Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Respublika mahalla kengashi yosh qizlarni bo‘ralatib so‘kkan raisni «oqlash»ga urindi. Baliq boshidan...mi?

Respublika mahalla kengashi yosh qizlarni bo‘ralatib so‘kkan raisni «oqlash»ga urindi. Baliq boshidan...mi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada Muzrabot tumani «Fidokor» MFY raisi G‘.M. «Damas» rusumli avtomashinani to‘xtatib, unda ketayotgan bir necha nafar ayollarni majburan tushirib olib, ularni «paxtaga chiqmayotganlik»da ayblash asnosida uyatsiz so‘zlar bilan qattiq haqorat qiladi. Shuningdek, haydovchiga qo‘l ko‘tarib, uni ham bo‘ralatib so‘kadi.

Ushbu ishni prokuratura o‘rgana boshlagani «Xabar.uz»da ma’lum qilingandi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi ushbu xabarga rasmiy munosabat bildirdi.

Rasmiy munosabatda zo‘ravon raisni oqlashga urinish bo‘lgani yaqqol sezilib qolgan. Keling, avvaliga matn bilan to‘liq tanishamiz (imlo va stilistika o‘z holicha saqlab qolindi):

Surxondaryo viloyati mahallalar kengashi tomonidan mazkur holatni o‘rganish yuzasidan Ishchi guruh shakllantirildi.

Ishchi guruh tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani «Fidokor» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi «M.G‘.M.» hatti-harakatlari yuzasidan shu mahallada yashovchi bir guruh fuqarolar va Angor tumani «Navshahar» mahallasida yashovchi damas rusumli avtotransport xaydovchisi «G.B.» o‘rtasida sodir etilgan xolatlar yuzasidan quyidagilar aniqlandi.

«Paxta–2019» hosilini tezda terib olinishida Muzrabot tumani «Fidokor» mahallasida yashovchi ish bilan band bo‘lmagan aholi bilan mehnat shartnomasi asosida paxta otryadi tuzilgan bo‘lib, ushbu holatda ishtirok etgan fuqarolar ham shu otryad tarkibida bo‘lgan.

Tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq ushbu fuqarolar paxta hosilini yig‘ib olish mavsumi tugagunga qadar ishlashlariga kelishilgan bo‘lsa-da, hoxlagan vaqtlarida kunlik ishlashga ketib qolish xolatlari sodir etib kelingan. Haydovchi «G.B.» Muzrabot tumani «Fidokor» mahalla fuqarolar yig‘inidagi xotin-qizlarga telefon qilib, kunlik ishga olib ketishini va ko‘proq ish haqi berishini aytgan hamda 11 nafar xotin-qizlarni texnika qoidalariga va harakat xavfsizligiga rioya qilmasdan olib ketayotganida mahalla raisi «M.G‘.M.» tomonidan to‘xtatilgan.

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan haydovchi «G.B.»ga holat bo‘yicha izoh berishini talab etganida, haydovchi tomonidan – «Sen kimsan, menga buyruq beradigan YPX xodimimisan, bor qo‘lingdan kelganini qilgin» – deb haqoratli so‘zlar ishlatilgan. Natijada mahalla raisi «M.G‘.M.» haydovchi va avtomashina ichidagi o‘zi raislik qilib kelayotgan mahallaning 11 nafar xotin-qizlarni avtomobildan majburan tushirib olgan hamda shartnoma asosida paxta terimiga chiqishini tushuntirgan. Fuqarolar bu tushuntirishlarga e’tibor qilmasdan, «M.G‘.M.»ga nisbatan istehzoli kulib, kalaka qilgan.

Mahalla raisining tushuntirishicha haydovchi va xotin-qizlar tomonidan haqarotli so‘zlar ishlatilganidan «M.G‘.M.» ham jahl ustida qo‘pol so‘zlarni ishlatganligini bildirdi. 

Haydovchi «G.B.» o‘zi va xotin-qizlarning mahalla raisiga nisbatan qo‘pol so‘zlari va xatti-harakatlarini telefoniga yozib olmasdan, atayin «M.G‘.M.»ning so‘zlari se’mka qilganligi ma’lum bo‘ldi.

Hozirda holat bo‘yicha Muzrabot tuman prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotgan bo‘lib, aniqlik kiritilganidan so‘ng aslida voqea qanaqa bo‘lganligi oydinlashadi.

Rasmiy munosabat tugadi.

Bunday munosabatni o‘qib, nahotki «baliq boshidan» bo‘lsa, degan fikrga borasiz. Undagi imlo xatolari va mantiqsiz jihatlar o‘z yo‘liga. Ammo qanday qilib rasmiy tashkilot o‘zboshimcha, so‘kong‘ich va zo‘ravon raisning kurakda turmaydigan qiliqlarini bu tarzda «oqlab» berishi mumkin? O‘zi tarqalgan videoda xulosa chiqarishga yetarlicha holat namoyon bo‘lib ulgargandi. Hatto hokimlar o‘z xatolari uchun kechirim so‘rab turgan bir kunda, mahalla raisi va uni oqlovchi yuqori tashkiloti aybni yosh qizlarga-da ag‘darishdan toymayotgani juda xunuk va achinarli holat.

Birinchidan, kim huquq berganki, mahalla raisi shu mahalla ayollarini, hali turmushga chiqmagan qizlarini bo‘ralatib so‘kishga? Uyat, nomus, oriyat qani? Qonunlarimizga amal qani? Axir, biz ko‘chadagi qaysidir bezori emas, mahalla raisi haqida gapiryapmiz.

Ikkinchidan, kim huquq berganki, mahalla raisi yo‘lda tutib olgan haydovchini so‘kib, urishiga? U jinoyat qildimiki, bunday yo‘l tutadi? Hatto jinoyat qilganidayam, mahalla raisining o‘zicha «samosud» qilishiga, nima, Mahalla kengashi maxsus ruxsatnoma berib qo‘yganmi?

Uchinchidan, paxta terimiga shartnoma qilingani, boshqa ishni afzal bilib ketayotgan xotin-qizlarni kuch ishlatib, yana paxta terishga chiqarishga huquq asos beradimi? Majburiy mehnatning ko‘rinishi emasmi bu? Paxta terishni xohlamayotgan bo‘lishsa, shartnomani bekor qilish imkoni yo‘qmi?

To‘rtinchidan, paxta dalalariga odamlarni quvib chiqarish qachondan beri mahalla raislarining vazifasi bo‘lib qoldi? Yoki farqiga bormay qoldikmi: ular mahalla raisimi yoki «qamchisidan qon tomadigan» eski zamon kolxoz raisi?

Biror hududda qandaydir noxush holat bo‘lib qolsa, «mahalla qayoqqa qarayapti?» deb koyib ham qo‘yamiz o‘zimizcha. Bildik, qayoqqa qarashyotganini. Mahalla raislarining «ortiqcha boshog‘riqqa» vaqtlari yo‘q, ularga hozir paxta terimiga qizlarni so‘kib haydash topshirilgan. Shundaymi? Kengash bunga «dobro» (zo‘ravonlikka ham) berib qo‘ygan ko‘rinadiki, yo‘qsa, bunday «chiroyli» oqlab berishga guvoh bo‘lmasmidik... Qaysi zamonda, nechanchi asrda yashayapmiz hurmatli «mahalla»dagilar? Qachon o‘zgarasizlar?

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring