Rossiyalik deputat Markaziy Osiyo vakillarini urushga yuborishni taklif qildi
Rossiya Davlat dumasi deputati Mixail Matveyev Markaziy Osiyo vakillari Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyot»ga yuborilmayotganidan taajjub izhor qildi.
«Rossiyaga har yili O‘rta Osiyodan diviziya bo‘lib erkaklar keladi va Rossiya fuqaroligini oladi (birgina joriy yilning dastlabki choragida rossiyaliklar safiga 45 ming tojikistonlik qo‘shilgan). Lekin biz negadir ularni frontda ko‘rmayapmiz? Muammo nimada, nega ular safarbar etilmayapti? Qani tojik batalonlari?» – deb yozdi Mixail Matveyev Telegramdagi rasmiy sahifasida.
Deputat Markaziy Osiyo vakillari qo‘shfuqarolik tartibi sabab Rossiya armiyasiga jalb etilmayotgan bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.
«Frontga jo‘nash vaqti keldi, yigitlar! Qonunchilikni o‘rganib, tuzatishlar tayyorlamoqdaman. Agar hamma gap ikki fuqarolikda bo‘lsa, uni yo taqiqlash, yo qonunchilikka shu toifa shaxslarni safarbar qilishga imkon beruvchi tuzatish kiritish kerak. Rossiya fuqaroligi bergan huquqlar: bola puli, onalarga ko‘mak, imtiyoz va nafaqalar bor-u, majburiyatlar, xususan, harbiy xizmat yo‘q. G‘alati holat emasmi?» – deydi Davlat dumasi vakili.
Joriy yil yanvar oyida Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi boshlig‘i Aleksandr Bastrikin ham mamlakat fuqaroligini olgan Markaziy Osiyo va Kavkazorti o‘lkalari vakillarini urushga yuborish lozimligi haqida gapirgan edi.
Mulozim xorijliklar harbiy xizmatni chetlab o‘tgan holda Rossiya fuqaroligi imkoniyatlaridan foydalanayotganini da’vo qilgan.
«Oxirgi 5 yilda O‘rta Osiyo va Kavkazorti mamlakatlaridan kelgan bir milliondan ziyod shaxs, jumladan, Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan 550 ming kishi fuqarolik oldi. Xususan, 2022 yilning birinchi yarmida mazkur davlatlarning 60 mingdan ziyod voyaga yetgan fuqarosi Rossiya fuqaroligiga o‘tdi. (Fuqarolik) huquqlar berib qolmay, ayni choqda, qabul qiluvchi mamlakatni himoya qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy majburiyatlarni ham ko‘zda tutadi», – degan RF Tergov qo‘mitasi boshlig‘i.
So‘nggi vaqtlarda Rossiya fuqaroligini olmay, u yerda tirikchilik qilayotgan mehnat muhojirlarini ham turli yo‘llar bilan Ukraina urushiga yuborish holati ko‘payayotgani aytilmoqda.
Vashingtondagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) hisobotiga ko‘ra, Rossiya Ichki ishlar vazirligi mehnat muhojirlarini urushga yollash jarayonini osonlashtirishga qaratilgan qonun loyihasini taklif etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter