Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Poytaxt, Andijon va Qashqadaryoda «hojatbaror» poraxo‘rlar ushlandi

Poytaxt, Andijon va Qashqadaryoda «hojatbaror» poraxo‘rlar ushlandi

Videodan skrinshot

Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquq-tartibot organlari hamkorligida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ayrim mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Andijon viloyati. Bo‘ston tumani hokimining investitsiya hamda qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘zaro til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda, tumandagi fermer xo‘jaligining 500 ming AQSh dollarlik eksport rejasini soxta eksport operatsiyalari orqali yopib berish evaziga 65 mln so‘m miqdorida pora talab qilishgan.

Tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari joriy yilning avgust oyida so‘ralgan pulning 25 mln so‘mini avans sifatida oladi. Qolgan 40 mln so‘mni tuman hokimining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari orqali olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Toshkent shahri. Boshqa bir holatda esa fuqaro DXX “Call markazi”ga murojaaat qilib, 2 nafar shaxs o‘zlarining hokimlikda yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Sergeli tumanida joylashgan MChJga tegishli 1 gektar yer maydonining toifasini o‘zgartirib, u yerda ko‘p qavatli uy-joy qurishga ruxsat olib berish evaziga 900 ming AQSh dollari talab qilishganligini aytadi.

Mirobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish niyatida bo‘lgan “uddaburon”lar oldindan 220 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Qashqadaryo viloyati. Shu viloyatda istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati asosida DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Qarshi shahridagi “Vatanparvar” tashkilotining viloyat kengashi raisi o‘rinbosari ariza muallifining o‘g‘liga imtihonsiz haydovchilik guvohnomasini olib berish evaziga xizmat xonasida 20 mln so‘m pulni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring