Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhratbek Samo: Tomoshabin haqiqiy hayotiy film kutmoqda!

Shuhratbek Samo: Tomoshabin haqiqiy hayotiy film kutmoqda!

foto: Xabar.uz

Shuhratbek Samoni ijtimoiy tarmoq Facebook orqali taniyman. Sahifasida mashhur insonlar, kinofilmlar, bolalik nostalgiyasi haqida fikrlar va suratlar bilan tanishtirib boradi. Tanidingizmi, esladingizmi... ha aksariyat hollarda postlari shunday boshlanadi.

Shuhratbek Hojiyev Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh oblasti Aravon qishlog‘ida tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining o‘zbek va qozoq filologiyasi fakultetida tahsil olgan va  maktablarda o‘zbek tili va adabiyotidan dars bergan, oliy toifali o‘qituvchi. 1987 yildan esa Aravon tumanida o‘zbek tilida gazeta nashr etila boshlagach, faoliyatini gazetada davom ettirdi muxbir, maxsus muxbir, fotomuxbir, mas’ul kotib, ayni paytda esa bosh muharrir. Hamkasbimiz biz bilan kino muxlis, tomoshabin, jurnalist sifatida film va seriallar xususida o‘z fikrlarini o‘rtoqlashdi.

– Insonning o‘z ustida ishlashida, rivojlanishida kino san’atining  o‘rni qay darajada?  

Kino shaxs o‘zini va boshqalarni o‘rganishi, voqealardagi xatolardan saboq, yutuqlardan ibrat olishida katta ahamiyatga ega. Faqat tomoshabin kinodan to‘g‘ri xulosa chiqarishi kerak. Afsuski, fikrimcha hozir insonni mushohada qilishga, ibratli xulosa chiqarishga undovchi milliy filmlar deyarli yo‘q. Borlari ham ko‘pchilikka manzur emas. Sababi, aksariyat tomoshabinlarning didi yengil-yelpi, oldi-ochdi, «xontaxta» filmlarga moslashib bo‘ldi.

– Ko‘pincha sahifangizda «esladingizmi, tanidingizmi», degan mazmundagi mavzular – eski kinolar va aktyorlarni eslaysiz. Avval yaratilgan o‘zbek kinolari va ular hozirgi asarlardan qanday farq qiladi?

Sobiq Ittifoq davrida «O‘zbekfilm» mamlakatning yetakchi kinostudiyalaridan edi. Shuningdek, o‘zbek kinoaktyorlari ham tom ma’noda san’at darg‘alari, ustalari edi. Baxtga qarshi hozir o‘sha davrda yaratilgan aksar filmlar namoyish etilmagani bois, aktyorlarni bugungi o‘rta va kichik avlod mutlaqo tanimaydi. Katta avlod vakillari ham filmning nomini, syujetini bilgani bilan, ko‘pchiligi ismi sharifini bilmaydi, ma’lumotga ega emas. Men «Esladingizmi, tanidingizmi?» ruknida ularni yodga olaman. Muxlislar esa ularni esga oladi, bilgan ma’lumotlarini o‘rtaga tashlaydi. Bu bilan postlarni o‘qiganlar nimanidir xotirlaydi, o‘rganadi. Qoldirilgan izohlardan, shaxsiyga yozilgan fikrlardan bu rukn do‘stlarimga manzur bo‘layotganidan xursandman.

Eski filmlarda syujet, ijro, aktyorlar ansambli, dialoglar, matn,  tasvir…xullas filmdagi insoniy tuyg‘ular, hissiyotlar, chiqariladigan xulosalar hamma-hammasi tomoshabinlarni zeriktirmasdi. Shu sabab ularni qayta-qayta ko‘rsangiz ham me’daga urmasdi. 

Hozirgi deyarli 90 foiz filmlarda dialoglar poyma-poy, aktyorlar rolga tushmagan, ssenariy bachkana yoki saviyasi past. Bir marta ko‘rsa ko‘riladi, bo‘lmasa yo‘q.

Ya’ni avval yaratilgan filmlarda rejissura kuchli bo‘lgan. Ssenariy puxta yozilgan, g‘alizliklar deyarli yo‘q. Bosh rollardan tortib, epizodik rollargacha aktyorlar mos tushgan. Shu bois epizodik rol ijrochilari ham tomoshabin yodidan chiqmaydi.  Filmlarda ijodiy muhitga talab va e’tibor kuchli bo‘lgan deb ayta olaman. Masalan SSSR xalq artisti Lutfixonim Sarimsoqovani olaylik. «Sen yetim emassan» filmidagi Fotima opa bilan «Farzandlar» filmidagi telba ayol obrazini ko‘ring. Yoki «Mahallada duv-duv gap» filmidagi Mehri xola bilan «Paranji sirlari» film-spektaklidagi Mastura satangni bitta aktrisa ijro etganiga ishonish qiyin. Bittasi yetimlarning boshini silagan mehribon ona roli bo‘lsa, ikkinchisida turmush mashaqqatlari tufayli aqldan ozgan ayolni ko‘ramiz. Mehri xola timsolidagi hammamizga tanish mehrli, ayni qahrli, farzandi kamoli uchun kuyib-yongan o‘zbek ayolini ko‘rib quvonamiz, arazlarini ham to‘g‘ri qabul qilamiz. Shu aktrisa qahri qattiq, inson taqdirini pista po‘chog‘ichalik ko‘rmaydigan, odamiylikdan boylikni, pulni ustun ko‘radigan Mastura satang rolini ijro etganiga ishonolmaysiz. Bu aktrisaning obrazga kirishi, kasbiga mas’uliyati yuksakligi, fidoyiligidan darak.

Yaqinda o‘zbek seriallarini tanqid qilgan postlaringiz ko‘paydi...

Hozir telekanallarda deyarli har kuni yangi seriallar, telenovellalar namoyish qilinyapti. Avval ishlangan videofilmlar, milliy seriallarning hozirgilari bilan yer va osmonchalik farqi bor. «Qismat», «Ulug‘bek xazinasi», «Bobur» videofilmlari, «Qaytar dunyo», «Tutash taqdirlar», «Opa-singillar» kabi seriallar puxta ishlangan. Shu sababdan ham tomoshabin ularni juda yaxshi eslaydi.

Keyingi paytda yaratilayotgan seriallarning aksariyatida syujet sifati ham talab darajasida emas. Davlat buyurtmasi asosida ishlanayotgan seriallarni  qisman, ha qisman saviyali deyish mumkin. Ammo xususiy telekanallarda yaratilayotganlari haqida bunday fikr bildirolmayman. Yana bir afsuslanarlisi butun boshli 40, 50, 100 qismli seriallar ssenariy yozilmasdan bir-ikki haftada, nari borsa bir oyda suratga olinayotgani menimcha, mutaxassilarni ham tashvishga solmay qo‘ydi.

Aktyorlarning improvizatsiya orqali rol ijro etishlari natijasida aytilayotgan gap-so‘zlar tomoshabinlarning e’tiroziga, tanqidiga, eng achinarlisi kulgisiga sabab bo‘lyapti, aksar seriallardagi aktyorlar, aktrisalar deyarli professional emas. Ijro ham shunga yarasha. Aktrisa yig‘laydi, ko‘zida tomchi yosh yo‘q, quvonch va baxtiyorlikdan porlab turadi. Atrofimiz faqat maishiy buzuq, yengiltak ayollarga to‘lib ketganmi, aksariyat rollardagi ayollar birovning erini yo‘ldan urgan, erini bir tiyinga olmaydigan, sal narsaga 102 qiladigan kelinlar seriallar va novellalarning bosh qahramonlariga aylanib qolmoqda. Bu nima degani? Hayotimizda shunaqa insonlar ko‘pmi? Yoki tomoshabinlar sonini ko‘paytirib, reytingni oshirish uchun bunaqa tomoshalar yaratilyaptimi? Ochig‘ini aytish kerak, hayotimizda uchrayotgan noxush holatlarning yuzaga kelishiga ko‘p hollarda seriallar sabab.

«Yoqmasa ko‘rma! Televizorni o‘chir!» deydigan «aqlli»lar ko‘p. To‘g‘ri, men yoki siz ko‘rmasligimiz, televizorni o‘chirishimiz mumkin. Yoki biz ko‘rsak ham to‘g‘ri xulosa chiqaradigan yoshdamiz. Lekin tomoshabin faqat biz emasmiz-da. Qancha yoshlar bularni tomosha qilyapti! Hammasi ham to‘g‘ri xulosa chiqaryapti deb bo‘lmaydi.

Yana bir og‘riqli muammo. Barcha telekanallarda adabiy til qoidalariga rioya qilinmaydi. Yoki ular adabiy til sifatida Toshkent shevasini tasavvur qilishadimi? Hamma ko‘rsatuvlar Toshkent shevasida olib boriladi. Hatto viloyatdan kelganlar ham o‘xshasa-o‘xshamasa «votti»lashadi. Yana bir kulgili tomoni, oiladagi ona «votti»lasa, farzandlarining biri «opti»laydi, boshqasi «yapti»laydi. Shunaqasi ham bo‘ladimi?

Yana bir achinarli ko‘rinish: qamoqdagi, ochlikdan, muhtojlikdan qiynalgan, kasalxonada oylab o‘lim to‘shagida yotgan ayollarning tirnoqlari o‘stirilgan, bo‘yalgan, qosh-ko‘zi, yuzi makiyaj qilingan. Nima o‘lim to‘shagida yotgan ayolning ko‘ngliga yasanish sig‘adimi?

Siz aytayotgan o‘sha tanqidiy postlarim, fikrlarim kimgadir yetib borsa, o‘qisa va yo «to‘g‘ri» yoki «noto‘g‘ri»,  «loaqal bilmagan narsaga aralashma!» deb javob qaytarsa edi...

– Kinolarimizning aksariyatida yuqorida aytganingizdek, qaynona-kelin ya’ni maishiy muammolar ko‘tarilishini nima bilan izohlaysiz?

– Telekanallardagi tarbiyaviy-maishiy mazudagi har xil ko‘rsatuvlarda namoyish qilinayotgan telenovellar, seriallarning nomlariga e’tibor qarating-a, men ayrimlarini sanab o‘taman:

«Iqror» ruknidagi ko‘rsatuvlar: «Yangi kelin kelganda...», «Kelinning maoshi kimniki?», «Telba kelin», «Instagramchi kelin», «Kelinimning bolasi bor ekan», «Gumondor kelin»...

Taqdirlar ruknidagi ko‘rsatuvlar: «Shaharlik kelinimning qiliqlaridan dod», «Dugonasini kuydirib xor bo‘lgan kelin», «Chimildiqdagi kelin nolasi», «Farzandlarini enagaga berib, mehr bermagan kelin», «Kelinim tungi klubda»...

«Tugun» ruknidagi ko‘rsatuvlar: «Nogiron erini tashlab chet elga ketgan kelin», «Boylikka uchib fotihasini buzgan kelin», «Boylik sabab oilasidan ayrilgan shifokor kelin»...

«Otalar so‘zi-aqlning ko‘zi» ruknidagi ko‘rsatuvlar: «Erini kredit olishga majburlagan kelin», «Oqibatsiz kelinlar», «Dangasa kelinning hiylasi»

«Hikmatli dunyo» va «Odamlar orasida» ruknidagi ko‘rsatuvlar:«Shaharlik kelin», «Benomus kelin», «Kelinchak», «Baqiroq kelinlar», «Dangasa kelinlar»...

Kino va seriallar: «Pahmoq kelin», «Vaysaqi kelin», «Modnitsa» kelin», «Jangchi kelinlar»...

Xuddi jamiyatimizda kelinlardan boshqa tashvish va muammo qolmagandek. Tarbiyaviy-ma’rifiy ko‘rsatuvlarning kelinlar mavzusi tomoshabinlarga qay darajada tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatayotganining o‘zi yanayam qiziq.  

Savolingizga kelsak, bir tomondan kanal ijodkorlarining bu pozitsiyasi  to‘g‘riday – tinch, g‘alvasiz mavzu.

Kinoijodkorlar qaynona (rolga tayyor aktrisalar yomoniga Saida Rametova, sal ezilganiga Ra’no Yarashevalar bor, kastingning keragi yo‘q), kelinlar (har qanaqasini yosh aktrisalar qoyillatadi), qaynotalar (har qanaqa xarakterdagi qaynotani qoyillatib yuboradigan aktyorlar ko‘p), kuyovlar... mavzusini shundoqqina yoritsa tinchroq bo‘ladi.

Bechoralar boshqa mavzuga qo‘l ursa, negativlar shunaqa ko‘p yog‘iladi. Birpasda hamma san’atshunos, kinotanqidchi, tarixchiga aylanadi. Urush yoki bosmachilar mavzusi yozilsa, ba’zi tarixchilar qayerdandir eshitgan, ha o‘qigan emas, eshitgan safsatasini aytib, ssenarist va rejissyorni xalq dushmaniga chiqaradi. Shu sababdan ham bizda faqat komediya, maishiy mavzulardagi filmlar («Mahallada duv-duv gap», «Suyunchi», «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Chimildiq», «To‘ylar muborak» kabilar) mashhur.

«101 reys» va «Qo‘qon shamoli» filmlari haqida ijobiy fikr bildirsam, darrov salbiy fikrlari bilan «tanqidchilar» yetib kelishdi. Tanqid asosli bo‘lsayu, xo‘p. Lekin odatdagidek «u unaqa, bu bunaqa» degandek oddiy gaplar.

Qani edi bizda ham «Soldat otasi», «Hur qizlar»dek filmlar ishlansa... Afsuski bugun biz o‘zbek teatr va kino san’atining darg‘alari, afsonalaridan foydalana olmayapmiz. Erkin Komilov, Yodgor Sa’diyev, Naima Po‘latova, Gulchehra Jamilova, Tesha Mo‘minov kabi aktyorlarimiz ham hatto maishiy mavzular bilan cheklanib qolyapti.

Bir kuchli rejissyor chiqsayu, O‘tkir Hoshimovning «Ikki eshik orasi» asarini ekranlashtirsa... Orif oqsoqol obrazini Erkin Komilov, Umar Zakunchi rolini Hamid Toshpo‘latov ijro etsa deb orzu qilaman.

Shular qatorida oz bo‘lsa-da ijtimoiy yoki tarixiy mavzudagi filmlarimizdan muvaffaqiyatlilarini ko‘rasizmi? Agar bor bo‘lsa, ular nima uchun yaxshi qabul qilingan va shu muvaffaqiyat sabablari nimada deb hisoblaysiz?

Kino yoki seriallarimizni butunlay qoralash fikridan yiroqman. Yuqorida aytganimdek, keyingi yillarda yaratilgan «101 reys», «Qo‘qon shamoli», «Ilxaq», «Sudya» kabi filmlarni ko‘pchilikka yoqqan, muvaffaqiyatli chiqqan filmlar deb hisoblayman. Buning sababi, aktyorlar ansambli, rol ijrochilari to‘g‘ri tanlangan. Ular o‘zlariga berilgan obrazlarni ishonarli, to‘laqonli yaratib berishgan.

Negadir bizda rejissyorlar izlanishni, rolga mos tushadigan aktyorlarni qidirishni xohlashmaydi. Qaynona roliga tayyor 3-4ta aktrisalar bor. Ular ham boshini qotirib o‘tirmaydi. Shartta ko‘ylak, ro‘molini almashtirib bir paytda bir nechta serialda, novellada o‘ynab tashlayveradi. Shang‘illasa, yig‘lamsirasa, baqirsa bo‘ldi rol tayyor. Bitta aktrisani bir vaqtning o‘zida bir nechta tomoshada ko‘rgan tomoshabinlar serial nomlarni, boshqa ijrochilarni ham adashtirib yuboradi. Shunaqa mushtumzo‘r, shilqim, yengiltabiat, suyuqoyoq shaxslar roliga ham navbatchi san’atkorlar tayyor.

Xullas, yengiltaklik, jazosiz qolayotgan odam savdosi, jinoyatchilik, giyohvandlikni namoyish qiladigan saviyasiz seriallar yaratish borasida turk va Lotin Amerikasi, Italiya ijodkorlarini ham ortda qoldirdik.

Bugun talab shu, tarixiy yoki dramatik seriallar, voqealarni tomoshabin ko‘rmaydi deyish noto‘g‘ri. Tomoshabin bachkana vayn, tik-tok, prank, seriallardan zerikdi. Ular jiddiylikni xohlashadi. Bunga seriallar, postlarga qoldirilgan izohlarni o‘qib, amin bo‘lmoqdaman.

Endigi maqsad ezgulikka chorlash, yaxshilikni, mehr-oqibatni targ‘ib qilish bo‘lish kerak. Olinayotgan film va seriallar hayotiy bo‘lsin!

Suhbatni Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring