Sirdaryoda mashina olib qochgan va qotillikka uringan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Sirdaryoda 18 yoshli ikki yigitning mashina olib qochgani va IIB xodimini pichoqlaganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 25,97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 267 (Transport vositasini olib qochish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Gap shundaki, joriy yilning 2-avgust kuni 18 yoshli ikki nafar yigit o‘zlari Samarqand shahridan yo‘lovchi sifatida mingan Cobalt mashinasini Sirdaryo viloyati hududida haydovchi hojatxonaga kirganidan foydalanib, olib qochgani va to‘sib ushlash rejasi bo‘yicha harakat qilib, ularni to‘xtatishga uringan Bo‘ka tumani IIB xodimini pichoqlagani va uning Matiz mashinasini haydab ketishgani haqida xabar tarqalgan edi.
Jumladan, Kun.uz manbasi ikki nafar gumonlanuvchi –Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida yashovchi F.Sh. hamda F.X. (ikkisi ham 2007-yilda tug‘ilgan)lar xodimning Matiz mashinasida Toshkent viloyati Ohangaron tumanida harakatlanib ketayotganida ularga YPX inspektori X.D. to‘xtash ishorasini bergani, biroq ular inspektorning bu talabiga ham bo‘ysunmay, uni mashinada urib yuborib, yo‘lda davom etishganini aytadi. Inspektor esa oyog‘idan jarohatlanib, shifoxonaga murojaat qilgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida gumonlanuvchi shaxslar Ohangaron shahri hududida ushlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter