Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya sobiq bosh vaziri Ukrainadan keyingi nishon kim bo‘lishini aytdi

Rossiya sobiq bosh vaziri Ukrainadan keyingi nishon kim bo‘lishini aytdi

Kasyanov o‘z davrida Putin komandasining ishonchli a’zolaridan bo‘lgan.

Foto: Kreml matbuot xizmati

Rossiya sobiq bosh vaziri Mixail Kasyanov Ukrainadagi urush ikki yilga qadar davom etishi mumkinligini aytdi. U Kiyev ma’muriyati mag‘lubiyatga uchragudek bo‘lsa, keyingi nishon Boltiqbo‘yi davlatlari bo‘lishini ham bashorat qildi.

Hozirda muxolifat tomonida bo‘lgan sobiq hukumat rahbari prezident Vladimir Putin hokimiyatini qonunsizlik va jazosizlik tizimini joriy etgani sabab tanqid qilgan. M.Kasyanovga ko‘ra, Kreml xo‘jayini ayni paytda siyosiy reallikdan uzilib qolgan. Shu vajdan aql bovar qilmas ishlarga qo‘l urmoqda.

Sobiq bosh vazir Rossiyaning urushdan keyingi taqdiriga to‘xtalib, tiklanish jarayoni ko‘p yillarga cho‘zilishidan xavotir bildirgan.

«Albatta, putinlashuv siyosatiga barham berish talab etiladi. Ushbu jarayonni amalga oshirish va sivilizatsiyalashgan dunyo, eng avvalo, bizning tabiiy hamkorlarimiz va qo‘shnilarimiz Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan ishonchga asoslangan robitalarni qayta yo‘lga qo‘yish uchun o‘n yil kerak bo‘ladi», – deydi siyosatchi.

M.Kasyanov 2000-2004 yillarda, V.Putinning birinchi muddat prezidentlik davrida hukumatni boshqargan. Bosh vazirlik vakolati oxirida prezident bilan munosabati yomonlashgan va iste’fodan keyin muxolifatga qo‘shilgan. Ayni vaqtda «Xalq erkinligi partiyasi» raisi sanalgan M.Kasyanov iyun oyi boshida tahdidlar sabab Rossiyani tark etgani xabar qilingan.

2017-yili Forbes nashri M.Kasyanovni zamonaviy Rossiya tarixidagi nufuzli bosh vazirlardan biri deb e’lon qilgan. Kreml esa muxolifat tomonga o‘tgan sobiq hukumat raisi faoliyatiga xayrixoh emasligi ma’lum.

Ukrainadan keyin Boltiqbo‘yiga hujum bo‘lishi borasidagi xavotirli fikrlar M.Kasyanovdan avval ham aytilgan edi.

Rus bosqinidan ikki marta (imperiya va SSSR davrida) jabr chekkan Estoniya, Latviya va Litva Ukraina urushi borasida Kremlga beayov bosim o‘tkazishni talab etayotgani sabablardan biri ham shu.

Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass avvalroq Rossiya nafaqat Ukraina, ayni choqda, Moldova va Gruziyaga ham harbiy hujum qilishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

«Agar Putin zafarga erishsa, Yevropa hamda butun dunyo boshiga dahshatli musibat yog‘iladi. U holda hech qachon tinch-osuda hayot kechira olmaymiz», – degan edi ingliz vaziri.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring