Prezident simpozium ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi

Navoiy viloyatida «ALIShER NAVOIY VA ShARQ RENESSANSI» xalqaro simpoziumi o‘z ishini boshladi.
Buyuk mutafakkir Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi hamda viloyatda 2025 yil Alisher Navoiy yili deb e’lon qilinganligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan «ALIShER NAVOIY VA ShARQ RENESSANSI» xalqaro simpoziumida Belgiya, AQSh, Vengriya, Pokiston, Rossiya, Eron, Misr, Ozarbayjon, Turkiya, Shimoliy Kipr, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 20 ga yaqin davlatning, shuningdek respublikamizning navoiyshunoslari, arboblar, madaniyat va san’at namoyandalari, yirik oliy o‘quv yurtlari professorlari bevosita va bilvosita (onlayn platformalar orqali) ishtirok etmoqda.
Xalqaro simpozium doirasida Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat maskanida yalpi majlis o‘z ishini boshladi. Unda prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning simpozium ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
«Qadimiy O‘zbekiston zaminida, go‘zal Zarafshon vohasida Sharq Uyg‘onish davrining yorqin namoyandasi, buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan navqiron shaharda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu forumning nufuzi dunyo miqyosida tobora ortib bormoqda. Bu galgi anjumanda Osiyo, Afrika, Yevropa va Amerika qit’alari mamlakatlaridan ko‘plab taniqli olim va tadqiqotchilar ishtirok etayotgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Mazkur anjuman Navoiy viloyatida «Alisher Navoiy yili» deb e’lon qilingan joriy yilda, ulug‘ ajdodimizning 584 yillik tavallud sanasi keng nishonlanayotgan kunlarda o‘tayotgani uning fayzi va shukuhini yanada oshirmoqda.
Jahon adabiyoti va tafakkuri tarixida o‘chmas iz qoldirgan Alisher Navoiyning serqirra ijtimoiy-siyosiy, ijodiy, ilmiy-ma’rifiy faoliyati, boy adabiy-badiiy merosi asrlar davomida yuksak insonparvarlik, Vatanga sadoqat, adolat va ezgulik timsoli sifatida hamisha jahon ahlining e’tiborini tortib kelmoqda.
Hazrat Mir Alisher Navoiy o‘ta murakkab sharoitda milliy va umuminsoniy g‘oyalarni baland ko‘tarib maydonga chiqqani, o‘zbek adabiy tiliga asos solib, uning o‘lmas ruhi, qudrati va latofatini har tomonlama isbotlab bergani chinakam ma’naviy jasorat namunasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bu mumtoz siymo jahon adabiyoti mezonlariga, zamon va tarix sinovlariga to‘la javob beradigan durdona asarlar yaratib, nafaqat o‘zbek, balki barcha turkiy adabiyotlar rivojiga beqiyos hissa qo‘shgani ham yuksak hayrat va tahsinga munosibdir.
Alisher Navoiyning bebaho ijodiy merosi haqli ravishda jahon adabiyoti daholarining buyuk asarlari bilan bir qatorda turishi bizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi», deyiladi tabrikda.
Yalpi majlisda viloyat hokimi Normat Tursunov ham nutq so‘zladi.
Simpozium 8-9 fevral kunlari butun viloyat bo‘ylab sho‘’ba yig‘ilishlari, «Nazm va navo» adabiy kechalari, seminarlar, olimlar bilan uchrashuvlar, Hazrat haykallari poyiga gulchambarlar qo‘yish marosimlari va shu kabi madaniy tadbirlar bilan davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter