Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya Kiyevga eng kuchli hujumlardan birini amalga oshirdi

Rossiya Kiyevga eng kuchli hujumlardan birini amalga oshirdi

Rossiya qo‘shinlari 20-iyulga o‘tar kechasi Ukrainaga keng ko‘lamli raketa va dron hujumini amalga oshirdi. Ukraina Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, hujumda 41 ta raketa va 125 ta zarbador dron qo‘llanilgan bo‘lib, asosiy nishon Kiyev shahri bo‘lgan.

Ukraina tomonining bildirishicha, havo mudofaa tizimlari 18 ta raketa va 108 ta dronni yo‘q qilgan yoki harakatsizlantirgan. Hujum oqibatida Kiyevning bir nechta tumanida yong‘inlar yuz berib, turar joylar, ofis binolari va sanoat obyektlariga zarar yetgan. Qutqaruvchilar ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtda kamida bir kishi halok bo‘lgan.

Xarkov viloyatidagi hujumlarda ham,  mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, logistika terminaliga berilgan zarba oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohatlangan. Izyum shahrida esa turar joylar, bolalar bog‘chasi va elektr tarmoqlari shikastlangan.

Rossiya Mudofaa vazirligi hujumlar Ukraina Qurolli kuchlari bilan bog‘liq obyektlarga qaratilganini bildirdi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ushbu hujumni Kiyevga qarshi to‘liq masshtabli urush boshlanganidan beri amalga oshirilgan eng yirik ballistik hujumlardan biri deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bir hafta davomida Ukrainaga qarshi qariyb 1450 ta dron, 1640 dan ortiq boshqariladigan aviabomba va 99 ta raketa ishlatgan.

Shu bilan birga, Zelenskiy Ukraina ham Rossiya hududidagi harbiy infratuzilma va yoqilg‘i obyektlariga zarbalarni davom ettirayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Ukraina xavfsizlik xizmati Stavropol o‘lkasidagi bir nechta neft bazasiga, Qora dengizda esa Rossiyaning uchta tankeriga zarba bergan.

Ukraina tomoni Rossiya hujumlarini qaytarish uchun havo mudofaa tizimlari, ayniqsa Patriot majmualari uchun raketalar yetishmayotganini yana bir bor ta’kidladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring