Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Quyi Chirchiqda advokatga pichoq bilan tajovuz qilindi

Quyi Chirchiqda advokatga pichoq bilan tajovuz qilindi

Foto:«Armenia News»

Quyi Chirchiq tumanidagi «Haqiqat izlab» advokatlik firmasi advokati Rustam Djumanovga o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan paytida pichoq bilan hamla qilinib, tan jarohat yetkazildi.

Bu haqda 12-mart kuni jabrlanuvchining hamkasbi Muhsin Markamalov O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasiga telegramma orqali ma’lum qilib, aybdorlarga nisbatan chora ko‘rilishida va advokatning himoyasi ta’minlanishida yordam so‘ragan.

Aytilishicha, hamla qilgan shaxs advokat muqaddam sudda himoya qilgan fuqaroning «raqibi» bo‘lgan ekan. Ya’nikim, advokat avvalroq katta qiymatli mol-mulk nizosi bilan bog‘liq fuqarolik ishida da’vogar tomonning manfaatini himoya qilib, sudda yutib chiqqan.

«Rustam aka, yoshi anchagina katta bo‘lsa ham, o‘zini qattiq himoya qilib, hayotiy muhim a’zolariga tig‘ tegdirmagan. Hujumni qo‘llari bilan qaytargani uchun qo‘li va bilagida jarohat bor, shuningdek yuzi ham tilingan», — deydi Mirkamalov. Shuningdek, uning aytishicha, advokatning ahvoli hozir yaxshi, ertaga — 10 kunlik muolajadan so‘ng shifoxonadan javob berilishi kutilmoqda.

Advokat Djumanov va uning himoyachisi Mirkamalovlar prokuratura tomonidan bu ish «bosdi-bosdi» qilinishi mumkinligidan xavotirda. Chunki, ularning aytishlaricha, shu paytga qadar zarur protsessual tadbirlar bajarilmagan, jumladan, voqea joyi ko‘zdan kechirilmagan, daliliy ashyo bo‘lgan pichoq olib qo‘yilmagan, undagi qon dog‘lari ekspertiza qilinmagan va hokazo...

Oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay tergov organlari harakatga tushmagach, advokatlar Palataga murojaat qilishga qaror qilganlar. Ayni paytda Advokatlar palatasi va Palataning Toshkent viloyat boshqarmasi mutaxassislari tomonidan murojaat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring