Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident o‘qituvchi va murabbiylarga tabrik yo‘lladi

Prezident o‘qituvchi va murabbiylarga tabrik yo‘lladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi

So‘nggi yillarda 500 ga yaqin yangi maktablar barpo etilib, mavjudlari kengaytirilgani hisobidan 1 million o‘quvchi o‘rni yaratildi. Xususiy maktablarga yo‘l ochilishi tufayli ota-onalar va o‘quvchilar uchun tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bugungi kunda 200 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz ana shunday maktablarda o‘qimoqda.

Yangi o‘quv yilidan 12 yillik maktab ta’limi hamda 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinib, ularning natijalari bo‘yicha bitiruvchilar bevosita texnikum va oliygohlarga kira oladigan tartib yo‘lga qo‘yiladi.

"Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya Respublikasi kabi rivojlangan mamlakatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning ilg‘or o‘quv dasturlari joriy etiladi. Jumladan, Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda “BITEK” xalqaro dasturi orqali yoshlar turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallaydi.

Mamlakatimizda dual ta’lim bilan qamrov 5 barobar oshiriladi. Ayni paytda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, chet ellik investor va hamkorlar bilan erkin muloqot qilish uchun texnikumlardagi xorijiy til soatlari to‘rt karra ko‘paytiriladi.

Umuman, kelgusi yildan yangi, raqamli ochiq platforma ishga tushirilib, unda texnikum bitiruvchilarining kasbiy ko‘nikmalari haqidagi ma’lumotlar mahalliy va xorijiy ish beruvchilar uchun e’lon qilinadi", deyiladi tabrikda. 

"Soha xodimlarining mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi. Jumladan, yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi.

Kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma joriy etilishi mo‘ljallanmoqda. O‘qituvchilarning zamonaviy kompyuter texnikalarini xarid qilishlari uchun 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Yangi yildan soha xodimlari uchun davlat xizmatlari to‘lovi ikki karra kamaytiriladi. Dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan bo‘lg‘usi pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi.

Muxtasar aytganda, o‘qituvchi va murabbiylik kasbini jamiyatimizdagi eng muhim va obro‘li kasbga aylantirish bo‘yicha boshlagan ishlarimiz izchil davom ettiriladi", deya ta’kidlagan prezident. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring