutib olishadi.

Shu payt vagon kuzatuvchisi telefon orqali kim bilandir bog‘landi. Uning so‘zlashiga qaraganda, shu vagon xizmatchilaridan biri bilan so‘zlashyapti.

«Allo, aka, birga borib kelaylik, deyapti opa. Yuborsam, kutib olasizlarmi yo‘ldan?» 

Telefonda gaplashayotib, bizdan: «Olasizmi, olib qo‘ysinlarmi mestani yuz foiz?» - so‘raydi asabiylashgan ko‘yi.

Jurnalist: Ha

Vagon kuzatuvchisi telefonda: tamom, olib qo‘yinglar!

Hali biz chiptamizda tegishli vagondan na chiqib ulgurganmiz, na yuklarimizni olganmiz: o‘rnimizga o‘rindosh topildi va aynan bizga tegishli o‘rinni yo‘lovchiga ko‘rsatdi. Vagon ichidagi hech qanday ssenariysiz «tomosha» bizni hayratda qoldirdi.

Vaziyatni yanada ochiqlash uchun voqealar rivojiga singib ketamiz. Voqealar rivoji shu qadar qizg‘in tus olardiki, bu achchiq haqiqat poyezd xizmatchilarining emas, negadir, bizning vijdonimizni og‘ritardi: chipta izlagan yuzlab odamlarning shuncha ovoragarchiliklari bir taraf, vagon kupelari eshiklariaro mo‘ralab, «bo‘sh o‘rin» evaziga cho‘ntak qappaytirmoqchi bo‘lgan vagon kuzatuvchilari bir taraf.

Telefon orqali yana kimningdir «hojati»ni chiqarayotgan vagon kuzatuvchisi go‘shakni qo‘ymay, bizdan biryo‘la yuklarimizni olishimizni so‘radi. Yo‘q, shuncha pul evaziga «sotib olishimiz» kerak bo‘lgan o‘rinni avval borib ko‘rishimizni qat’iy bildirdik. Qo‘yarda-qo‘ymay, yuklarimizni ham 2-vagonga ko‘chirishga shay vagon kuzatuvchisining urinishlari zoye ketdi.

Vagon kuzatuvchisi bilan qadamba-qadam «qayerdasan, 2-vagon» deb vagonlar oralab yurar ekanmiz, u hamon telefondan bo‘shamas edi. Yo‘l-yo‘lakay o‘sha biz bekatda qisqa suhbatlashganimiz keksa otaxon-onaxon o‘rnashgan kupega keldi.

«Bo‘sh joying bormi, o‘g‘lim?»

«Bo‘sh joy yo‘q, amaki, yuz ming so‘mdan! Hozir bitta joy «yuz» bo‘lgan. Yuz berish kerak!» - deya ularning oldidan shoshib o‘tib ketdi.

Yana telefonda gapirishda davom etib: «Nechta joy kerak? 9-vagonda bor. Bo‘ldi, bo‘ldi, yuboring, men aytaman, borib o‘tiradi. Ismi Shohruhmi.... Amir. Xo‘p!»

«Ishbilarmon» vagon kuzatuvchisining xatti-harakati, ham yo‘l-yo‘lakay, ham telefon orqali qaysidir hamkasblari bilan bog‘lanib, yo‘lovchilarning «hojatini» chiqarib borayotgani bizni lol qoldirgandi.

***

«Yo‘q. Biz prokuror emasmiz!»

«Ana shu vagon!» - degan vagon kuzatuvchisidan bildikki, biz u aytmoqchi narxi 478 ming so‘mlik «biznes klass» vagoniga yetib kelganmiz.

«Shu o‘rin uchun biz 200 ming so‘m to‘laymiz-a?»

«Ha, roznitsasini,  yuz foiz mesta qiberadi, yuz foiz», takrorlaydi bizga yuzlanib, yana telefonda so‘zlashgan ko‘yi: «Allo, aka, keldim. Bilmadim, bu opa savol-javob qilyaptilar-ku, xuddi prokurorday. Nima qilamiz?!»

Jurnalist: «Yo‘q, prokurordek so‘roq qilmayapmiz! Kim bilan gaplashyapsiz?»

Vagon kuzatuvchisi: Nachalnik poyezd bilan!

Jurnalist: ha-a, nachalnik poyezd... gapirmaydimi, keyin biz boshqa kupega o‘tsak?

Vagon kuzatuvchisi: Yo‘q, hech kim gapirmaydi, shuncha kishi kelyapti-ku!

Shundan so‘nggina: «Uzr, biz prokuror emasmiz! Siz o‘z xizmat vazifangizni qanday uddaburonlarcha bajarayotganingizdek, biz ham vazifamizni bajaryapmiz», - deymiz o‘zimizni tanishtirishimizga to‘g‘ri kelib.

Biz poyezdga chiqish oldi tomdan tushgan tarashadek «pullik o‘rin» taklifini bergach, voqealar rivojiga qiziqqanimizni, chiptani bizga o‘z narxidan ikki baravar ortiqcha narxda sotishga uringaniga uni nima majbur qilganini so‘radik. Vagon kuzatuvchisi esa birorta savolimizga javob bermadi.

Ayonki, vagon xizmatchilari yaxshi imkoniyat va yetarlicha oylik maoshlariga ega. Afsuski, o‘z kasbiga va xizmat vazifasiga sadoqatsizlik bilan yondoshib, yana yo‘lovchilar ustidan cho‘ntak qappaytirishga uringan bunday vagon kuzatuvchilari birmas, balki bir nechtadir. Ustiga-ustak, vagon kuzatuvchisi aytmoqchi, bu qing‘ir ishlarga bosh-qosh bo‘layotgan «nachalnik» poyezdni kim, deb atash mumkin?

Ayni shu vaziyatda vagon kuzatuvchisi: «sizga nima bo‘lyapti, nima qilmoqchisiz?»-degan savoldan nariga o‘tmasdi.

Biz poyezdning «Biznes klass»ida ketayotgan bir nechta yo‘lovchilar bilan suhbatlashar ekanmiz,  ular ushbu vagonda chipta narxi 278 ming so‘m ekanini bildirishdi. Vagon kuzatuvchisi aytmoqchi, 478 ming so‘mlik «Biznes klass» vagoni qayerda ekan?! Og‘riqlisi, chiptasi bor yo‘lovchilarni go‘yoki o‘zi aytmoqchi «samolyot»dek joyga o‘tirib ketishini ta’minlashga urinishdan maqsad cho‘ntak qappaytirish bo‘lsa, unda kassalarning ahamiyati yana bundan ilgarigi 15-20 yilgi holatiga tushib qolishi hech gap emas!

- Naq 2 baravarga oshirib qo‘yibsiz o‘z narxingizni! - deymiz bizning ham sovuqfe’lligimiz tutib.

Vagonlararo yana o‘z o‘rnimizga juda tezlik bilan qaytar ekanmiz, ortda vagon kuzatuvchisining ham vajohat bilan kelayotganini kuzatamiz. 7 ta vagonni qanchalik tez bosib o‘tdik bilmadigu, biz ovoz tasmalarini vagon kuzatuvchisi «yo‘q qilib» yubormasligi harakatida edik.

Issiq, dim. Sovutgichlar ishlamaydi. Terlab-pishib o‘zimizga tegishli kupega yetib keldik. Hayal o‘tmay, vagon kuzatuvchisi paydo bo‘ldi. Gaplashib olish uchun bizni vagon yo‘lagiga chiqishimizni so‘radi. Rad javobini olgach, shu kupedagi boshqa yo‘lovchilarni bir necha daqiqaga yo‘lakka chiqib turishlarini so‘radi. Yana rad javobini oldi.

Shunda vagon kuzatuvchisi bizga yuzlanib:

- Nima bu ishingiz uchun «podarka» berishadimi, olsangiz formamni olasiz!

- Siz kasbingizga sadoqat ko‘rsatmadingiz!

Shu topda vagon kuzatuvchisi vajohat bilan qo‘l telefonimizni yulqib olishga urindi. Kupedan o‘z haq-huquqini bilgan va tanigan, adolat va haqiqat posbonlari o‘rin olishgan. Ular ham vagon kuzatuvchisining xatti-harakatlari o‘ziga qarshi ishlashini bir og‘iz so‘zda tushuntirishdi. Bizni quvontirgani, jamoatchilikning holatga befarq bo‘lmagani va jurnalistga ko‘makka shoshilgani.

«O‘ztemiryo‘lovchi» aksiadorlik jamiyati rahbariyati sohadagi muammolarning oldini olishda va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sohasida jamoatchilik e’tiborini har doim inobatga olishi muhim.

Mavzuga qaytamiz.

Yo‘lovchilar nima deydi: Shu kuni boshqa kupelarda kelayotgan yo‘lovchilar bilan suhbatlashar ekanmiz, ular ham chipta sotib olish masalasida muammolarga duch kelganini bildirishdi.

«Provodnik, vagon boshlig‘i va boshqa xizmatchilari «hamkorligi»dagi soqqaxo‘rlik holatlari poyezd xizmatida bijg‘ib ketgan og‘riqlardan, opa! Biletlar qanday qilib qo‘llarga chiqib ketadi – noma’lum. Balki, kassalar orqalidir, balki boshqa, biroq, viloyatlarga jo‘nab ketuvchi qariyb, barcha poyezdlar xizmatida ahvol shu! Aslida, hamma temiryo‘llarni xususiylashtirib tashlash kerak. Balki, shunda odamlarga yengillik bo‘lar», - deydi xizmat vazifasi tufayli poyezd xizmatidan muntazam foydalanib keladigan yo‘lovchilardan biri.

«Aka, pulini bersangiz, istagan vagoningizdan joy qilib beraman!» - deb vokzalda yurganlar nechta. Faqat pulini to‘lasangiz bo‘ldi. 90-yillardagi «uddaburonlar» davri yana qaytayotganga o‘xshaydi», - deydi keyingi suhbatdosh.

«Poyezd jo‘nab ketishidan bir soat oldin boring, kassalarda ham biletlar «vip» bo‘ladi. Faqat xalqning, odamlarning sarson bo‘lib qiynalgani qoladi», - deydi keyingi yo‘lovchi.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring