Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonlik kinoijodkorlar yaratgan film Kannda yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi

O‘zbekistonlik kinoijodkorlar yaratgan film Kannda yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi

Fransiyaning Kann shahrida bo‘lib o‘tayotgan mashhur "Cannes Film Festival" kinofestivali davrida o‘tkazilgan ENTRE DEUX CANNES 17-xalqaro inklyuziv kinofestivalida O‘zbekiston kinoijodkorlarining “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” nomli qisqa metrajli filmi eng oliy mukofotga munosib deb topildi.

Garchi bu loyiha asosiy Kann kinofestivalining rasmiy tanlov dasturiga kirmasa-da, lekin u bilan bir vaqtda va parallel tarzda Kann shahrida o‘tkaziladigan mustaqil inklyuziv kinofestivaldir.

Festivalda dunyoning turli mamlakatlari, jumladan, Afrika, Amerika, Yevropa va Osiyo davlatlaridan kinoijodkorlar ishtirok etib, turli janrdagi badiiy, qisqa metrajli hamda hujjatli filmlar namoyish etilmoqda. 2026 yilgi Kann kino mavsumi uchun 600 dan ortiq film arizalari qabul qilingan bo‘lib, ulardan 20 dan ortiq film hakamlar hay’ati tomonidan saralab olingan. Saralangan filmlar orasida “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” qisqa metrajli filmi hakamlar hay’ati tomonidan Gran-pri mukofotiga loyiq deb topildi.

O‘zbekiston filmi festivalning eng oliy mukofotiga sazovor bo‘lgani milliy kinematografiya uchun muhim yutuq sifatida qayd etilmoqda. “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” filmi o‘z mazmuni, badiiy ifodasi va ta’sirchan g‘oyasi bilan xalqaro ekspertlar e’tiborini qozongan.

Film qahramoni Yusuf — Daun sindromi bilan tug‘ilgan bola. Ammo uning qalbida cheksiz nur, musiqaga muhabbat va hayotga ishonch yashaydi. Onasi Zilola esa farzandining jamiyatda o‘z o‘rniga ega ekanini isbotlash uchun kurashadi. Film tomoshabinni inson qadrini his qilishga, mehr va bag‘rikenglikka chorlaydi.

Ma’lumot o‘rnida, 17-Xalqaro “ENTRE DEUX CANNES” — bu xalqaro inklyuziv kinofestival hisoblanadi. Festival Fransiyaning Kann shahrida, mashhur "Cannes Film Festival" davrida o‘tkaziladi. Mazkur festivalning asosiy yo‘nalishi — nogironligi bo‘lgan insonlar, inklyuziya, insoniylik, turli hayotiy sinovlar va jamiyatdagi tenglik mavzularini yorituvchi badiiy hamda hujjatli filmlarni qo‘llab-quvvatlashdir. Festivalda qisqa metrajli, to‘liq metrajli, hujjatli va animatsion filmlar namoyish etiladi. Festivalning maqsadi: inklyuziv kino rivojiga hissa qo‘shish, nogironligi bo‘lgan insonlar haqidagi stereotiplarni kamaytirish, kino orqali insoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish, turli mamlakat kinoijodkorlarini bir platformada birlashtirishdan iborat. Festival hakamlar hay’ati tarkibida ham nogironligi bo‘lgan va bo‘lmagan mutaxassislar birgalikda faoliyat yuritadi. G‘oliblarga “DOM d’Or”, “DOM d’Argent” va “DOM de Bronze” mukofotlari topshiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring