Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston G‘azoda bog‘cha, shifoxona va maktablar qurishga hissa qo‘shadi

O‘zbekiston G‘azoda bog‘cha, shifoxona va maktablar qurishga hissa qo‘shadi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishida ishtirok etdi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tkazilgan tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Bahrayn, Indoneziya, Argentina, Paragvay, Ruminiya, Misr, Qatar, Pokiston, Vengriya, Albaniya, Armaniston, Vetnam, Kambodja, BAA, Turkiya, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Isroil, Marokash va boshqa davlatlar delegatsiyalari rahbarlari ham qatnashdi.

G‘azo sektorini qayta tiklash va gumanitar yordam ko‘rsatish, shuningdek, mintaqada tinchlik hamda barqarorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida dastlabki sammitni chaqirgani uchun Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti, Tinchlik kengashi raisi Donald Trampga minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston Tinchlik kengashini tuzish bo‘yicha tinchliksevar tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani va uni muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishda amaliy ishtirok etishini qat’iy tasdiqlagani ta’kidlandi.

– Ishonchim komil, kengash ishi G‘azo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

G‘azoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining so‘zsiz ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi lozimligi ta’kidlandi.

Barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari G‘azoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyorligini qayd etdi.

– Bizning uchrashuvimiz xalqaro birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga bo‘lgan umumiy intilishimizning yorqin ifodasidir. Biz Yangi G‘azoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega bo‘lgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirda boshqa xorijiy mamlakatlarning davlat, hukumat va tashqi siyosiy idoralari rahbarlari ham so‘zga chiqdilar.

Yig‘ilish yakunida Tinchlik kengashi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring