Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘qayev inauguratsiya ma’ruzasida Markaziy Osiyo bilan hamkorlikka alohida to‘xtaldi

To‘qayev inauguratsiya ma’ruzasida Markaziy Osiyo bilan hamkorlikka alohida to‘xtaldi

Foto: Akorda.kz

Bugun, 26-noyabr kuni Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston prezidenti sifatida qasamyod qildi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakat markaziy saylov komissiyasi raisi Nurlan Abdirov yangi prezidentga davlat rahbari guvohnomasini topshirdi.

Q.To‘qayev inauguratsiya marosimidagi ma’ruzasida mamlakat oldida turgan vazifalarga to‘xtalib, hududiy yaxlitlik va xalq birligini saqlash muhim ekanini ta’kidladi. Qonun ustuvor, inson huquqlari poydor bo‘lgan adolatli Qozog‘istonni barpo etish asosiy maqsad ekanini e’lon qildi.

«Umumxalq qo‘llovi bilan mamlakatni idora etish – yuksak sharaf va zalvorli mas’uliyatdir. Buni yetti yil ichida hozirgi va kelajak avlod oldidagi burchimni ado etish uchun bebaho imkoniyat deb qabul qilaman. Qozoqlarda «omonat» degan mo‘’tabar tushuncha bor. Xalq ishonchini ham men omonat deb bilaman. Uni ado etish – muqaddas burchim», – degan yangi saylangan prezident.

U, ayni choqda, har qanday lavozim foniy ekani, xalq esa boqiy ekanini ta’kidlagan.

Q.To‘qayev tashqi siyosat haqida gapirar ekan, Rossiya, Xitoy hamda qardosh Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik hamkorlikni rivojlantirish e’tibor markazida bo‘lishini qayd etgan.

Joriy yil 20-noyabr kuni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan prezident saylovida Q.To‘qayev 81,31 foiz ovoz yig‘ib g‘alaba qozondi.

Q.To‘qayev saylovda g‘alaba qozongani haqidagi Exit poll natijalari e’lon qilinganidan keyingi nutqida mamlakat iqtisodiyotida tub o‘zgarishlar bo‘lishini va’da qildi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Konstitutsiyasiga prezidentlik muddatini 7 yillik qilib belgilash, ayni choqda, bir kishi ikki marta mazkur lavozimga da’vogarlik qilolmasligiga oid tuzatishlar kiritilgan.

Joriy yil mart oyida esa Q.To‘qayev jiddiy siyosiy islohotlar dasturini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, siyosiy monopoliyadan bosqichma-bosqich voz kechish, super prezidentlik boshqaruv shaklidan kuchli parlamentga asoslangan prezidentlik respublikasi tizimiga o‘tish ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring