Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda ilk ayol vrach xotirasi abadiylashtirildi

Toshkentda ilk ayol vrach xotirasi abadiylashtirildi

12-noyabr kuni Toshkentda zamonaviy tibbiyot ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shgan Gulsum Asfandiyorovaga (1880–1937) atalgan xotira yodgorligi ochildi.

Umrini tibbiyotga bag‘ishlagan shifokorning qabri qayerda ekani ko‘p yillardan buyon noma’lum edi. 2021-yili ko‘ngillilar guruhi uning mangu qo‘nimgohi Toshkentdagi Botkin qabristonida ekanini aniqladi.

Qozog‘iston milliy tibbiyot universitetining sa’y-harakati bilan Gulsum Asfandiyorovaning qabri obod qilinib, xotira yodgorligi barpo etildi.

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov yodgorlik ochilish marosimida ushbu hodisa ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy, tarixiy aloqalarning mustahkamligi ramzi ekanini ta’kidladi.

«Gulsum Asfandiyorova nafaqat Qozog‘iston va O‘zbekistonda, balki butun mintaqada sog‘liqni saqlash sohasi ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan. Bu ayolning hayot yo‘li fidokorlik va insoniylik naqadar muhim ekani, bir insonning mehnati millionlab insonlar taqdirini o‘zgartirishi mumkinligini yana bir karra tasdiqlaydi», – dedi B.Atamqulov. 

Qozog‘iston milliy tibbiyot universiteti rektori Marat Shoranov ko‘p yillar mobaynida noma’lum bo‘lib kelgan qabrning topilishi va uning obod qilinishini «tarixiy adolatning tiklanishi» deb atadi.

«Gulsum va Sanjar Asfandiyorovlar kabi ulug‘ insonlarning xotirasini abadiylashtirish bizning burchimizdir. Biz avlodlar yodgorlik o‘rnatish bilan ularning tibbiyot ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasiga kamtarona minnatdorlik bildirmoqdamiz, xolos. Gulsum Asfandiyorova yashagan davrda ayollarning oliy ma’lumot olishi imkonsiz edi. Shunga qaramay, u olg‘a intildi. Uning yutuqlari Markaziy Osiyoning ko‘plab ayollarga ilhom va kuch bag‘ishladi», – dedi M.Shoranov.

Xotira tadbirlari doirasida Toshkentda G.Asfandiyorova faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjuman ham o‘tkazildi.

Gulsum Asfandiyorova 1880-yili Toshkentda tug‘ilgan. Uning onasi Abilayxonning avlodi bo‘lgan, otasi esa harbiy tarjimon sifatida faoliyat yuritgan.

Manbalarga ko‘ra, u Markaziy Osiyoda shifokorlik faoliyati bilan shug‘ullangan va bu bo‘yicha oliy o‘quv yurti diplomini olgan qozoq millatiga mansub ilk ayol sanaladi.

1908-yilda Sankt-Peterburgdagi ayollar tibbiyot institutini tamomlab Toshkentga qaytgan Gulsum Asfandiyorova bu yerda akusherlik va ginekologlik faoliyatini olib borgan. Ilk xususiy tug‘ruqxonani ochgan.

Akasi – olim, shifokor va davlat arbobi Sanjar Asfandiyorov bilan birgalikda Turkistonda sog‘liqni saqlash tizimi tamal toshini qo‘yishda jonbozlik ko‘rsatgan. Mahalliy aholi vakillari orasidan shifokorlar va hamshiralar yetishib chiqishida uning xizmati katta.

G.Asfandiyorova uzoq yillar Toshkent tibbiyot texnikumida ham dars bergan.

Stalin qatag‘oni davrida akasi otuvga hukm qilingach, Gulsum Asfandiyorovaning hayotida ham sinovli davr boshlangan. U qatag‘on siyosati avjiga chiqqan davrda Toshkentda vafot etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring