Toshkentda narkodo‘kon «omborchi»lari qo‘lga olindi
«Qoradori-2026» tezkor profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida Toshkent shahrida 3 kilogrammga yaqin giyohvandlik vositalari aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Tadbirlar IIV Tezkor qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan.
Yashnobod tumanida 2006 yilda tug‘ilgan fuqaroning yonidan va yashash xonadonidan gashish, elektron tarozi, izolentalar, zip-paketlar hamda magnitlar aniqlangan. Tezkor surishtiruvlar davomida u internetdagi narkodo‘konda «omborchi» sifatida faoliyat yuritgani va yashirin joylarga joylashtirib tarqatish uchun unga 200 gramm gashish berilgani aniqlangan.
Shundan so‘ng narkodo‘konning boshqa a’zolarini aniqlashga qaratilgan tezkor tadbirlar davom ettirilgan. Yashnobod tumanida 1990 yilda tug‘ilgan ayol giyohvandlik vositalarini yashirin joyga ko‘mayotgan vaqtda qo‘lga olingan. U mazkur jinoiy guruhda yirik «omborchi» sifatida faoliyat yuritgani aytilmoqda.
Uning yon-atrofi ko‘zdan kechirilganda, 146 ta izolentali o‘ramda jami 146 gramm mefedron va MDMA aniqlangan.
Shuningdek, uning ijaraga olgan dala hovlisidan 1 kilogramm 127 gramm mefedron, 700 gramm alfa-PVP, 427 gramm MDMA, 200 gramm kokain va 100 gramm gashish, shuningdek, 1000 ta zip-paket, uchta elektron tarozi va izolentalar topilgan. Xonadonida uning jinoiy sherigi bo‘lgan yana bir ayol ham qo‘lga olingan.
Uyushgan jinoiy guruhning qolgan a’zolarini qo‘lga olish maqsadida Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida tezkor tadbir davom ettirildi va hududning bir nechta lokatsiyalariga qo‘yilgan turli miqdordagi giyohvandlik vositalarini narkotik iste’molchilari olib ketayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jami 2 kilogramm 700 gramm giyohvandlik vositalarining aholi orasida tarqalishining oldi olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter