Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

 O‘zbekistonda ish haqi o‘sdi, ammo mintaqadagi davlatlardan orqada qolmoqda

 O‘zbekistonda ish haqi o‘sdi, ammo mintaqadagi davlatlardan orqada qolmoqda

2025-yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonda ish haqining o‘sish sur’ati davom etdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, nominal ish haqi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,2 foizga, real ish haqi esa 7,3 foizga ko‘tarildi. Bu davrda mamlakat bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi qariyb 6 million so‘mni tashkil etdi.

Sohalar kesimida moliya va sug‘urta hamda axborot va kommunikatsiya xizmatlari yo‘nalishlarida ish haqi eng yuqori bo‘lib qolmoqda — mos ravishda 16,3 mln so‘m va 14,8 mln so‘m. Shu bilan birga, axborot, transport va ijtimoiy xizmatlar sohalarida ish haqining o‘sishi boshqa tarmoqlarga nisbatan yuqoriroq qayd etildi.

Eng past o‘sish qurilish sohasida kuzatildi: nominal ish haqi 6,1 foizga oshgan bo‘lsa, real hisobda 2,8 foizga pasaydi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, so‘nggi choraklarda O‘zbekistonda real ish haqining o‘sishi mintaqadagi davlatlarga nisbatan past. Joriy yilning yanvar–mart oylarida Markaziy Osiyo davlatlarida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 9,8 foizni, Kavkaz davlatlarini hisobga olganda esa 9,1 foizni tashkil etdi. O‘zbekistonda esa real ish haqi o‘sishi 7,2 foiz bo‘ldi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday tafovut uzoq muddat saqlanib qolsa, aholi xarid qobiliyati va ichki talabning pasayishiga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, 2025-yil ikkinchi choragida O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 91 AQSh dollariga teng bo‘ldi. Solishtirish uchun, Belorusiyada bu ko‘rsatkich 243 dollar, Ozarbayjonda 235 dollar, Mongoliyada esa 222 dollarni tashkil etdi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda minimal ish haqining aholi jon boshiga YaIMga nisbati 35 foizga yetdi. Mutaxassislar bu ko‘rsatkich yuqori bo‘lgan mamlakatlarda daromadlar nisbatan teng taqsimlanishini, past bo‘lgan hollarda esa aholi o‘rtasidagi daromad notekisligini anglatishini qayd etmoqda. Mintaqadagi Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Gruziyadan tashqari aksariyat davlatlarda bu ko‘rsatkich O‘zbekistonnikiga yaqin darajada shakllangan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring