Sirdaryoda YTH sodir etgan fuqarodan pora olgan inspektor qamaldi
YPX xodimi YTH sodir etgan haydovchidan tekshiruv materiallarini uning foydasiga hal qilishni va sud tibbiy ekspertizasini yengillashtirishni va’da qilib, evaziga 400 dollar talab qilgan.
Sirdaryoda YHXX katta inspektori YTH sodir etgan shaxsdan pora olganlikda ayblanib qamaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, u voqea sodir bo‘lgan kuni YTH yuz bergan joyni ko‘zdan kechirib, yo‘lovchilardan birining tan jarohati og‘irlik darajasini aniqlash uchun tibbiyot ekspertizasini tayinlagan. Haydovchining boshqaruvidagi mashinani esa shu kuniyoq jarima maydonchasiga joylashtirgan. Oradan 4-5 kun o‘tgach, haydovchini o‘z xizmat xonasiga chaqirgan.
So‘ng u YTH sodir etilgani bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv materiallarini haydovchining foydasiga hal qilgan holda sudga chiqarish, sud tibbiy ekspertizasini yengillashtirish hamda avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarib berishni va’da qilib, buning evaziga haydovchidan 400 AQSh dollari miqdoridagi pullarni talab qilgan.
Haydovchi xodimning bu taklifiga rozi bo‘lmasdan va o‘z vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.
Uning arizasiga asosan, o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida YHXX katta inspektori o‘z xizmat xonasida 200 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlangan.
Holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Guliston shahar sudida ko‘rib chiqildi.
Sud yakunida YHXX katta inspektori JKning 210-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 3 yil muddatga IIOda har qanday lavozimda ishlash huquqidan mahrum qilindi hamda unga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter