Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning TDT davlatlari bilan savdosi 10,8 mlrd dollarga yetdi

O‘zbekistonning TDT davlatlari bilan savdosi 10,8 mlrd dollarga yetdi

O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan so‘nggi 9 yildagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligi yuzasidan tahlili e’lon qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda TDT davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 2,3 trln dollarga, tashqi savdo aylanmasi esa 1,2 trln dollardan oshgan. Qayd etilishicha, TDT mamlakatlari mashinasozlik, to‘qimachilik, elektrotexnika, kimyo sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalarida katta iqtisodiy salohiyatga ega.

So‘nggi 9 yilda O‘zbekistonning TDT davlatlari bilan tovar aylanmasi 2,7 barobarga oshib, 2017-yildagi 4 mlrd dollardan 2025-yilda 10,8 mlrd dollarga yetgan. Eksport hajmi 1,2 mlrd dollardan 3,8 mlrd dollargacha, import esa 1,8 mlrd dollardan 7 mlrd dollargacha oshgan.

2025-yilda O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan savdosida eng katta ulush Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan – 5 mlrd dollar yoki 46 foiz. Turkiya esa 3 mlrd dollar bilan ikkinchi o‘rinni egallagan.

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston TDT davlatlariga eksport hajmini yana 2,7 mlrd dollarga oshirish imkoniyatiga ega. Xususan, Turkiyaga eksportni 1,8 mlrd dollarga, Qozog‘istonga 500 mln dollarga oshirish salohiyati mavjud.

Investitsiyaviy hamkorlik ham izchil o‘smoqda. 2017–2025 yillarda TDT mamlakatlaridan O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 11,5 mlrd dollardan oshgan. Faqat 2025-yilning o‘zida bu ko‘rsatkich 3,8 mlrd dollarni tashkil etgan.

Eng yirik investor Turkiya bo‘lib, 2025-yilda O‘zbekistonga 2,4 mlrd dollar investitsiya kiritgan. Hozirda O‘zbekistonda TDT mamlakatlari kapitali ishtirokida 4,5 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 15-may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning Turkiston shahrida o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining «Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish» mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring