Qozog‘istonda referendum. Mamlakatning Toshkentdagi elchixonasida ham ovoz berish tashkil etildi
Bugun, 5-iyun kuni Qozog‘istonda mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishga doir referendum bo‘lib o‘tmoqda. Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasida ham 267-sonli saylov uchastkasi tashkil etildi.
«18 yoshga to‘lgan, ovoz berishga haqli har bir Qozog‘iston fuqarosi referendumda qatnashish konstitutsiyaviy huquqiga ega hisoblanadi. Saylovchilar ro‘yxatida ism-familiyangizning bo‘lishi ushbu huquqdan foydalanish kafolatidir», – deyiladi elchixona xabarida.
Elchixonada tashkil qilingan 267-sonli uchastka saylovchilar ro‘yxatiga Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistonda doimiy yoki vaqtincha yashovchi fuqarolari kiritilgan. Ular bugun tonggi soat 7 dan kechki 20 ga qadar konstitutsiyaviy huquqidan foydalanishi mumkinligi xabar qilingan.
«Kazinform» axborot agentligi xabariga ko‘ra, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev referendumda ovoz berdi. OAV vakillari bilan uchrashgan Q.To‘qayev 5 iyun sanasini mamlakat uchun tarixiy kun deb atagan.
«Xalq taqdirulamal qaror qabul qilayotir. Majburlov haqida gap bo‘lishi mumkin emas», – degan u.
Avval xabar berganimizdek, referendum munosabati bilan mamlakat xalqiga murojaat yo‘llagan Q.To‘qayev konstitutsiyaviy o‘zgartishlar prezidentning imtiyoz va vakolatlarini oshirishga emas, balki hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va muvozanat tizimini mustahkamlash, barcha fuqarolarning manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilganini ta’kidlagan.
Referendum doirasida mamlakatda siyosiy monopoliyadan bosqichma-bosqich voz kechilishi, superprezidentlik boshqaruv shaklidan kuchli parlamentga asoslangan prezidentlik respublikasi tizimiga o‘tilishi, davlat rahbarining yaqin qarindoshlari siyosiy lavozimlarni egallashi man etilishi, ommaviy axborot vositalarining ayrim shaxslar buyurtmasiga ko‘ra ishlashiga yo‘l qo‘yilmasligi kabi salmoqli o‘zgarishlar va’da qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter