Toshkentda tajriba tariqasida «Ona uyi» ijtimoiy markazi ochiladi
Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya Milliy agentligi tashabbusi bilan Qozog‘istonning «Ana Yyі» jamoat fondi hamkorligida Toshkentda «Ona uyi» ijtimoiy markazi ochiladi. Bu borada har ikki tashkilot o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
Qayd etilishicha, hamkorlik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ijtimoiy va ikkilamchi yetimlikning oldini olishdagi tajriba va metodologik ko‘nikmalar almashishni nazarda tutadi.
Birinchi «Ona uyi» ijtimoiy markazi 8-10 nafar yosh bolali ayolni qabul qilishi mumkin. Ikkinchi bosqichda esa loyihani erishilgan natijalar asosida hamda O‘zbekistonning ma’lum bir mintaqasi ehtiyojlariga qarab mamlakat bo‘ylab kengaytirish belgilangan.
«Ona uyi» markazi qiyin ijtimoiy vaziyat va turli salbiy holatlarda onalarga bolalarini o‘zlari tarbiyalash imkoniyatini berish orqali yordam beradi. Bu yerda ularga ma’naviy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatiladi hamda ushbu yordam barcha zarur narsalar, xususan, uy-joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak, shuningdek, ayol va bola uchun tibbiy yordamni o‘z ichiga oladi.
Shu bilan birgalikda, ushbu loyiha doirasida markazda yashovchi onalarni kasbiy tayyorlash dasturi amalga oshiriladi. Kelgusida «Ona uyi» markazlarida tikuvchilik ustaxonalarini ochish, onalarga turli mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim berish rejalashtirilgan. Natijada, markazda bo‘lgan vaqt davomida ayollar ijtimoiylashishi, professional kasbga ega bo‘lishi hamda o‘zlari va farzandlarini ta’minlash maqsadida kelajak uchun mablag‘ topishlari mumkin bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter