Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sog‘liqni saqlash vazirligi kaltaklangan shifokor masalasiga munosabat bildirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi kaltaklangan shifokor masalasiga munosabat bildirdi

Foto:«O‘zA»

2018-yilning 3-avgust kuni Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumani shifokor kaltaklangani natijasida xushini yo‘qotgani haqida xabarlar tarqatilgandi. O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi kaltaklangan shifokor masalasiga rasmiy munosabat bildirdi.

«Poloson qishlog‘ida yashovchi 1949-yilda tug‘ilgan Mirzajalil Hakimovning bexush yotganligi to‘g‘risida qarindoshlari tomonidan tuman markaziy tez tibbiy yordamiga murojaat kelib tushgan. 

Navbatchi vrach tez tibbiy yordami mashinasidan tushib bemorni ko‘rish uchun shoshib kirib ketayotgan paytida bemorning nabirasi shifokorni haqorat qilib, besabab do‘pposlagan. Vrach Sh. Sirojiddinov bosh va qulog‘i aralash bexosdan tushgan kuchli zarbadan og‘ir miya jarohati olishi hisobiga hushidan ketib yiqilgan. Shunday vaziyatda ham o‘z xizmat vazifasini unutmagan hamshira Umidaxon Husanova bemorni kirib ko‘rganda bemor allaqachon vafot etganligi, hatto bemorning qarindoshlariga xabar berilib ular yetib kelishganining shohidi bo‘lgan.

Vrach Shuhratbek Sirojiddinov ham birozdan so‘ng hushiga kelgach, o‘rnidan turib bemorni ko‘rgani kirganida 70 yoshga kirgan Mirzojalil Hakimovning bir necha daqiqa avval vafot etganligi, murda allaqachon sovib bo‘lganligi va hatto qarindoshlari murdaning iyagini xam bog‘lab qo‘yganligini ko‘rgan. Vrach Shuhratbek Sirojiddinov o‘rnidan turayotganda olgan og‘ir jarohati hisobiga yana hushidan ketib yiqiladi va tez tibbiy yordami mashinasida Oltiariq tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordami bo‘limiga «Og‘ir kalla miya jarohati, bosh miya chayqalishi, chap quloq suprasi atrofi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, chap quloq pardasining yirtilishi» tashxisi bilan og‘ir ahvolda yotqiziladi. 

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, shifokorlar tomonidan minglab xonadonlarga borib, beminnat ko‘rsatgan xizmatlari uchun xalqning hurmatini qozonib kelgan. Lekin ba’zi bir yuqoridagi kabi malakali shifokorlarning do‘pposlanishi va haqoratlanishi tibbiyot xodimlarining himoyasiz ekanligidan dalolat bermoqda. Bunday holatlar oxirgi paytlarda tez-tez uchrayotgani tajribali shifokorlarning birlamchi tizimdan ketib qolishlariga sabab bo‘lmoqda. Shu bois har bir tibbiyot xodimining haq-huquqlarini himoya qilish, munosib rag‘batlantirishni kuchaytirish borasida huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va joriy etish yuzasidan izchil sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rish uchun Farg‘ona viloyat huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilindi» deyiladi vazirlik xabarida.

Ma’lumot uchun, Sh. Sirojiddinov 2016-yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda «Tez tibbiy yordam stansiyasining eng malakali shifokori» nominatsiyasida 1-o‘ringa loyiq ko‘rilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring