Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sarhisob: Markaziy Osiyoda yangi davr va bu Yaponiya uchun nimani anglatadi?

Sarhisob: Markaziy Osiyoda yangi davr va bu Yaponiya uchun nimani anglatadi?

foto: Xabar.uz

O‘zing yashayotgan yurt, vatan haqida xorij matbuotida maqola chop etilsa o‘zgacha faxr tuyasan. Bo‘lib hamki eng rivojlangan davlatlar qatoriga kiradigan Yaponiya iliq fikrlar bildirsa. Albatta, Yaponiya matbuotida O‘zbekiston alohida e’tirof etilishi bejiz emas. Yil boshidan beri biz Yaponiya bilan O‘zbekistonning o‘rtasida juda ko‘p hamkorliklarga guvoh bo‘ldik.

The Japan News – Yaponiyadagi eng nufuzli ingliz tilidagi nashrlardan biri bo‘lib, Yomiuri Shimbun media guruhi tarkibiga kiradi. Asosiy auditoriyasi diplomatlar, siyosatchilar, investorlar va akademik doiralar bo‘lgan ushbu yetakchi nashrda «O‘zbekiston chorrahada: Qanday qilib Toshkent Markaziy Osiyoda yangi davrni shakllantirmoqda va bu Yaponiya uchun nimani anglatadi?» sarlavhali maqola chop etilgan. Unda O‘zbekistonning bugungi roli va kelajagi Yaponiya nigohida chuqur tahlil qilingan. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda mintaqani birlashtirayotgan lokomotiv davlat sifatida namoyon bo‘layotgani, mintaqa yetakchilarining muntazam uchrashuvlari, chegaraviy kelishuvlar, infratuzilma va savdo integratsiyasi maqolada yaxshi ochib berilgan. Anglashiladiki, Yaponiya O‘zbekistonni nafaqat ishonchli strategik hamkor, balki butun Markaziy Osiyoga chiqish uchun muhim darvoza sifatida ko‘radi.

Bu O‘zbekiston haqidagi ilk maqola emas. Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya joriy yil 26-27 avgust kunlari mamlakatimizga tashrifi chog‘ida «Dunyo» axborot agentligida chop etilgan maqolasida shunday ta’kidlaydi: «Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ayirboshlash tarixi ming yildan ko‘p davrga borib taqaladi. Ipak yo‘li orqali mamlakatimizga turli madaniyat va texnologiyalar kirib keldi va Yaponiya tarixi, jamiyatiga katta ta’sir ko‘rsatdi. O‘zbekiston va Yaponiyani bir necha ming kilometr quruqlik va dengiz ajratib turganiga qaramay, o‘tgan yillar davomida xalqlarimiz madaniy va etnik yaqinlik tuyg‘usini saqlab, mustahkamlab kelmoqda. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, 1992-yilda Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Yaponiya o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston taraqqiyotini izchil qo‘llab-quvvatlab keladi va doimo uning ishonchli hamkori hamda do‘sti bo‘lib kelayotir».
Davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik faqat imzolangan bitimlar yoki rasmiy tashriflar bilan cheklanib qolmaydi. Bu munosabatlarning eng mustahkam poydevori – kadrlar, ya’ni ikki mamlakatni, ikki tizimni, ikki tafakkurni bog‘lay oladigan bilimli va malakali insonlardir. Shu ma’noda Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikda kadrlar tayyorlash masalasi alohida ahamiyat kasb etib kelmoqda.

Kadrlarni qo‘llash uchun stipendiya

Ana shu maqsadda «Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish» dasturi doirasida rasmiy Tokio yigirmaga yaqin davlat xizmatchisining Yaponiya universitetlarida tahsili uchun grant ajratishni rejalashtirgan.

Qayd etish joizki, hozirga qadar 430 dan ziyod o‘zbekistonlik davlat xizmatchisi Kunchiqar o‘lkada bilim va malaka oshirdi. Jumladan, Yaponiya hukumatining beg‘araz yordam dasturi doirasida 2024 yilda O‘zbekistonning 18 nafar yosh davlat xizmatchisi magistratura (2 yil) va 1 nafar yosh davlat xizmatchisi doktorantura (3 yil) bosqichida ta’lim olgan edi.
Imzolangan ikkinchi bitimga ko‘ra esa, Yaponiya BMTT dasturlari doirasida Surxondaryo viloyatida aholi zaif qatlamining kasbiy ta’limi uchun moliyaviy ko‘mak ajratadi.
O‘zbekistondagi 18 ta ta’lim muassasasida 4 ming nafarga yaqin yoshlar yapon tilini o‘rganayotgani esa hamkorlikni yanada mustahkamlanishiga ishora.
Shuningdek, o‘zbek talabalarining Moskvada bo‘lib o‘tgan xalqaro notiqlik san’ati hamda Markaziy Osiyo notiqlik san’ati tanlovlarida yuqori natijalar ko‘rsatganligi hatto yapon mutaxassislarini hayratlantirgani ham bor gap.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy almashuvni chuqurlashtirish maqsadida Tokio chet tillar universiteti xodimi, yurtimizda bir necha yil davomida faoliyat yuritgan Xidaka Sinsuke Yaponiyada o‘zbek tili bo‘yicha darslik nashr etgani esa nafaqat o‘zbekistonliklar yapon tilini balki, yaponlar o‘zbek tilini o‘rganishga bel bog‘laganidan darak. Mutaxassisning fikricha, o‘quvchilar darslikni puxta o‘rganganidan so‘ng O‘zbekistonga tarjimonsiz sayohat qilishi mumkin.

Darvoqe, shu o‘rinda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida turistik tashriflar oshayotganini ta’kidlab o‘tmasak bo‘lmas.
2025-yilning yanvar-noyabr oylarida jami 2,7 ming nafar O‘zbekiston fuqarolari turistik maqsadlarda Yaponiyaga safar qilgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,2 foizga oshgan.
Shuningdek, mazkur davrda O‘zbekistonga qariyb 30 ming nafar yaponiyaliklar turistik maqsadlarda tashrif buyurgan. Yaponiyalik turistlar soni avvalgi yilning mos davriga nisbatan 41,1 foizga ko‘paygan...

Yaponiya texnika ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi mamlakatlardan biri ekanligi hech kimga sir emas. Shu yilning aprel oyida Yaponiyaning «BHN Association» kompaniyasi «Yoshlar tashabbusi platformasi: akademik mukammallikni oshirish» nomli loyiha doirasida O‘zbekistonga 200 dona zamonaviy noutbuklarni taqdim etdi.
Loyiha nafaqat mamlakatlarimiz o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, balki O‘zbekistonda raqamli ta’lim infratuzilmasini rivojlantirishga hissa qo‘shishi shubhasiz.
– 2023-yilda men bu loyihaning menejeri sifatida ish boshlaganimda rostini aytsam, avvalroq O‘zbekiston haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas edim. Biroq, ushbu dasturni amalga oshirish jarayonida o‘zbekistonliklar bilan yaqindan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim va shu orqali menda O‘zbekistonga nisbatan katta qiziqish paydo bo‘ldi, –  deydi «BHN Association» ijrochi direktori Katakami Kanji aprel oyida o‘zbekistonliklar uchun 200 dona noutbuklarni taqdim etish asnosida. – Yaponiyaga stajirovka uchun keladigan o‘zbekistonlik mutaxassislar juda iqtidorli, bilimdon va shu bilan birga katta intilish va ishtiyoqqa ega. Ularning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqlari bizda katta taassurot qoldiradi.

Tibbiyotga beg‘araz yordam

Shu yilning boshida Toshkentda Yaponiya hukumatining «Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam» dasturi doirasida grant shartnomalarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Grant bitimlariga muvofiq, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga, Respublika perinatal markaziga, Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi, immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga zamonaviy tibbiyot uskunalari taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ham Yaponiya hukumati bilan sog‘liqni saqlashga doir loyiha bo‘yicha 150 million dollarlik kredit shartnomasi imzolanganini tasdiqlagan. 
Noyabr oyida esa Toshkentda Yaponiya hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan 859 million iyena (taxminan 5,6 million AQSh dollari) miqdoridagi «Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish dasturi» beg‘araz yordami doirasida almashinuv notasi imzolandi.
Yaponiya elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu dastur doirasida Toshkent va O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi jami 17 ta davlat shifoxonalari Yaponiyada ishlab chiqarilgan mammografiya skrining uskunalari bilan jihozlanadi, butun mamlakat bo‘ylab mammografiya skriningi xizmatlari kengaytiriladi. Ushbu loyiha ko‘krak bezi saratonini erta tashxislashni osonlashtirishi va zamonaviy yapon texnologiyalarini joriy etish orqali sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlashi kutilmoqda.

«Markaziy Osiyo + Yaponiya»: yangi bosqich

Shu tariqa, yil oxirida O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo davlatlarining Yaponiya bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. 19-20 dekabr kunlari Tokio shahrida «C5+1» formatida o‘tkazilgan sammit mintaqa davlatlari va Yaponiya o‘rtasidagi siyosiy muloqotning mustahkamlanib borayotganini, tomonlarning qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro tartibni qo‘llab-quvvatlash borasidagi umumiy qarashlari yana bir bor tasdiqlanganini ko‘rsatdi. Yil yakunida o‘tgan ushbu sammit hamkorlikni izchil va tizimli ravishda rivojlantirishga bo‘lgan qat’iy irodani namoyon etdi.
Hozirga qadar «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining tashqi ishlar vazirlari darajasida to‘qqizta uchrashuvi o‘tkazilgan.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham ijobiy sur’at kuzatilmoqda: oxirgi sakkiz yilda tovar ayirboshlash 2 baravar, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalarining soni esa 10 karra oshdi, amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati esa 20 milliard dollardan oshdi.
Energetika, sog‘liqni saqlash, geologiya, axborot texnologiyalari, infratuzilma va boshqa ustuvor sohalarda mustahkam kooperatsiya o‘rnatildi.

Uchrashuvda Prezidentimiz mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tarkan, so‘nggi 8 yil ichida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2 baravarga oshganini 2030 yilga qadar mamlakatni o‘rta darajadan yuqori daromadli davlatlar qatoriga kiritish vazifasi qo‘yilganini alohida qayd etdi.
Sammit doirasida axborot texnologiyalarini rivojlantirish, jumladan, sun’iy intellekt va raqamlashtirish dasturlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yana bir muhim yo‘nalish – Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ko‘magida, ya’ni Yaponiya modeli va standartlari asosida maxsus iqtisodiy zona barpo etish loyihasi ishlab chiqilayotgani bo‘lib, mazkur tashabbus investitsiyalarni jalb etish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Prezidentimiz o‘z nutqida keyingi yillarda bank bilan hamkorlikdagi ijobiy sur’at mamnuniyat bilan qayd etib o‘tdi. Loyihalarning umumiy portfeli 5 milliard dollardan oshgan hamda neft-kimyo, energetika, telekommunikatsiyalar, infratuzilma, yengil sanoat va boshqa sohalarni qamrab olgan.
– Ishonchim komil, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan yangi marralarga erishamiz. Donishmand yapon xalqi aytganidek, agar kuchlar birlashtirilsa, tog‘larni ham o‘z o‘rnidan siljitish mumkin, – dedi yurtboshimiz. – Darvoqe, bugun raqamli transformatsiya iqtisodiy o‘sish va barqarorlikning hal qiluvchi omiliga aylanib borayotgan ekan, «Markaziy Osiyo – Yaponiya» raqamli xabi – raqamli yechimlar, sun’iy intellekt, «buyumlar interneti», kiberxavfsizlik va innovatsion iqtisodiyot sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlik platformasini yaratish muhim.
Sammit doirasida biror soha chetdan qolgani yo‘q. Yaponiya o‘zining tezyurar poyezdlari va avtomobil yo‘llari bilan ham dunyoni hayratga sola olgan mamlakat. Shu bois transport yo‘laklarini raqamlashtirish, aeroportlar va logistika markazlarini qurish loyihalariga Yaponiya investitsiyalari, texnologiyalari va ekspertlari ko‘magini jalb etish maqsadga muvofiq.
«Yashil» energetika sohasidagi hamkorlik doirasida kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish, yo‘qotishlarni qisqartirish, zararli gazlarni ushlab qolish bo‘yicha birgalikda loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi. Toshkentda Qayta tiklanadigan energetika sohasida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha mintaqaviy markazni tashkil etish taklifi ilgari surilgani esa yurtimizdagi ekologiya va energetika bilan bog‘liq muammolarga yechim bo‘lishi shubhasiz.
Shu bois Prezidentimiz tomonidan Yaponiyaning seysmik xavfsizlik sohasidagi ulkan tajribasini hisobga olib, mintaqada seysmik barqarorlikni baholash va oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishga tushirish, Toshkent shahrida Yaponiya standartlari va protokollari bo‘yicha muhandislar, arxitektorlar, qutqaruv xizmatlarini tayyorlash uchun Mintaqaviy malaka oshirish markazini ochish taklif qilindi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, yakuniga yetayotgan yil oxirida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berdi.

Dunyodagi eng ilg‘or texnologiya va investitsiya markazlaridan biri bilan 12 milliard dollarlik loyihalar portfelining imzolanishi shunchaki raqam emas – bu O‘zbekistonning ochiq, ishonchli va uzoq muddatli sherik sifatida qabul qilinayotganining belgisidir. Navbatdagi uchrashuvni O‘zbekistonda o‘tkazishga bildirilgan tashabbus esa mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi va qiziqish markaziga aylanayotganini ko‘rsatadi. Demak, oldinda O‘zbekiston haqida yanada keng qamrovli, ta’sirli va jahon jamoatchiligi diqqatini tortgan maqolalar, tahlillar va baholar paydo bo‘ladi.

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring