Shikoyatlar ko‘paymoqda: Raqobat qo‘mitasi qurilish kompaniyalarini ogohlantirdi
Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda qurilish sohasidagi qonunbuzilishlar bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlar soni sezilarli darajada oshgan. Agar 2025-yil davomida mazkur yo‘nalishda 1 706 ta murojaat qayd etilgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi choragidayoq ularning soni qariyb mingtaga yetgan.
Qo‘mita bu holatni bir tomondan aholi va tadbirkorlarning davlat organiga bo‘lgan ishonchi ortib borayotgani bilan izohlamoqda. Shu bilan birga, ayrim qurilish kompaniyalari tomonidan qonunchilik talablariga to‘liq rioya etilmayotgani ham ta’kidlandi.
Murojaatlarda asosan qurilish ishlarining sifatsiz bajarilishi, shartnoma shartlariga amal qilinmasligi, uylarni belgilangan muddatda topshirmaslik, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirish hamda reklamada berilgan va’dalarning amalda bajarilmasligi kabi holatlar tilga olingan.
Raqobat qo‘mitasi ulush kiritish asosida yoki yangi qurilgan uy-joy sotib olishni rejalashtirayotgan fuqarolarni shartnomalarni diqqat bilan o‘rganishga chaqirdi.
Xususan, quruvchi va xaridorning huquq hamda majburiyatlari, qurilish va foydalanishga topshirish muddatlari, shuningdek, ushbu muddatlar buzilganda qo‘llanadigan javobgarlik choralari alohida tekshirilishi lozimligi qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, ko‘p kvartirali uylarni ulush asosida qurish uchun mablag‘ jalb qilish huquqi faqat yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va maxsus elektron ro‘yxatga kiritilgan quruvchi kompaniyalarga beriladi. Shuningdek, hisob-kitoblarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida to‘lovlarni eskrou hisobvarag‘i orqali amalga oshirish tavsiya etildi.
Qo‘mita quruvchi korxonalarga iste’molchilar huquqlarini cheklaydigan yoki qonunchilikka zid shartlarni shartnomalarga kiritish mumkin emasligini eslatdi. Bunday holatlarda yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar qoplanishi shart.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishi lozimligi ta’kidlandi. Quruvchilarga fuqarolar bilan shaffof shartnomalar tuzish, qurilish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda aniq muddatlarni belgilash hamda xaridorlar huquqlarini cheklamaslik bo‘yicha chaqiriq yo‘llandi. Qo‘mita qonunchilik talablari buzilgan taqdirda tegishli ta’sir choralari qo‘llanilishini ogohlantirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter