Trampning salomatligi borasida noxush savollar paydo bo‘ldi
Bir necha kun avval AQSh prezidenti Donald Trampning tibbiy ko‘rigi va kognitiv testi natijalari e’lon qilinib, uning salomatligi a’lo darajada ekani aytilgan edi. Ammo amaliyotchi shifokorlar hisobot yuzasidan e’tirozli savollarni bermoqda.
Oq uy tomonidan 29-may kuni e’lon qilingan tibbiy hujjatga ko‘ra, Tramp Merilend shtatidagi Uolter Rid nomidagi Milliy harbiy-tibbiy markazda ko‘rikdan o‘tgan.
Doktor Shon Barbarella prezident Trampning «salomatligi a’lo darajada ekani, yurak, o‘pka, asab tizimi faoliyati yuqori ko‘rsatkichga egaligi hamda umumiy jismoniy holati coz ekani» ni ta’kidlagan.
Tramp kognitiv funksiyalarni baholash bo‘yicha 30 ballik Monreal tizimida 30 ball to‘plagan. Shunga ko‘ra, shifokor Tramp «oliy bosh qo‘mondon va davlat rahbari sifatida barcha vazifalarini bajarishga to‘liq qodir» deb xulosa bergan.
Ammo AQSh matbuoti, jumladan, Axios nashri xabar berishicha, ko‘plab amaliyotchi shifokorlar tibbiy xulosani «filtrlangan» deya tanqid qilgan.
Xususan, kardiolog va tomir jarrohlari doktor Shon Barbarellaning prezident yuragining holati borasidagi nekbin xulosasini tasdiqlovchi muhim ma’lumotlar yo‘qligini qayd etgan. Masalan, hujjatda kalsiy indeksi (yurak ishemik kasalligi xavf guruhlarini belgilovchi kuchli vosita) haqidagi ma’lumotlar, qon tomirlari kompyuter tomografiyasi natijalarining umumqabul qilingan CAD-RADS shkalasi bo‘yicha ko‘rsatkichlari keltirilmagan. Buning o‘rniga hujjatda arterial tiqilishlar yo‘qligi haqida o‘ta umumiy tarzda so‘z yuritilgan.
Oq uyning avvalgi tibbiy hisobotida Trampda venoz yetishmovchiligi tashxisi qayd etilgani ma’lum. Yangi hisobotda surunkali venoz yetishmovchiligi holatining yaxshilangani haqida so‘z yuritilgani holda, bunday ijobiy natijaga qanday erishilgani ochiqlanmagan. Shifokorlarga ko‘ra, ushbu kasallikning o‘z-o‘zidan yaxshilanib ketishi o‘ta kamyob hodisa hisoblanadi.
Bundan tashqari, shifokorlar qondagi xolesterin ko‘rsatkichlarining deyarli ideal darajada ekani ham o‘ta nodir holat ekaniga e’tibor qaratgan.
Forbes nashri yozishicha, Tramp aspirinni yurak-qon tomir kasalliklari va insult profilaktikasi uchun odatda tavsiya etiladigan kichik dozadan farqli ravishda katta dozada ichishi ham savol tug‘dirmoqda.
Ekspertlar, shuningdek, prezidentning qo‘llarida tez-tez ko‘karishlar paydo bo‘lishi bo‘yicha berilgan tushuntirish ishonarli emasligini ko‘rsatib o‘tgan. Trampning davolovchi shifokori bu shunchaki aspirin qabul qilish va tez-tez qo‘l berib ko‘rishish natijasi ekanini ma’lum qilgan.
Boshqa shifokorlar fikricha esa, agar oddiy qo‘l berib ko‘rishish ham ko‘zga tashlanadigan ko‘karishlarni keltirib chiqarsa, bu qon tomirlari devorlarining o‘ta yupqalashganidan yoki trombotsitlar darajasining xavfli ravishda pasayib ketganidan dalolat beradi. Bemorning yoshi hisobga olinsa, bu ichki qon ketishlar va hatto insult xavfi yuqori ekanini anglatishi mumkin.
Umr vafo qilsa, yana ikki haftadan keyin – 14-iyun kuni 80 yoshni qarshilaydigan Tramp so‘nggi vaqtlarda davlatlar nomlari, jug‘rofiy atamalar borasida bir necha bor xatolikka yo‘l qo‘ydi.
«Biz Kambodja va Armaniston o‘rtasidagi ziddiyatni to‘xtatdik. U endigina boshlangan va juda yomon ixtilof edi. Buni o‘ylab ko‘ringlar», – degan edi Tramp 2025-yil 20-sentyabr kuni Cornerstone instituti tashkil etgan tadbirdagi chiqishida.
2025-yil iyul oyida esa Liberiya prezidenti Jozef Boakayning inglizchada mukammal gapirishidan hayratga tushgan Tramp undan bunchalik chiroyli gapirishni qayerda o‘rganganini so‘ragan. Ya’ni AQSh yetakchisi Liberiyada davlat tili ingliz tili ekanini yo bilmagan, yoki unutgan.
Trampning bu kabi xatolari ortidan ijtimoiy tarmoqlarda uning aqliy salohiyati borasida savollar yangramoqda.
2025-yil avgust oyida ijtimoiy tarmoqlarda Tramp vafot etgani haqida mish-mish tarqalgan va keyinroq u rad etilgan edi.
Joriy yil boshida esa Yevropa Ittifoqi siyosatchilari Trampning salomatligi hamda prezident sifatida mas’uliyatni nechog‘li his etayotgani masalasini faol muhokama qilgan, Qo‘shma Shtatlar yetakchisining ahvoli xavotirli deb baholangan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter