Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Peshko‘da ikki nafar ayol o‘z joniga qasd qildi

Peshko‘da ikki nafar ayol o‘z joniga qasd qildi

Buxoro viloyati, Peshko‘ tumanining turli mahallalarida yashovchi ikki ayol o‘z joniga qasd qildi, deya ma’lum qilmoqda «Xabar.uz» muxbiri.

Peshko‘ tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

O‘zini osish orqali joniga qasd qilgan S.R. 25 yoshli qiz hali turmushga chiqmagan bo‘lgan. Peshko‘ tumanining «Xurram» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Kate qishlog‘ida yashovchi S.R.ning nega o‘z joniga qasd qilgani noma’lum bo‘lib qolmoqda.

«Xurram» MFY raisi Azizjon Boboyevning «Xabar.uz»ga bildirishicha, S.R. oilada yagona qiz. Bir nafar akasi va bir nafar ukasi bor. S.R. joriy yilning 1 yanvar kuni tongda o‘z joniga qasd qilgan.

«Oilaning to‘ng‘ich farzandi, ya’ni S.R.ning akasi bir necha kun ilgari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan ayblanib, uch yil qamoq muddatini o‘tab qaytgandi.  Singlisining o‘limidan bir kungina ilgari uning oila a’zolari va akasi bilan suhbatlashib qaytgandik. Oila tinch, janjalkash emas. Achinarlisi, qizning o‘z joniga qasd qilishi uchun oilada biror sabab bo‘lmagan»,—deydi Azizjon Boboyev.

MFY raisining aytishicha, o‘tgan yilning boshida Peshko‘ tumani hokimi tomonidan S.R.ga o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun tikuv mashinasi berilgan. Bundan tashqari, 3 sotxli yer maydonida issiqxona tashkil qilib berilgan.

«Chaqqon, mehnatsevar qiz edi. Shu qizning say’-harakati bilan sharoitlarni ancha-muncha tiklab olishgandi. Paxta terardi, o‘z issiqxonasida ham ishlardi. U issiqxonasi orqali qishloqning 10-15 nafar xotin-qizlarini ham ish bilan ta’minlagandi. 31 dekabr kuni ko‘plab qarindosh-urug‘larnikiga ham mehmondorlikka borib kelishgan ekan. Sababi mavhum bo‘lib qolmoqda. Huquq-tartibot idoralari vakillari holatni o‘rganishyapti», — deydi Azizjon Boboyev.

O‘z joniga qasd qilgan ikkinchi ayol D.M. 2019-yilda «Peshko‘» mahallasiga tumanning «Navbahor» mahallasidan kelin bo‘lib tushgan. Uch yoshli bir nafar o‘g‘il farzandi bor. D.M. ham oilada o‘g‘il akasidan keyingi yagona qiz farzand.

Mahalla raisi yordamchisi Mayram Shodiyevaning so‘ziga ko‘ra, D.M. kelin bo‘lib tushgan xonadonda uch ovsin bir hovlida yashab keladi. Ahil va o‘ziga to‘q oilada o‘zaro kelishmovchilik bo‘lib turgandir, ammo mahallada hech qachon gap-so‘zlari chiqmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 30-dekabr kuni D.M. turmush o‘rtog‘i bilan Peshko‘ tuman markazidagi kiyim bozoriga borishgan. Turmush o‘rtog‘ining bir necha marotaba ogohlantirishiga qaramay, D.M. bozorda ancha vaqt qolib ketgan. D.M. bozordan faqat farzandiga kiyim-kechak olib chiqqan. Oradan shuncha vaqt o‘tsa ham o‘ziga kiyim-kechak olib chiqmagani uchun turmush o‘rtog‘i D.M.ga tanbeh bergan va o‘rtalarida tortishuv kelib chiqqan. Bozordan qaytishgan D.M. eri bilan janjallashib qolganini ota-onasiga telefon orqali bildirgan. Qizining tajang ahvolidan xavotirga tushgan ota-onasi zudlik bilan qudalarining uyiga yetib kelishgan. Kuyov esa bo‘lgan voqeani aytib bergan. Shundan so‘ng, D.M.ning ota-onasi qiziga erni hurmat qilish va kelinlik adabini bajarish lozimligi xususida nasihat berib, xayr-xushlashib qaytishgan.

Shu kuni namozgar, kech tushayotganda, D.M.ning qaynona-qaynotasi hamda uning turmush o‘rtog‘i 31-dekabr - bayram dasturxoni uchun mahsulotlar sotib olish maqsadida Romitan tumani dehqon bozoriga ketishgan.

Hovlida D.M. farzandlar va uch ovsini bilan qolgan. Har uchala ovsin ham bayram kayfiyatida pishiriqlar pishirishib, dasturxon tuzashgan. Shu orada D.M. molxonaga chiqib ketgan va qaytib kelavermagan. Yosh ovsinining nega hayallab qolayotganidan xavotirga tushgan ovsinlar D.M.ning ortidan molxonaga borishgan va fojia ustidan chiqishgan.

«Tushuntirish xati olish uchun ularning xonadoniga bordim. Ta’ziyaxonada D.M.ning ota-onasi va yaqinlari ham bor edi. Quda-andalar aza-o‘charni birgalikda o‘tkazishdi. D.M.ning eri bilan suhbat chog‘imizda, yosh kelin turmush o‘rtog‘ining Rossiyada ishlab yurgan kezlarida ham  u bilan telefon orqali suhbati davomida bir necha marotaba yashagisi kelmayotgani, o‘zini o‘ldirishini bildirgan ekan. Qizining bunday gaplaridan D.M.ning onasining ham xabari bo‘lgan va bunday sovuq gaplarni aytmaslikka da’vat etib kelishgan ekan. Afsuski, qiz asabiy holatda aytayotgan bo‘lishi mumkin, deya o‘ylab, e’tibor qaratmay kelishgan. Bu ko‘pchilikda uchrashi mumkin bo‘lgan ruhiy holatdir balki...», — deydi mahalla raisi yordamchisi Mayram Shodiyeva.

Buxoro viloyati prokuraturasi mas’ul xodimining bildirishicha, har ikki holat yuzasidan ham Peshko‘ tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring