Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin o‘zini Pyotr Birinchiga tenglashtirdi

Putin o‘zini Pyotr Birinchiga tenglashtirdi

Foto: RIA «Novosti»

Prezident Vladimir Putin yosh tadbirkorlar va kashshoflar bilan uchrashuvda Rossiyaning Ukraina bosqinidan nimani ko‘zlaganiga oydinlik kiritdi. U nutqi davomida o‘zini imperator Pyotr Birinchiga tenglashtirgan.

«Bugun Pyotr Birinchining 350 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada qatnashdik. Hayratlanarli jihati, o‘shandan buyon deyarli hech narsa o‘zgarmagan. Pyotr Birinchi Shimoliy urushni 21 yil davomida olib bordi. Bir qarashda u Shvetsiya bilan urushgan, hududlarni bosib olgan. Yo‘q, u bosib olmagan, balki qaytarib olgan! Xuddi shunday! U Peterburgga – yangi poytaxtga asos solganida biror bir Yevropa davlat uni Rossiya hududi o‘laroq tan olmagan, Shvetsiyaniki deb bilishgan. Holbuki, u yerda asrlar davomida finn-ugor xalqlari bilan birgalikda slavyanlar ham yashagan, hudud esa Rusiya davlati nazoratida bo‘lgan», – degan Putin.

Rossiya rahbari nutqi davomida Ukraina bosqinini tilga olmagan, ammo qo‘shni davlatga urush ochishdan maqsad xuddi Pyotr Birinchi kabi tarixiy yerlarni qaytarib olish ekaniga ishora qilgan.

«Ko‘rinib turibdiki, bizning gardanimizga ham (yerlarni) qaytarib olish va mustahkamlash tushgan», – degan u.

Tahlilchilar Rossiya rahbarining hududiy da’volarini xavfli tendensiya deb baholamoqda. Ayni paytda Ukrainaning rus qo‘shini tomonidan bosib olingan viloyatlarida Rossiyaga qo‘shilish borasida referendum o‘tkazilishi aytilmoqda. Bu esa yerlarni zo‘rlik yo‘li bilan bosib olishdek o‘tmishga aylangan hodisa yana qaytayotganidan dalolat bermoqda.

Sir emas, V.Putin SSSRning parchalanishini XX asrning yirik geosiyosiy fojiasi deb biladi.

2021 yil 1 sentyabr kuni Vladivostokda maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvda ham u sobiq Ittifoqning parchalanishini mamlakat davlatchiligi tarixidagi fojia deb atagan.

«Ushbu fojialar ro‘y bermaganda (1917 yilgi revolyusiya va qizil imperiyaning parchalanishini nazarda tutilmoqda – tahr.), aholi 500 mln atrofida bo‘lar edi. Farqni ko‘ryapsizmi? Davlatning yalpi qudrati geometrik progressiya tartibida oshar edi», – degan u.

Rossiya rahbari SSSR borasida avval ham bahsli bayonotlar bergan. Xususan, 2020 yilda «Rossiya. Kreml. Putin» nomli hujjatli film uchun bergan intervyusida SSSR tarkibida bo‘lgan respublikalar Ittifoq tarkibidan chiqish payti o‘zi bilan Rossiyaga tegishli ulkan hududlarni ham olib chiqib ketganini da’vo qilgan. Ciyosiy tahlilchilar bu o‘rinda V.Putin Ukraina va Qozog‘istonni nazarda tutganini aytgan. Rossiyalik taniqli olim, tarix fanlari doktori Sergey Abashin «Rossiyaga azaldan tegishli bo‘lgan hududlar boshqa davlatlarga o‘tib ketgani»ga ilmiy raddiya bergan.

Kreml sohibining 2021 yil 12 iyul kuni e’lon qilingan «Ruslar va ukrainlarning tarixan birligi haqida» deb nomlangan maqolasi ham qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Rus va ukrain tilida e’lon qilingan maqolada muallif zamonaviy Ukrainaning tashkil topishi SSSR davri mahsuli ekanini ta’kidlaydi. Maqolada, shuningdek, bolsheviklar chegaralarni o‘zbilarmonlik bilan o‘zgartirib, Rossiya hududini boshqalarga tuhfa qilib yuborgani, hududlar talon-toroj etilgani da’vo qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring