Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Laylo Hayitova

Shiori: Olg‘a harakat qil, o‘rgan, izlan, urinib ko‘r, muhimi, to‘xtama!

Qorako‘l maktabidagi voqea fojiami yoki ehtiyotsizlik?

Qorako‘l maktabidagi voqea fojiami yoki ehtiyotsizlik?

foto: iStockPhoto.com

2025-yil 12 sentyabr. Qorako‘l tumanida joylashgan Ogahiy nomli 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ta’lim olayotgan, asli jondorlik bo‘lgan 8-sinf o‘quvchisi D.M. uchun bu kun oxirgi kun, oxirgi dars soatlari bo‘lishini hech kim tasavvur ham qilmagan edi. D.M. aqlli, zehnli, og‘ir-bosiq, bilimga chanqoq o‘quvchi. U matematika fanini katta qiziqish bilan o‘rganishga intilib, har bir darsni qoldirmasdan qatnashib kelgan. Salkam besh yildan beri maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Furqat Jumaqulov uni o‘z farzandidek ko‘rgan va uyidan boshpana bergan. Maktab qoshidagi o‘quv kurslarida ham qo‘shimcha ta’lim olishiga sharoit yaratilgan. Lekin... hamma narsa bir lahzada o‘zgardi. Shu kuni maktabdagi darslar yakunlangach, 5 nafar o‘quvchi maktab hovlisidagi o‘quv markaziga yugurib kirishgan, ular orasida D.M. ham bo‘lgan...

– Biz o‘quv markazi boshlig‘i Alibek Jo‘raqulov bilan tushlikni qilgach, markaz xonalaridan birida test savollarini tayyorlayotgan edik, – deydi Furqat Jumaqulov. – Qo‘shimcha kurs soatlari 14:30 da boshlanadi. Chamasi, taxminan, soat 14:20lar atrofi edi. Bir o‘quvchimiz xonaga shoshilinch kirib keldi va hayajon bilan: D.M. sinfxonada yiqilib, hushidan ketdi! – dedi. Bu xabar bizni esankirab qo‘ydi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zimizni qo‘lga olib, xonamizdan qanday otilib chiqqanimizni bilmaymiz, bolalarning sinf xonaga yugurgilab kirishganiga hali bir daqiqa ham bo‘lmagandi. D.M.ning yuziga suv sepdik, hushiga kelmadi. Bu orada «Tez yordam»ga ham qo‘ng‘iroq qilganmiz. «Tez yordam»ni 10 daqiqalarcha kutdik, bola og‘ir ahvolda bo‘lgani uchun ortiq kutib turolmadik. O‘zimning shaxsiy avtomashinamda Qorako‘l tuman markaziy shifoxonasiga olib keldik. Shifokorlar shoshilinch harakatga tushib ketishdi. Biroq, shifokorlarning aytishicha, bola yo‘ldayoq vafot etgan bo‘lgan... O‘g‘limdek bo‘lib qolgandi...

Yana bir suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, bolalar sinfxonaga yugurib kirishgan. Bola sinfxonada yugurayotgan paytda oyog‘i toyib ketib, orqa tomoni bilan yerga yiqilgan. Linoleum tagida beton bo‘lgani sababli, boshi qattiq shikastlangan. Ammo, bu rasmiy xulosa emas. Bu – faqat bir tomonning qarashi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali direktori o‘rinbosari Azizbek Bobojonovning «Xabar.uz» muxbiriga bildirishicha, holat yuzasidan soat 14:32 da chaqiruv bo‘lgan. 1,5 daqiqa gaplashilgan. 14:35 da yo‘lga chiqilgan.

– Tuman markaziy yo‘li, ya’ni asosiy yo‘l ta’mirlash ishlari kechayotgani bois, yopiq edi, – deydi Azizbek Bobojonov. – «Tez yordam» manzilga ichki ko‘chalar orqali aylanib kirishga majbur bo‘lgan. Vaholanki, chaqiruv kelgan manzil va tumanga qarashli «Tez yordam» maskani orasi uncha uzoq masofa bo‘lmagan. 15 daqiqada ichki va tor yo‘llar oralab manzilga yetib borgan. Agar yo‘llar berk bo‘lmaganda edi, «Tez yordam» mashinasi oldinroq manzilga yetib borishi mumkin edi. Bu orada bolaning ustozining o‘zi shaxsiy mashinasida tibbiyot markaziga olib kelganini aytgan.
Qorako‘l tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i esa D.M.ning shifoxonaga taxminan soat 14:35-14:40 larda keltirilgani, uning biologik o‘lim holatida bo‘lganini ta’kidlaydi.

– Bolani keltirishganda, yurak urishi, markaziy tomirlarida pulsatsiya yo‘q edi, – deydi birlashma boshlig‘i. – Nafas ham olmasdi. Og‘zidan ko‘pik kelayotgan holda keltirildi. Reanimatsion chora-tadbirlar qo‘llandi. Afsuski, bolada biologik o‘lim holati sodir bo‘lgan.
Voqea sodir bo‘lgan paytda sinfxonada besh nafar o‘quvchi – Sh.A., O‘.Sh., B.A., A.U. va O.G‘. bo‘lgan. Direktor o‘rinbosari o‘sha zahotiyoq, o‘quvchilardan «janjallashmadinglarmi, oralaringda gaplaring qochmaganmidi?» – deb so‘ragan. Bolalar sinfxonaga yugurib kirishgani, D.M. esa yugurayotgan paytda oyog‘i toyib, orqa tomoni bilan yiqilib tushiboq, hushidan ketganini va ular qo‘rqib ketib, yordam so‘rab yugurib chiqishganini bildirishgan.
Maktab sinfxonasida videokuzatuv kamerasi bo‘lmagan. Bildirilishicha, kameralar faqat yotoqxonalarda bor. Sinfxonalarni kameralashtirish masalasi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, ammo, amalga oshmagan. Holat yuzasidan o‘tkazilgan jurnalistik surishtiruv davomida tomonlar turli xulosalarga tayanishayotgani ko‘zga tashlandi. Videokuzatuv kamerasi bo‘lganida, haqiqatga yetishish osonroq kechardi.

Sinfdoshlari: «D.M. yugurib, oyog‘i toyib ketdi...»

Maktab direktori: «Qulog‘idagi o‘simta miyaga qon urishga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin... Holat maktabdagi dars soatlarida emas, o‘quv markazi darslari vaqtida sodir bo‘lgan. Ular – javobgar...»

Direktor o‘rinbosari: «U o‘g‘limdek bo‘lib qolgan edi... ammo, bu bir baxtsiz hodisa...»

Ichki ishlari organlari mas’uli: «Unda tutqanoq kasalligi bor ekan. U sinfida ehtiyotsizlik tufayli yiqilgan va tomirning yorilishi oqibatida holat yuz bergan...»

Ota shok holatda Rossiyadan yetib kelgan: haqiqatni talab qilmoqda.

Ona esa: «Bolam sog‘lom va hech qanday tutqanoq kasalligi yo‘q», – deya fig‘oni falakda.
– Menga bu shum xabarni soat 15:06 lardan keyin aytishyapti, – deydi D.M.ning onasi Gulbahor Esonova. – Buni qanday tushunish mumkin?! Bolaginam yiqilib, hushidan ketganda, Rossiyaga ishlashga ketgan turmush o‘rtog‘im Munir Haydarovga ovozli xabar jo‘natishgan. Ammo, menga bildirishmagan. Bolamda hech qanday tutqanoq kasalligi yo‘q edi. To‘g‘ri, bundan uch yil ilgari, 2022-yilda qulog‘ida suyak yemirilishi kuzatilgani sabab uni Buxorodagi xususiy kasalxonalardan birida operatsiya qildirganmiz. Bolam sog‘lom va baquvvat edi. Men uning tug‘ilganidan to hozirgi kunga qadar bo‘lgan Tibbiyot daftarchasini taqdim etishim mumkin.
U hech qanday tibbiy xastaligi yo‘q bo‘lgan o‘g‘lining to‘satdan yiqilib, hushidan ketishi va vafot etishini tasodifiy, deb qabul qilolmayapti.

– Men tergov ishlariga shubha bilan qaramayman, – deydi jabrdiyda ona. – Ammo, nega menga darhol xabar berishmagan? Nega ota-onaning roziligisiz farzandimni morgga topshirishgan? Bolam bilan bolalar tortishgan, janjallashgandir, balki?! Balki, birovi itarib yuborgandir... Axir, bolam soppa-sog‘ edi... Bu ishning tubiga yetilishi kerak!
Jurnalistik surishtiruv davomida biz bilan suhbatda bo‘lgan maktab ma’muriyatining bir nechta vakillari tomonidan bolaning sog‘ligi bilan bog‘liq ichki holatlar muammoga sabab bo‘lishi mumkinligini tilga olishdi.

Qorako‘l Tibbiyot markazi boshlig‘i esa D.M.ning salomatligiga oid tug‘ilgan hozirgacha bo‘lgan ma’lumotlarni o‘zida jamlagan «Tibbiyot daftarchasi»da bolaning sog‘ligiga oid muammo yo‘qligini kuzatganini bildirmoqda.
Shubha va gumonlar asl haqiqatni ochishda aniqlik kasb eta olmaydi. Buxoro viloyati prokuraturasi axborot xizmati mas’uli Dilshod Safarovning ta’kidlashicha, holat yuzasidan hozirda Qorako‘l tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Voyaga yetmagan bolalarni esa so‘roq qilishda psixolog ishtirokida bo‘lish kerakligi sababli, hozircha to‘liq surishtiruv yakunlanmagan.
                                                                      ***
Qisqa umr, uzun armon. Bir bola vafot etdi. Musibat hammani esankiratib qo‘ydi.
Lekin, jamiyatning bu voqeadan olishi lozim bo‘lgan saboq oldinda. Bir maktab, bir tuman og‘riqli savollar oldida turibdi. Javob esa hanuz noaniq.
Bu fojia nazoratsizlikning og‘ir oqibatimi? Bu fojia oddiy bir yiqilish tufayli sodir bo‘ldimi? Yoki tagida boshqa, aniqlanmagan sabablar bormi? Agar sinfda ustoz bo‘lganida, vaziyatning oldini olish mumkin emasmidi? Bu ham javob talab qiluvchi savollardan. Zero, har bir bola o‘quv muassasasida o‘zini xavfsiz his qilishi shart! Balki xonada kuzatuv kamerasi bo‘lganida gumonlarga chek qo‘yilarmidi?

D.M. singari bolalarning hayotida ro‘y beradigan har qanday noxush hodisa, faqat ota-onani emas, balki, butun jamiyatni sergaklantirishi lozim.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring