Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘ztransgaz» raisi yangicha formatda ishlashga va’da berdi

«O‘ztransgaz» raisi yangicha formatda ishlashga va’da berdi

Foto: «Facebook/Sharifjon Tursunov»

«O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati raisi Sharifjon Tursunov «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida sahifa ochib, xalq bilan ochiq muloqotga kirishishga, yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni ijobiy hal etishga va’da berdi, deb xabar bermoqda «O‘zA».

Shuningdek, jamiyat raisi tizim faoliyatiga doir har qanday masalaga ijobiy yechim topib, aholining taklif, mulohaza va masalalarini eshitishga doimo tayyor ekanini bildirgan.

— Tildan aytilgan so‘z quloqqacha, dildan aytilgan so‘z esa, Allohgacha boradi... Haqiqatan ham, Muhtaram Prezidentimizning Oliy Majlis palatalari a’zolariga murojaati zamiridagi samimiy fikrlar bugun meni Siz azizlar bilan ishonchli va natijador muloqotga chorladi.

«O‘ztransgaz» AJ tizimida yillar davomida to‘planib qolgan muammolar, turmushdagi qiyinchiliklarni bartaraf etish, pirovardida, fuqarolarning roziligiga erishish maqsadida ochilgan bu sahifam o‘ylaymanki, ko‘nglingizga yo‘l topishimga samarali imkoniyat bo‘ladi. Gaz ta’minoti borasida qanday fikringiz, taklif va mulohazalaringiz, yechimini kutayotgan muammolaringiz bo‘lsa, marhamat, ayting. «O‘ztransgaz» AJ boshqaruvi raisi sifatida, vakolatim doirasida barcha masalalarning ijobiy hal etilishiga yordam berishga tayyorman. Sa’y-harakatlarim ortida nafaqat xonadoningizga iliqlik, qalbingizga nur ham ulasha olsam, demakki, niyatimga yetibman, maqsadimga erishibman, — deydi «O‘ztransgaz» AJ raisi Sharifjon Tursunov feysbukdagi sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatining asosiy vazifasi respublika iste’molchilarini belgilangan tartibda tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring