Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident O‘zbekiston Qahramoni Ahmad Narzullayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Prezident O‘zbekiston Qahramoni Ahmad Narzullayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qahramoni Ahmad Narzullayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Butun hayoti va mehnat faoliyatini qishloq xo‘jaligi rivojiga bag‘ishlagan taniqli fermer, O‘zbekiston Qahramoni Ahmad Narzullayev shu yil 1-noyabr kuni 68 yoshida vafot etgan edi.

A.Narzullayev 1956 yili Denov tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini tumandagi «Surxonoziqovqatsanoati» aksiyadorlik jamiyatida boshladi. Keyinchalik Toshkent politexnika institutini tamomlab, «Sharg‘un» g‘isht zavodida, Denov tumanidagi 37-mexanizatsiyalashgan ko‘chma kolonna va eksperimental ishlab chiqarish birlashmasida turli vazifalarda ishladi. 1991-yildan «Lochin» fermer xo‘jaligi rahbari sifatida fidokorona mehnat qilgan.

«A.Narzullayev 50 yildan ziyod davom etgan ish faoliyati mobaynida boy bilim va hayotiy tajribasini, kuch-g‘ayratini el-yurt ishiga bag‘ishladi. O‘zini yer ilmining haqiqiy bilimdoni, zamonaviy agrotexnologiyalar va xo‘jalik yuritish usullarini puxta egallagan tashkilotchi rahbar, mehnatsevar, kamtarin va vatanparvar inson sifatida namoyon etib, respublikamizda qishloq xo‘jaligi sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi.

U ko‘p yillar Surxondaryo viloyati va Denov tumani xalq deputatlari kengashlarining a’zosi sifatida ushbu hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va yuksaltirish, aholining turmush sharoitini yaxshilash, ta’lim, tibbiyot, madaniyat maskanlari qurish va obod qilish, yangi bog‘ va xiyobonlar barpo etish, yoshlarni ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda jonbozlik ko‘rsatdi.

Tajribali fermer o‘nlab iqtidorli shogirdlar tayyorlab, qishloq xo‘jaligi sohasini malakali kadrlar bilan ta’minlash borasida ham ibrat namunasini ko‘rsatdi.

Ahmad Narzullayevning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni va «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan edi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasining yetuk namoyandasi, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Ahmad Narzullayevning yorqin xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi», – deyiladi ta’ziyanomada. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring