O‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda kuniga qancha vaqt o‘tkazyapti?
«Yuksalish» harakatining «Opinions» sotsiologik tadqiqotlar markazi Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda «Ijtimoiy tarmoqlar davrida hayot» mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi. Unda mamlakatning 14 ta hududidan 1371 nafar respondent ishtirok etdi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, eng ko‘p foydalaniladigan platforma Telegram bo‘lib, respondentlarning 88,9 foizi, ya’ni 1219 nafari undan foydalanishini bildirgan. Keyingi o‘rinlarda Instagram — 73,5 foiz va YouTube — 61,8 foiz qayd etilgan. Facebook’dan esa ishtirokchilarning 24,7 foizi (338 nafar) foydalanadi.
Respondentlarning 69,9 foizi ijtimoiy tarmoqlardan do‘stlari va oila a’zolari bilan muloqot qilish uchun foydalanishini aytgan. 64 foiz yangiliklarni kuzatish, 43,8 foiz ta’lim olish, 42,2 foiz ko‘ngilochar kontent uchun ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qiladi. 40,6 foiz ishtirokchi esa ijtimoiy tarmoqlardan daromad olish va kasbiy maqsadlarda foydalanishini bildirgan. Bu savolda bir nechta javobni belgilash imkoni berilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda sarflanayotgan vaqt ham o‘rganilgan. Ish yoki o‘qish kunlarida respondentlarning 37,3 foizi ijtimoiy tarmoqlarga kuniga 2 soatdan ortiq vaqt sarflaydi. 12,4 foiz ishtirokchi esa kuniga 4 soatdan ko‘proq vaqtni ijtimoiy tarmoqlarga ajratishini bildirgan. Dam olish kunlarida 4 soatdan ortiq vaqt sarflaydiganlar ulushi 19,7 foizga, ya’ni 270 nafarga yetgan.
Ishtirokchilarning 57 foizi ijtimoiy tarmoqlarda sarflayotgan vaqtini me’yorida deb hisoblaydi. Biroq 33,4 foizi, ya’ni har uch kishidan biri, ijtimoiy tarmoqlarda keragidan ko‘proq vaqt qolib ketayotganini tan olgan.
Vaqtini kamaytirishga uringan 511 nafar respondent (61 foiz) bunga erishgan, 327 nafari (23,9 foiz) esa buning uddasidan chiqa olmagan. Ishtirokchilarning 28 foizi ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadigan vaqtini kamaytirishga ehtiyoj sezmasligini bildirgan.
Tadqiqot natijalari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p vaqt o‘tkazish faqat yoshlarga xos emasligini ham ko‘rsatgan. Kuniga 2 soatdan ortiq foydalanadiganlar ulushi nafaqadagilar orasida 54 foiz, uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band respondentlar orasida 43,7 foizni tashkil etgan. Maktab o‘quvchilarida bu ko‘rsatkich 27,3 foiz, talabalarda esa 32,7 foiz bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning uyqu va kundalik vazifalarga ta’siri ham o‘rganilgan. Respondentlarning 62,2 foizi, ya’ni 853 nafari, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uyqusiga ta’sir qilishini bildirgan. 18 yosh va undan katta ishtirokchilarning 58,1 foizi esa ijtimoiy tarmoqlar ish yoki kundalik vazifalariga muayyan darajada xalaqit berishini qayd etgan.
13–17 yoshli ishtirokchilarning 74,4 foizi ijtimoiy tarmoqlar uyqusiga ta’sir qilishini bildirgan. Ularning qariyb to‘rtdan uch qismi ijtimoiy tarmoqlar o‘qish yoki uy vazifalarini bajarishga ham xalaqit berishini aytgan.
O‘smirlarning 66,7 foizi ota-onasi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini doimiy nazorat qilishini, 28,2 foizi esa ba’zan nazorat qilishini bildirgan. 5,1 foiz o‘smirning ota-onasi bu borada nazorat qilmasligini aytgan.
Respondentlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda eng ko‘p tashvish uyg‘otadigan muammo ortiqcha vaqt sarflash bo‘lgan — 30,1 foiz, ya’ni 413 nafar. Keyingi o‘rinlarda soxta yoki ishonchsiz axborot — 18,6 foiz (255 nafar), firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishi — 13,2 foiz (181 nafar) qayd etilgan.
Shuningdek, respondentlarning 6,9 foizi ijtimoiy tarmoqlarning uyqu va salomatlikka ta’sirini, 6,9 foizi oila a’zolari o‘rtasidagi muloqotning kamayishini, 4,2 foizi esa haqorat va tazyiqni asosiy muammolar sifatida ko‘rsatgan. 8,5 foiz ishtirokchi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish hech qanday muammo keltirib chiqarmasligini bildirgan.
Tadqiqot mualliflari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklashdan ko‘ra, ulardan ongli, xavfsiz va me’yorida foydalanish madaniyatini shakllantirish muhimligini ta’kidlagan. Shuningdek, media savodxonlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va soxta axborotni aniqlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni ta’lim muassasalari va mahallalarda yo‘lga qo‘yish taklif etilgan.
Tahlil natijalari ijtimoiy tarmoqlar bilim olish, muloqot qilish va mehnat faoliyatini rivojlantirish uchun imkoniyat yaratishini, biroq ulardan nazoratsiz foydalanish vaqtning samarasiz sarflanishi, uyqu, salomatlik va kundalik vazifalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter