Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

«Somon suvoq» bo‘layotgan muammolar

«Somon suvoq» bo‘layotgan muammolar

To‘g‘ri, u yer-bu yerda ozroq yangi yo‘llar ham qurildi. Ammo ular yetarli emas.

Foto: «Sputnik»

Muammo bormi, uning turli yechimlari ham bo‘ladi: oson yechim va qiyin yechim. Ko‘pincha biz yechimning osonini tanlab qo‘ya qolamiz.

Oxirgi o‘n besh-yigirma yilda odamlarda avtomashina keskin ko‘paydi. Eslayman, bolalik paytimizda katta bir mahallamizda sakkiz-o‘ntacha odamda mashina bo‘lardi. Hozir esa deyarli har bir xonadonda bittadan mashina bor. Ayrimlarida esa ikki-uchtadan. Xo‘sh, yo‘llar-chi? Yo‘llarimiz ko‘payayaptimi? Yo‘q!  Kengaytirilayaptimi? Yo‘q!

To‘g‘ri, u yer-bu yerda ozroq yangi yo‘llar ham qurildi. Ammo ular yetarli emas. Ana shunday holatda yo‘llarimizda yo‘l-transport hodisasi ko‘paymoqdami, tirbandlik yuzaga kelmoqdami, demak, muammoni hal qilish kerak. Yo‘q, xomtama bo‘lmang. Yo‘llar kengaytirilmaydi. Shunchaki yo‘llarda harakatlanish tezligi cheklanadi, bo‘ldi. Muammo hal!

2017 yilda Toshkent viloyat IIB DYHXX boshqarmasi ana shunday yo‘l tutdi va Chinozdan Toshkent shahrigacha bo‘lgan 60 kilometrdan ortiqroq yo‘lda harakatlanish tezligini pasaytirib, YTHlarning oldini olmoqchi bo‘lishayapti. Agar ular shu ish bilan muammoning yechimini topdik deb o‘ylayotgan bo‘lsalar, adashishadi. Muammoning yechimi bitta. U ham bo‘lsa o‘sha hududdagi yo‘lni kengaytirish va yo‘laklar sonini ko‘paytirish. Ne ajabki, rahmatli Sharof Rashidov davrida qurilgan yo‘l bugungi kunda ham hech qanday o‘zgarishlarsiz xizmat qilmoqda.

Yoki esingizda bo‘lsa bundan ikki-uch yil oldin bizda benzinning narxi 2000 so‘m atrofida bo‘lib turganida viloyatlardagi AYoQShlarda umuman benzin yo‘q edi. Ammo ba’zi odamlar ko‘chada biroz qimmat narxda sotib o‘tirishar edi. Ana o‘shanda bu muammo yuzasidan kimlargadir yoki qayergadir shikoyat qilsangiz, o‘sha hududdagi AYoQShga benzin yetkazib berilardi deysizmi?! Tushingizni suvga aytibsiz. Muammoning osongina yechimi bor. O‘sha ko‘cha-ko‘yda benzin sotib o‘tirganlar quviladi yoki ularga benzin sottirilmaydi va siz endi o‘sha hududda umuman benzin topa olmaysiz. AYoQShlarga esa baribir benzin bormaydi. Qoyilmisiz?

Yana bir misol. Bir tuman markazida bozor atrofidagi ko‘chalar kecha-kunduz tiqilinch. Na o‘tib bo‘ladi, na qaytib. Bozorga keladigan, unda savdo qiladiganlar, kamiga kirakashlar ko‘chalarni egallab olgan, mashinalarini qo‘yishadi. O‘sha yo‘ldan o‘tib-qaytmoqchi bo‘lganlar esa yarim soat, bir soat tiqilinchda qolib ketib, oxiri hokimiyatga yoki DYHXX tuman bo‘limining boshlig‘iga shikoyat qilishadi. Ana shu shikoyatga muvofiq bir-ikki kun u yerga YPX xodimlari reyd o‘tkazish uchun kelishadi. Qo‘llariga kim tushsa hammasiga chora ko‘rishadi, jarima solishadi, ketishadi. Ertasi kundan boshlab esa ahvol yana o‘sha-o‘sha. Ammo hech kim «muammoning yechimi — bozor atrofida qanday qilib bo‘lsa ham avtoturargoh tashkil etish» demaydi. Avtoturargoh qurmaydi ham. To‘g‘ri-da, muammoning oson yechimi turganda boshlarini og‘ritib nima qiladilar?!

Esingizda bo‘lsa, yaqinda ommaviy axborot vositalarida «kelajakda Toshkent shahrida harakatlanish tezligi soatiga 50 km/soatgacha pasaytirilishi mumkin» degan xabarlar chiqdi. Ana, nihoyat yana bir muammoning yechimini topishdi. Yaponiyadagi, AQShdagi ko‘plab shaharlarni aytib o‘tirmay, 1990-yillarning boshigacha aholining turmush darajasi va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bizdan past bo‘lgan, ammo korrupsiyaga qarshi qattiq kurashgan va ko‘plab innovatsion g‘oyalarni hayotga taqdim etgan Xitoyning ko‘plab shaharlarida avtomobillar uchun bir-birining ustidan tushgan qavat-qavat osma yo‘llar va ko‘priklar qurildi, qurilayapti. Biz esa hanuz poytaxt chorrahalarida oddiy ko‘prik qurayapmiz va ko‘chalarimizda ko‘payib ketgan avtomobillarning tezligini cheklash payida bo‘layapmiz.

Men yuqorida bir nechta misol keltirdim. Istasangiz yana davom ettirishim mumkin. Bizda shu. Ko‘p holatlarda muammoning tub ildizi qidirilmaydi-da, unga osongina yechim topa qolishadi.

Xuddi shularga o‘xshab istalgan muammoni ayting, bizda uning «original» yechimi bor. O‘zingiz duch kelgan istalgan muammo yuzasidan tegishli tashkilotga shikoyat qiling, muammoning tub ildizi bilan hech kimning ishi yo‘q. Hamma o‘sha muammoni o‘rab, chirmab, ustidan somon suvoq qilib qo‘yish bilan band.

P.S. To‘g‘ri, ba’zi muammolar tubdan hal qilinayotgan holatlar ham bor. Ammo, tan olaylik, aksariyat muammolarimiz «somon suvoq» bilan yopilmoqda. Biroz o‘tib yoqqan yomg‘ir esa o‘sha «somon suvoq»ni ko‘chirib yuborayapti va muammolar aslida hal bo‘lmagani bilinib qolayapti.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring