Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Surxondaryoda chaqalog‘ini 5 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ona jazolandi

Surxondaryoda chaqalog‘ini 5 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ona jazolandi

Foto: «1ul.ru»

Butun dunyoni tebratguvchi katta yurak sohibalari, sabr-matonat, mehr-muhabbat timsoli bo‘lmish onalarni ta’riflash uchun qalam ojiz, so‘zlar esa cheksizlik qiladi. O‘z bolasini, etining bir parchasi bo‘lmish go‘dagini sotishga uringan onalar-chi, ularning qilmishini oqlab bo‘ladimi?

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida o‘z bolasini besh million so‘mga sotgan ona tezkor IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Dilafruz (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘zaro kelishmovchiliklar sabab, eri bilan ajrashib, alohida yashay boshladi. Bir necha bor ota-onasi kelib, birgalikda yashash masalasini muhokama qilganida, Dilafruz ularning taklifini keskin rad etdi.

Yolg‘iz boshi bilan to‘g‘ri yo‘lda yurmaganligi uchun qo‘shmachilik sodir etganlikda ayblanib 2017-yilda sudlandi.

Endi u o‘ziga anchadan beri «xalaqit» qila boshlagan chaqaloq qizidan qutulish payida yurardi. Biroq rejasini qanday qilib amalga oshirishni bilmay boshi qotardi. Shu bois bu masalada o‘zi bilan pinhona uchrashib yurgan Tohir ismli tanishidan yordam so‘radi. «Maslahat oshi»ni pishirish uchun yolg‘iz yashab kelayotgan Tohirning uyiga serqatnov bo‘lib qoldi.

Mahalla posboni bir necha bor Dilafruzdan uzoq yurishi, uning  axloqsizligi obro‘sini tushirishi mumkinligi haqida bir necha bor ogohlantirishiga qaramay, Tohir Dilafruz bilan uchrashishda davom etdi. Mahalla posboni va qo‘shnilarga esa Dilafruzdan katta qarzim bor, shuni kam-kamdan olib ketyapti, deya bahonani to‘qidi.  

Xullas «sheriklar» birgalikda moddiy naf ko‘rish maqsadida, jinoiy til biriktirib, Dilafruzning 2017-yil 6-noyabrda tug‘ilgan qizi Munisani 5 000 000 so‘mga sotishni rejalashtirishdi. Rejaga asosan Tohir Boysun tumani, «Toqchi» mahallasida yashovchi Malikaga qo‘ng‘iroq qilib, unga «Bir tanishi qiz chaqaloq tuqqanligi, lekin unga bola kerak emasligi, shuning uchun chaqaloqni 5 000 000 so‘mga sotmoqchiligi, agar «mijoz» topib, sotib berishda yordam bersa, chaqaloq sotishidan tushgan puldan berishni taklif qildi. O‘z o‘rnida, Malika 2017-yil 23-noyabr kuni Tohirning jinoiy taklifi to‘g‘risida Surxondaryo viloyati IIB ga ariza bilan murojaat qilib, o‘z xohishi bilan jinoyat sodir qilmoqchi shaxslarni jinoyat ustida ushlab berishini ma’lum qildi.

2017-yil 24-noyabr kuni Tohir Termiz shahridagi restoranlarning birida o‘tirgan Malikaning oldiga Dilafruz bilan birga kirib bordi. Restorandagi alohida xonada o‘tirib, Malikadan chaqaloqni sotganligi evaziga 5 000 000 so‘m oldi. Dilafruz esa Malikaga chaqaloqni 5 000 000 so‘mga sotganligi to‘g‘risida tilxat yozib berib, tilxatga Tohir ham guvoh sifatida imzo qo‘ydi. Dilafruz Malikaga sotilayotgan qiziga tegishli barcha hujjatlarni taqdim qildi. Malika «Men chaqaloqni olib borib beray» deb chiqib ketgach, Tohir stol ustida turgan sariq rangli paket ichidagi pullarni chiqarib sanab ko‘rdi. Shu payt, oradan 2-3 daqiqa o‘tgach, Tohir va Dilafruzning oldiga Surxondaryo viloyati IIB xodimlari xolislar ishtirokida yetib kelishdi.

2017-yil 24-noyabr kuni soat 14:00 larda Surxondaryo viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida «chaqaloq sotib oluvchi mijoz» sifatida jalb qilingan Malikaga Tohir va Dilafruz voyaga yetmagan Munisani 5 000 000 so‘mga sotayotgan vaqtda, jinoyat ustida  qo‘lga olindi. 

Sudda Tohir o‘ziga nisbatan e’lon qilingan ayblovlarga to‘liq,  Dilafruz esa qisman iqrorlik bildirdi.  Tohir bergan o‘z ko‘rsatmasida 2017-yilning taxminan noyabr oyi o‘rtalarida Angor tumanidagi Perinatal markaziga borib, Dilafruzni tug‘ilgan qizi bilan birga chiqarib, uyiga jo‘natib yuborganligi, oradan taxminan bir necha kunlar o‘tganida Dilafruzning uyiga yana borganligi, oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lganligi uchun unga «bolani o‘ldirib qo‘yasan, iloji bo‘lsa, biror kishiga berib yubor» deya maslahat berganligini aytdi. Shuningdek, Dilafruz «Biror kishi bormi, bolani oladigan, 5 000 000 so‘mga sotaman» deganida, tanishi Malikaga  qo‘ng‘iroq qilib, undan «Chaqaloq sotib oladigan odam bor yo‘qligi» haqida so‘raganini, Malika «Chaqaloqni sotib oladigan odam topsam, o‘zim telefon qilaman» deganida, unga «Agar chaqaloqni sotib oladigan odam topsang, senga 500 000 so‘m, o‘zimga 1 500 000 so‘m olib qolib, qolganini chaqaloqning onasiga 3 000 000 so‘m qilib beramiz» deganini tan oldi.

Sudlanuvchi Tohir va Dilafruz O‘zbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, Tohirga jazo turi va miqdorini belgilashda uning aybiga iqrorligi, qaramog‘ida ikki nafar farzandi borligi va yashash joyidan ijobiy tavsiflanganligini jazoni yengillashtiruvchi, jinoyatni g‘araz va past niyatlarda sodir etganligini esa jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar deya e’tiborga olib, O‘zbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan JKning 57-moddasi qo‘llanib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Dilafruzga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda esa sud aybiga qisman iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, qaramog‘ida uch nafar farzandi borligi, oilaviy ahvoli va ayol kishi ekanligi, jazoni yengillashtiruvchi, ilgari ham qasddan jinoyat sodir etib, takroran qasddan yangi jinoyatni g‘araz va past niyatlarda sodir etganligi jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar deb e’tiborga olib, O‘zbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan JKning 57-moddasi qo‘llanib, muddati 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

B.Mamadaminov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qiziriq tuman sudi raisi,
M.Eshmirzayeva,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring