Qish yaqin. Xo‘jayidod, O‘rmonchi va Bexbolodan kimdir yana yo‘lda o‘lmasligi uchun nima qilish kerak? (foto)
Xabar.uz’ga Surxondaryo viloyati, Boysun tumanidagi Xo‘jayidod, O‘rmonchi va Bexbolo mahallasida yashovchi fuqarolar tomonidan murojaat bo‘ldi. Qish yaqinlashib, qor yoqqani hamono bu yerlarda yo‘llar yopilib, toki aprel oyiga qadar dunyodan uziladi. Qolganini aholidan eshitsak:
«Xo‘jayidod, O‘rmonchi va Bexbolo mahallasi tuman markazidan 50 kilometr uzoqlikda, tog‘li hududda joylashgan. Biz tog‘liklar qish kelishi bilan ming bir azobda qolamiz. UAZ rusumli mashinadan boshqasi qatnay olmay qoladi. Issiq jon, kimdir kasal bo‘ladi, dori-darmon, shifokor ko‘magiga muhtoj bo‘lib qoladi. Ba’zan kasallar hatto yo‘lda vafot etadi. Yoki tuman markaziga amallab olib borilgach, u yerda joni uzilsa, qaytarib olib kelish ham ilojsiz. Majburlikdan tuman markazidagi qabristonga ko‘mamiz.
Holimizdan xabar oladigan odam yo‘q. Ayniqsa bu yil bahorda ob-havo injiq keldi va xashar yo‘li bilan qurgan ko‘priklarimizni sel olib ketdi. Natijada uchta mahallaga xizmat ko‘rsatadigan QVP va bolalarimiz qatnaydigan 18-maktabning yo‘li buzildi. Ko‘p xo‘jaliklar xavf ostida qolgan, o‘nlab uylarni sel buzib tashladi va fuqarolar sarson-sargardonlikda qoldi.
Hokimiyat va FVVga murojaat qilishdan charchadik. Biror natija yo‘q. Biz — tog‘liklar shundoq ham pandemiya tufayli qiyin holatda qolgan davlatimizga ortiqcha yuk bo‘lmaslik uchun o‘z kuchimiz bilan yo‘lni to‘g‘irlashga tayyormiz. Ammo buning uchun texnika kerak. Yoqilg‘isini o‘zimiz topib beramiz, faqat texnikadan yordam qilishsa bo‘lgani. Ammo mana shu arzimizga ham quloq soladigan odam yo‘q.
Qish yaqinlashib kelyapti, hademay qahraton kunlar boshlanadi. Biz ham insonmiz, yaxshi yashashga haqqimiz bor. Iltimos, hech bo‘lmasa bir kelib, ko‘ngil so‘rab ketinglar», — deyiladi murojaatda.
Burhon Aliyev, Akmal Qurbonov, Abdulhafiz Karimov, Sadi Samiyev va Qurbon Abdunazarovlar tomonidan qilingan murojaatning mana bu joyini alohida keltirishga qaror qildik:
«Mening onam 45 yoshida vafot etgan. Uning joni qish faslida, shifoxonaga yeta olmay, yo‘lda uzilgan edi. O‘shanda men 6 yoshga to‘lgandim. Ukam 4 yosh va singlim 2 yoshda edi. Hammamiz yetim qoldik. Bo‘zlab-bo‘zlab mehribonlik uyida katta bo‘ldik. Oradan shuncha yil o‘tdi hamki, yo‘l muammosi hamon hal bo‘lgani yo‘q.
Agar shu yo‘l yaxshi bo‘lganida biz — yetimlar ham ona mehridan mosuvo bo‘lmagan bo‘larmidik. Kattalardan iltimos, onalar yo‘lda o‘lib, bolalarni davlat boqqanidan ko‘ra, o‘sha yetimlarga ketadigan pulni yo‘lni to‘g‘rilashga sarflang!»
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter